Turdimov Samarqanddagi davlat idoralari va ma’muriy xizmatlar Gulobod qo‘rg‘oniga qachon ko‘chirilishi haqida ma’lum qildi

Viloyat hokimi murojaatnomada aholini uy-joy bilan ta’minlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

"Joriy yilda viloyat bo‘yicha "Qishloqqurilish", "Shaharqurilish" va xususiy qurilish tashkilotlari tomonidan 167 ta 8 ming 557 xonadonli ko‘p qavatli kvartiralar qurilib, foydalanishga topshirildi, - dedi E.Turdimov. - Shuningdek, joriy yilda chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 99 nafar bola uy-joy bilan ta’minlandi.

2022 yilda ham viloyatning shahar va tumanlarida subsidiya asosida 4 ming 500 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi mo‘ljallangan.

Yaqin ikki yil ichida “Renovatsiya” dasturi asosida Samarqand shahrining Temir yo‘l orti hududida 100 mingdan ortiq aholi uchun ko‘p qavatli zamonaviy uylar hamda Shirin massivida 90 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yangi shaharcha barpo etilishi bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Samarqand shahrini yashash uchun qulay va jozibador “millionli yashil shahar”ga aylantirish uchun Samarqand, Past Darg‘om, Oqdaryo va Toyloq tumanlari hududidan 18 ming gektar maydonlar shahar tarkibiga qo‘shilmoqda".

Shuningdek, hokim Samarqand shahridagi davlat idoralari va ma’muriy xizmatlarni tarixiy markazdan yangi hudud - Gulobod qo‘rg‘oniga ko‘chirilishi haqida to‘xtalib, kelgusi yildan ayrim tashkilotlar ko‘chirilib boshlanishini ma’lum qildi.