Tug‘ruqxona xodimi pora bilan qo‘lga tushdi

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda tibbiyot xodimi pora bilan ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Marg‘ilon shahar tug‘ruq kompleksi xodimlar noziri vazifasida ishlovchi N.Sh. reanimatsiya bo‘limi hamshirasi U. Z.ning ish stavkasini 0,25 dan 0,75 stavkaga oshirishni kompleks rahbari orqali hal qilib berishni va’da qilgan. U o‘z xizmat xonasida kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Marg‘ilon shahar tug‘ruq kompleksining xodimlar noziri N.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168–moddasi 3–qismi “v” bandi hamda 28, 211–moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.