Hududlar demokratik boshqaruv prinsipiga o‘tadi, kelgusida ijro hokimiyatiga boshqa, vakillik organiga boshqa rahbar bo‘ladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalidagi yangiliklardan shunday xulosaga kelish mumkin.

Zotan, muhokama uchun joylashtirilgan hujjatda hokimlarni lavozimiga tayinlash va nomzodini ilgari surishni demokratik tamoyillar asosida amalga oshirish taklif qilinmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Mahalliy vakillik organlari to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi 7 bob, 58 moddadan iborat.

Qonun loyihasida mahalliy vakillik organi faoliyatining iqtisodiy asosi, uning strukturasi, faoliyatining tashkiliy asoslari, xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari, xalq deputatlari Kengashining faoliyatida qonuniylikning kafolatlari, Kengash nazoratini amalga oshirishga oid qoidalar aks ettirilgan.

Hokimlar ham saylanadi
Loyihaga ko‘ra, qonunda hokimlarning bir vaqtning o‘zida mahalliy ijroiya va vakillik organiga rahbarlik qilish vakolati bekor qilinib, faqat ijroiya organi rahbari bo‘lishiga oid qoidalar belgilanmoqda.

Unga ko‘ra:
– hokimlikka nomzodlar xalq deputatlari Kengashlariga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan siyosiy partiya a’zolari orasidan taklif etilishi;
– nomzod aholini qiynayotgan ustuvor muammolarni hal etishga hamda cheklangan resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘z dasturini taqdim etishi;

– nomzod xalq deputatlari Kengashlari deputatlari umumiy sonining kamida 2/3 qismidan iborat ko‘pchiligi yoqlab ovoz berganda ma’qullangan hisoblanishi;
– ma’qullangan viloyatlar va Toshkent shahar hokimligiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 10 kun muddat ichida ko‘rib chiqilishi va lavozimga tayinlanishi;
– ma’qullangan tuman va shahar hokimligiga nomzod viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan 10 kun muddat ichida ko‘rib chiqilishi hamda lavozimga tayinlanishi taklif etilyapti.

Kengashda ijroga «odam» qo‘yolmagan partiyalar kurashadi
Qonun loyihasida xalq deputatlari Kengashlari raisi va uning o‘rinbosarini saylash tartiblari ham belgilanmoqda.
Jumladan, raislikka nomzodlar xalq deputatlari Kengashiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiyadan bo‘lmagan har bir siyosiy partiya deputatlari orasidan bittadan taqdim etilishi ko‘zda tutilyapti.
Loyiha ma’qullansa, raisning o‘rinbosariga nomzodlar xalq deputatlari Kengashida deputatlik o‘rinlarini olgan barcha siyosiy partiyaning a’zolari bo‘lgan deputatlari orasidan taqdim etiladi.
Shuningdek, qonun loyihasida:

- rais va uning o‘rinbosari yashirin ovoz berish va deputatlar umumiy sonining yarmidan ko‘p ovozini olish orqali saylanishi;
- birinchi ovoz berishda nomzodlar saylanmagan taqdirda, takroriy ovoz berish tartibi belgilanmoqda.
Mahalliy vakillik organlari rahbari va mansabdor shaxslari davlat organlarida hamda boshqa tashkilotlarda haq to‘lanadigan lavozimni egallashlari mumkin emasligi qayd etilmoqda.

Kengashlar faoliyati jonlanadi(mi?)

Qonun loyihasida xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda ishlovchi deputatlar korpusidan iborat qo‘mitalar tashkil etilishi taklif etilmoqda.

Bunda xalq deputatlari Kengashlarining qo‘mitalari sessiya muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda qarab chiqish va tayyorlash, Kengash qarorlarini va O‘zbekiston qonunchilik hujjatlarini ro‘yobga chiqarish uchun ko‘maklashish maqsadida Kengash vakolati muddatiga doimiy asosda ishlovchi 1 nafardan deputatlar rahbarlik qiladigan tarzda tuzilishi mumkin.
Har bir xalq deputatlari Kengashlarida kamida 5 tadan qo‘mita tashkil etilishi taklif qilinmoqda.
Kengash raisi va uning o‘rinbosari Kengashning qo‘mitalari tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi muhokamasi 2023 yil 11 yanvarga qadar davom etadi.

Yo.Marqayev tayyorladi.