Hokimlarga ishonchsizlik votumini bildirish institutini tashkil etish taklif qilindi
Joriy yil 1 avgustga qadar «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamalarida yurtdoshlarimizdan 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan.
Adliya vazirligi ta’kidlashicha, takliflar orasida mahalliy Kengashlarga ham hokimlarga ishonchsizlik votumini bildirish vakolatini berish haqidagi taklif dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari, ya’ni hokimlarga nisbatan u yoki bu vakillik organi yoki tashkilot tomonidan ishonchsizlik votumini bildirish bo‘yicha normalar o‘rnatilmagan.
Olingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2019-2021 yillarda jami 28 253 ta hujjatlari, shundan prokuratura, adliya va boshqa organlar ta’sir choralariga asosan 14 492 ta qaror va farmoyishlar bekor qilingan va 8 725 tasi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan, 5 036 tasi sud organlari tomonidan haqiqiy emas, deb topilgan.
Mahalliy vakillik organlari vakolatlarini kuchaytirish, ularni tom ma’noda xalq vakillari sifatida ijro organlari faoliyatiga huquqiy baho berilishi huquqiy asoslarini yaratish maqsadida hokimlarga va kengashga hisobot beruvchi shaxslarga ishonchsizlik votumini bildirish yuzasidan amaldagi qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etildi.