Turkiya 2024 yilda turizm bo‘yicha rekord o‘rnatdi: xalqaro ziyoratchilar mamlakatda o‘rtacha 10,7 kun qolgan

O‘zbekistondagi turizm natijalari bilan solishtirish va xulosa qilishga arziydigan raqamlar...

Turkiya 2024 yilda 62 million 269 ming 890 sayyohni qabul qilib, ziyoratchilar sonining yillik 9,8 foiz o‘sishiga erishgan. Bu ko‘rsatkich bilan Turkiya 2024 yilda ilgari e’lon qilingan 60 million sayyoh va oktyabr oyida yangilangan 61 million sayyoh qabul qilish maqsadini ortda qoldirdi.

Bundan tashqari, Turkiya turizmdan o‘tgan yilga nisbatan 8,3 foizlik o‘sish bilan 61,1 milliard dollar daromad oldi.

Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo Turkiyaning eng yirik turistik bozori bo‘lsa, Amerika, Hindiston va Xitoy kabi rivojlanayotgan bozorlar 2024 yilda katta o‘sishni ko‘rsatmoqda. Rossiya, Germaniya va Buyuk Britaniya Turkiyaning asosiy uch bozori bo‘lib qolsa-da, rivojlanayotgan bozorlardan ziyoratchilar sonidagi o‘sish AQSh uchun 8,1 foiz, Xitoy uchun 65,1 foiz va Hindiston uchun 20,7 foiz bo‘ldi.

Turkiyaga kelgan xalqaro ziyoratchilar mamlakatda o‘rtacha 10,7 kun qolgan va har bir sayyohdan tushgan daromad 972 dollarni tashkil etgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining turizm ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya 2023 yilda dunyoning eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan beshta davlati qatoriga kirgan edi.