Turizm yo‘nalishidagi eng yaxshi startap loyihalar amalda joriy etiladi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida turizm yo‘nalishida tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasalari va texnikum talabalari o‘rtasida “Kelajakdagi turizm ustalari” tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar turizm yo‘nalishidagi startap loyihalar, oshpazlik, ofitsiant va gid xizmati shartlari bo‘yicha dastur hamda mahoratlarini namoyish etdi. Hakamlar hay’ati ishtirokchilar mahoratini baholab bordi.
Tanlov natijasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari birinchi va uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, turizm va madaniy meros texnikumi talabalari ikkinchi o‘rinni band etdi.
- “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi”ga aylandi, - deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Narziqulov. - Viloyatimizga kelayotgan sayyohlar soni ko‘payib bormoqda. Mehmonlarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsata oladigan salohiyatli kadrlarni tayyorlash, ularni sohaga jalb qilishimiz kerak. Shu maqsadda yoshlarning turizm yo‘nalishidagi eng yaxshi startap loyihalarini saralab, amalda tatbiq qilishni rejalashtiryapmiz.