Turizm uchun og‘ir yil
Koronavirus pandemiyasi sababli 2020 yil dunyo xalqlari uchun og‘ir, sinovli yil bo‘ldi. Davlatlar chegaralarining yopilishi, iqtisodiy qiyinchiliklar har bir mamlakatning asosan o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, vaziyatni barqaror ushlab turishini, birinchi navbatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashini taqozo etdi. Bunday paytda odamlar ko‘ngliga sayyor-u sayohat sig‘madi, istaganlarida ham bunga imkoniyat bo‘lmadi. Tabiiyki, bu dunyo turizm industriyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bizda-chi? Endi-endi yetakchi tarmoqqa aylanishga intilayotgan sayyohlik sohasida 2020 yil natijalari, xulosa va saboqlar nimalardan iborat bo‘ldi? Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Dilshod Narziqulov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
Pandemiyaning salbiy ta’siridan eng ko‘p zarar ko‘rgan soha
– Yakuniga yetayotgan yil barcha sohalar uchun og‘ir bo‘ldi, lekin buning ta’siri bizga ko‘proq sezildi, – deydi D.Narziqulov. – 2020 yil davomida Samarqandga 700 mingdan ortiq xorijiy va 2,5 million mahalliy sayyoh kelishi kutilgan edi. Afsuski, bu raqamlar raqamligicha qoldi. Turistlar soni va ularga ko‘rsatiladigan turistik xizmatlar eksporti keskin kamaydi. Agar 2019 yilning to‘qqiz oyida viloyatimizga 281 ming 200 nafar xorijiy, 1 million 281 ming nafar mahalliy sayyoh kelgan bo‘lsa, bu yil chet elliklar 49 ming 500 nafarni, mahalliy turistlar esa qariyb 474 ming nafarni tashkil etdi.
Viloyatdagi 307 ta joylashtirish vositalarida 120 ming nafar xorijiy sayyohlarga joylar band qilingan edi. Sayohatlar bekor qilinishi oqibatida joylashtirish vositalari 95 milliard 300 million so‘mlik tushumlardan mahrum bo‘ldi. Eng yomoni, turizm yo‘nalishidagi 331 ta korxona faoliyati to‘xtatilib, 4530 kishi vaqtincha ishsiz qoldi.
– Lekin mana shunday sharoitda davlatimiz tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari, yirik va kichik korxonalarga bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi. Bundan turizm sohasi vakillari ham bebahra qolmagandir...
– Albatta, berilgan imtiyoz va yengilliklar bizning soha vakillari uchun ham katta madad bo‘ldi. Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan turistik xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar joriy yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etildi, ularga ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirildi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2020 yil 28 maydagi PF-6002-sonli farmoni, PQ-4755-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 avgustdagi 433-son qaroriga asosan mehmonxona va turoperatorlik tashkilotlariga, gidlar, hunarmandlar, ovqatlanish shoxobchalariga 12 turdagi imtiyoz, grant, subsidiya va ssudalar ajratilmoqda. Misol uchun, joylashtirish vositalariga har bir yotoq o‘rni uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida va turoperatorlar uchun 2019 yildagi o‘rtacha oylik ish haqi fondining uch baravaridan oshmaydigan miqdorda bir martalik, 12 oy muddatga faqat tashkilotning bevosita shtatlar jadvaliga kiritilgan xodimlarning ish haqini to‘lash uchun ssuda beriladi. Bugungi kunda qadar viloyatimizdagi 200 ta tadbirkorlik sub’yekti bu imtiyozdan foydalanib 5 milliard 899 million so‘m miqdorida ssuda olish istagini bildirdi. Hozircha 24 tadbirkorlik sub’yektiga 1,3 milliard so‘m miqdoridagi ssuda ajratildi. Qolgan 27 tadbirkorlik sub’yektining murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes g‘oyalarni, shu jumladan axborot dasturlari va xizmatlarini qisman subsidiyalash uchun 208 million so‘mlik 7 ta loyiha hujjatlari topshirilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlarining xarajatlari, oldin olgan kreditlarini qoplash uchun 41 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan
71 milliard 514 million so‘m miqdoridagi kreditlarni qisman subsidiyalashga talab mavjudligi aniqlandi.
Bugungi kunda viloyatimizda mavjud 750 dan ortiq turizm tadbirkorlik sub’yektining 50 foizdan ko‘prog‘i davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlardan foydalandi.
Karantinda ham ish davom etdi, yangi loyihalar ishga tushdi
– Yaqinda Samarqandda bir qator yangi turistik ob’yektlar foydalanishga topshirildi. Demak, pandemiya sharoitda ham belgilangan loyihalar amalga oshirilmoqda...
– Ha, tadbirkorlarimiz karantin paytida ham bekor o‘tirmadi. Belgilangan qoidalariga amal qilgan holda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib bordi. Buning natijasida yilning o‘tgan davrida 43 ta turistik loyiha ishga tushirildi. Ya’ni, 754 o‘rinli 15 ta mehmonxona, 274 o‘rinli 28 ta oilaviy mehmon uylari foydalanishga topshirildi. 15 ta turoperatorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi 13 ta zamonaviy mikroavtobus xarid qilindi. 3 ta turistik ob’yektga olib boruvchi yo‘llarda ta’mirlash va qayta qurish ishlari olib borildi. Sayyohlar uchun shahar tashqarisida 22 ta yangi turistik marshrutlar tashkil etildi.
Samarqandda turizm sohasida bajarilgan eng muhim ishlardan biri - bu Samarqand tumanidagi “Konigil” mahalla fuqarolar yig‘inida yurtimizdagi birinchi “Turizm qishlog‘i”ning tashkil etilgani bo‘ldi. Mazkur qishloqda Siyob arig‘i bo‘ylab 38 ta yangi turistik ob’yekt, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va joylashtirish vositalari tashkil etildi. Bu sayyohlarning viloyatda qolish kunlarini uzaytirish bilan bir qatorda, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholining qo‘shimcha daromad olishini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi. Chunki, mazkur loyihani amalga oshirishga mahalla aholisining barcha qatlami jalb qilindi. Ular o‘z xonadonlarida turistik xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. E’tiborlisi, bu – loyihaning birinchi bosqichi. Ikkinchi bosqichda Siyob va Obi Rahmat arig‘i bo‘yida yana 2 kilometr masofada shunday turistik maskan barpo etiladi.
Shu tumandagi “Yangi joy” mahalla fuqarolar yig‘inida ko‘plab dam olish maskanlari va dam olish uylari tashkil etildi. Jumladan, “Anisabonu” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 10 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, “Oqbo‘yra garden” dam olish maskani faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun mo‘ljallangan maskanda 20 ta yozgi va 20 ta qishki dam olish uylari, ko‘ngilochar joylar, umumiy ovqatlanish nuqtalari foydalanishga topshirildi. Ot va eshaklarda toqqa sayr qilish, kvadrotsikllar ijarasi tashkil etildi.
Samarqand shahridagi Orzu Mahmudov ko‘chasining gastronomik turizm ko‘chasiga aylangani ham bu yilgi pandemiya sharoitida bajarilgan loyihalardan. Bir kilometrga yaqin masofadagi ushbu ko‘chada joylashgan 30 ga yaqin kafe va restoranlarda har bir kishi dunyoning turli mamlakatlarida tayyorlanadigan eng mazali, milliy taomlardan bahramand bo‘lishi mumkin. Yo‘l bo‘ylab ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari o‘rin olgan.
Yangi yildan umid katta
– Turizm uchun og‘ir bo‘lgan yil yakuniga yetmoqda. Bugun dunyoning turli mamlakatlarida koronavirus qarshi vaksinalar sinovdan o‘tkazilib, ommaviy emlash boshlanyapti. Ko‘ngillarda umid uchqunlarini porlayapti, 2021 yilda pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar kamayar, turizm uchun yana yo‘llar ochilar. Samarqand viloyatida bunday qaynoq jarayonlarga hozirlik qanday kechmoqda?
– Yuqorida ta’kidlaganimdek, pandemiya sharoiti bo‘lsa-da sayyohllikni rivojlantirish uchun harakatdan to‘xtagan emasmiz. Belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirishga intilyapmiz. Dunyo xalqlari bu xastalikdan forig‘ bo‘lishi bilan albatta, yana turizm jadal rivojlanadi. Biz ham bunga hozirlik ko‘ryapmiz. 2020-2022 yillarda viloyatimizda turizm sohasida umumiy qiymati 2 trillion 579 milliard so‘mlik 264 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Samarqand shahridagi Islom Karimov, Alisher Navoiy va Pushkin ko‘chalari hamda Universitet xiyobonini turistik maskanga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab tayyorlangan. “Ipak yo‘li” xalqaro universitetiga tutash hududda “turizm ta’lim bog‘i” loyihasi amalga oshirilmoqda. Viloyatimiz hududidan o‘tuvchi M-37 va M-39 avtomagistralida 8 ta joylashtirish vositalari (mehmonxona, kemping va boshqalar) hamda ovqatlanish shoxobchalari ishga tushiriladi. Bugungi kunda, har bir ob’yektda qurilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 74,7 milliard so‘m so‘m bo‘lib, 540 o‘rin quvvatga ega.
Samarqand turizmining muhim yo‘nalishi hisoblangan ziyorat turizmni rivojlantirish bo‘yicha ishlarimiz kelgusi yilda davom etadi. Payariq tumani Imom Buxoriy majmuasi atrofida “halol” standartiga to‘liq javob beradigan umumiy ovqatlanish korxonalari, joylashtirish vositalari va savdo markazi tashkil etish belgilangan. Bugungi kunda 3 va 4 yulduzli “halol” standartlariga to‘liq javob beradigan 7 ta mehmonxona qurilishi davom etmoqda. Mazkur ob’yektlar foydalanishga topshirilishi bilan viloyatining ziyorat turizmi bo‘yicha salohiyati yanada ortadi va ziyoratchilar bevosita bir necha kun davomida ziyorat qilishlari uchun sharoit yaratiladi.
Nurobod tumani Oqsoy qishlog‘ida joylashgan Xazrati Dovud ziyoratgohiga tutash hududda “Oqsoy XD” MChJ tomonidan loyiha qiymati 5 million AQSh dollari qiymatidagi “osma dor yo‘li” tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, viloyatning tog‘li hududlarida sanatoriy va dam olish zonalarini tashkil etish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlangan. Hozirgi kunda 30 dan ortiq dam olish maskanlari mavjud bo‘lib, ularda umumiy kunlik qabul qilish quvvati 4700 nafarga teng.
2019 yil natijalariga ko‘ra dunyo bo‘ylab 150 millionga yaqin sayyohlar aynan ziyorat turizmi yo‘nalishi bo‘yicha o‘z sayohatlarini amalga oshirgan. Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan turoperatorlar tomonidan viloyatning ziyorat turizmi bo‘yicha salohiyati keng targ‘ib qilinayotganligi, turizmning mazkur turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Samarqandni keyingi besh yil ichida “ziyorat turizmi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi o‘nta destinatsiyalaridan biri” bo‘lishiga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Samarqand shahridagi piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash, shahar atrofi va shahar ichida veloyo‘laklar tashkil qilish, 30 ta yangi madaniy meros ob’yektini turizm marshrutiga kiritish kabi vazifalar belgilangan.
G‘olib HASANOV suhbatlashdi.