Turkiy davlatlar tashkiloti: Bunda O‘zbekistonning manfaati nimalarda namoyon bo‘ladi?
O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlar bilan umumiy tovar aylanmasi 2020 yilda 6,8 milliard dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich 39 foizga oshib, 9,4 milliard dollarga yetdi.
Bundan tashqari, tashkilotga a’zo mamlakatlarning (O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya a’zo davlatlar, Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchisi davlatlar) o‘zaro turli sohalardagi munosabatlarga kirishishi geosiyosiy nuqtai nazardan muhim hisoblanadi. Chunki bugungi kunda Yaqin Sharqdagi (Turkiya, Eron va Isroil davlatlari manfaatlarining to‘qnashuvi), Sharqiy Yevropadagi (Ukraina inqirozi), Afg‘oniston va boshqa “qaynoq nuqta”lardagi davlatlarning manfaatlari to‘qnashuvi natijasi salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Hozirda Markaziy Osiyo mintaqasida ham yildan-yilga yirik davlatlarning manfaatlari oshib borayotgani, bunda mintaqa mamlakatlari tomonidan turli nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga intilishi eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Shuningdek, turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik ushbu mamlakatlarning xalqaro munosabatlarda o‘z so‘zini aytish imkonini beruvchi omil deb baholanmoqda.
Fikrimizcha, O‘zbekistonning TDT tizimida ishtirokining ustuvor yo‘nalishlari quyidagi yo‘nalishlar amaliyotida namoyon bo‘ladi:
Birinchidan, savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish uchun qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik va tranzit masalalariga alohida e’tibor qaratish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, iqlim o‘zgarishi va ekologiya muammolarini yechish hamda uglerod neytralligiga erishish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish.
Ikkinchidan, “aqlli shahar”larni barpo etish bo‘yicha tajriba almashish va innovatsiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish.
Uchinchidan, madaniyat va sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, madaniy meros ob’yektlarini saqlash va restavratsiya qilish, nodir asarlarni birgalikda o‘rganish, ularni tarjima qilish hamda boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish.
To‘rtinchidan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kreativ g‘oya va loyihalarini rag‘batlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan ta’sirlardan asrab-avaylash.
2021 yilning noyabr oyida Istambulda bo‘lib o‘tgan sammit ushbu tashkilotning o‘ziga xos shakllanishi va mamlakatlar orasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qildi. Sammit yakunlari bo‘yicha “Turkiy dunyo nigohi – 2040” to‘g‘risida”, “Turkiy davlatlar tashkilotining turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti to‘g‘risida”, “Turkiy davlatlar tashkilotining Turkiy investitsiya fondini tashkil etishni yakunlash to‘g‘risida” va boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi.
TDTga a’zo davlatlarning aksariyati tashkilot infratuzilmasidan savdo-iqtisodiy hamkorlikni oshirish va Turkiya homiyligidagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etish uchun yaxshiroq shart-sharoitlarni muzokaralar olib borish uchun foydalanishni kutmoqda. Bu yerda ishtirokchi mamlakatlar haqiqatan ham muhim o‘ringa ega. Tomonlar Kaspiy dengizi atrofidagi mavjud salohiyat logistika dasturlariga (ularni Xitoy transport dasturlari bilan bog‘lash imkoniyati bilan) qiziqish bildirmoqda. Turkiyaning o‘zi ham Markaziy Osiyo va Ozarbayjondagi sarmoyaviy ishtirokini kengaytirishdan manfaatdor. Bishkekda Turkiy davlatlar tashkilotining sarmoya fondini tashkil etish tashabbuslari ham iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan dalolat beradi. Ushbu niyatlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda TDT mamlakatlari umumiy loyihalarni moliyalashtirish uchun kuchli institutga ega bo‘ladilar.
Mustaqil ekspertlar fikricha, O‘zbekiston vakillarining ta’kidlagan ikki jihat Turkiya uchun ham muhim. Birinchisi, “umumiy tarix va umumiy kelajak” ga urg‘u berilishidir. Shuningdek, umumiy, ammo hali amalga to‘liq oshirilmagan qadriyatlarni ta’kidlash ham muhim. O‘zbekiston tomonini qiziqtirgan yana bir masala turkiy birlik g‘oyalarini keyingi avlodlarga yetkazish uchun qo‘shma ta’lim imkoniyatlarini yaratish bilan bog‘liq. Ekspertlarning fikricha, TDTda ishtirok etuvchi mamlakatlar jamiyatlari yaqinlashmasdan turib, qarashlar birligi yoki integratsiyaning o‘ziga xos o‘zaro manfaati haqida gapirishga hali erta.
Umuman olganda, bugun O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotida muhim manfaatlari - mintaqada savdo, transport, turizm, qishloq xo‘jaligi, yirik infratuzilma kabi sohalarda loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirish. Shu nuqtai nazardan, hozirgi bosqichda TDT oldida turgan ustuvor vazifalar sifatida quyidagilarni keltirib o‘tish mumkin:
avvalo, Kavkaz va Markaziy Osiyoda yangi rivojlanayotgan transport hamda energetika yo‘laklari tarmog‘i bo‘ylab ishonchli xavfsizlik va hamkorlik kamarlarini ta’minlashdir. Bu nafaqat a’zo davlatlar o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutadi, balki tashkilotning iqtisodiy mustaqilligi va farovonligiga erishish bilan birga, bu yo‘ldagi barcha global xurujlar, jumladan, Afg‘oniston hududidan (terrorizm, noqonuniy migratsiya, transmilliy jinoyatlar va boshqa) tahdidlarga qarshi turish omili hamdir;
ikkinchidan, bu tashkilotga a’zo mamlakatlarning qandaydir tarzda haddan ziyod geosiyosiy ambitsiyalar va yaratilayotgan transmilliy loyihalar faoliyatida ishtirok etayotgan boshqa xalqaro kuchlar bosimiga qarshi turishida ko‘mak beradi;
uchinchidan, bu XXI asrning murakkab global sharoitida saqlab qolish va yanada rivojlanish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir. Zero, global madaniyatning salbiy asoratlari tarqalishi va qadriyatlar yemirilishi jarayoni kechayotgan bir davrda tashkilotga a’zo davlatlar xalqlarining madaniy o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolish juda muhim;
to‘rtinchidan, xalqaro munosabatlarning bugungi bosqichida TDT faoliyati yangicha sharoitda shakllanganligini aytish joiz. Bu esa tashkilot nufuzining ham xalqaro aloqalar tizimida ortishiga zamin hozirladi. Bunday sharoitda a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning o‘zaro tenglik, ochiqlik tamoyillari asosda olib borilishi hamda ko‘p tomonlama hamkorlik rivoji uchun konstruktiv muhitni saqlab qolish amaliy xarakterga ega. Shundagina TDTning xalqaro miqyosdagi maqomi yanada ortib boraveradi.
Muloxazalarimizga muxtasar sifatida masalaning ikki muhim tomonini ta’kidlash mumkin. Birinchisi - globallashuv yo‘liga qadam qo‘ygan davlatlar hamda jahonning yetakchi mamlakatlari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish ilm-fan, ta’lim, shaharsozlik va texnologiya rivojiga foydali ta’sir ko‘rsatishi aniqligini aytish mumkin. Qolaversa, bu iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit muammolarini hal etish va a’zo davlatlarning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishida ko‘mak hamdir.
Ikkinchisi - ilgari turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sifatida faoliyat olib borgan tuzilma bugun to‘laqonli xalqaro tashkilot maqomiga erishgan. Kengash bu ko‘proq konsultativ xarakterga ega tuzilma deb baholansa, uning tashkilot sifatida takomillashuvi unga yangicha imkoniyatlar va vazifalarni qo‘yadi. Yangicha nufuzga ega bo‘lgan TDTning Samarqand sammiti shak-shubhasiz tarixiy uchrashuv bo‘ladi.
Bahrom Xo‘janov,
Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi kafedra mudiri, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent.