Hokimlarning kadastr organlari ishiga aralashishi taqiqlanadi
"O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.
2022 yil 20 oktyabrda qabul qilingan mazkur qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan:
- Kadastr agentligining hududiy tuzilmalari faoliyatini tashkil etish Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
- hududiy boshqarma va bo‘limlar faoliyatini moliyalashtirish respublika byudjetidan amalga oshiriladi;
- hududiy bo‘limlar, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallarining faoliyatiga hokimlar tomonidan aralashish yoki ta’sir o‘tkazish qat’iy taqiqlanadi.
2023 yil 1 iyulgacha Kadastr agentligi organlariga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni “E-ma’muriy ish” tizimi orqali elektron ko‘rib chiqish imkoni yaratiladi.
Yangi o‘zlashtirilgan yerlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi xulosasiga muvofiq viloyat hokimlari qaroriga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiritiladi.
Shuningdek, qaror bilan 2023–2026 yillarda Kadastr agentligi faoliyatining asosiy prognoz ko‘rsatkichlari va uning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, agentlik 25 169 gektar yer uchastkalarini o‘lchab, ularning elektron xaritalarini yaratadi.