Tuman va shaharlar hokimlaridan iborat delegatsiya Germaniyada tajriba oshirmoqda

O‘zbekistonning bir qator tuman va shahar hokimlaridan iborat delegatsiya Germaniyaning Bavariya federal yerida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.

Ushbu dastur O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Xanns Zaydel jamg‘armasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Maqsad – Germaniyada davlat fuqarolik xizmati, jumladan, mahalliy boshqaruv tizimi bilan tanishish, investitsiyalarni jalb qilish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, kommunikatsiya va qurilish sohalarida o‘zaro tajriba almashish.

Safarning ilk kunida delegatsiya a’zolari Xanns Zaydel jamg‘armasi bosh kotibi janob Oliver Yorg, Myunxen tumani hokimi janob Kristofer Gobel va Yuqori Bavariya Savdo-sanoat palatasi Xalqaro, sanoat va innovatsiya masalalar bo‘limining Markaziy Osiyo bo‘yicha mas’ul xodimi doktor Yutta Albrext bilan uchrashdilar.

Malaka va tajriba almashishga qaratilgan safar 7 iyul kuniga qadar davom etadi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.