Turkiya Xurram sulton degani emas. Yoki uch dengiz atrofida jamlangan mo‘’jiza
Bu hududni Xudo har jihatdan siylagan: dengizlar, o‘ziga xos tog‘lar, o‘rmonlar, necha ming yillik tarix… Bu yerda bir vaqtning o‘zida yuz ming yillik tarixga ega bo‘lgan tog‘larni o‘yib ishlangan ibodatxonalarni va shuning barobarida 60 mingdan ziyod aholini sig‘dira oladigan ulkan masjidlar, qadim saroylar-u, qadimgi yunon sivilizatsiyasi qoldiqlarini ko‘rish, allaqanday oppoq minerallarga o‘ralgan tog‘lar-u, ularning bag‘ridan chiqayotgan qaynoq suvdan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Bu yerdagi qorishiq tarix, madaniyat turli didli insonlarni o‘ziga tortadi, chorlaydi. Bu hududga G‘arb-u Sharqning talpinishi sababi shundadir.
Bu davlat haqida gap ketganda ko‘pchilik sayyohlar uning dengiziga, dam olish maskanlariga mahliyo bo‘ladi. To‘g‘ri, dengizdan mosuvo hududlarda yashaydigan biz kabi sayyohlar uchun dengiz havosidan bahramand bo‘lish katta imkoniyat. Ammo hudud shunchalar ko‘p imkoniyatlar makoniki, qay bir burchiga qaramang, hayratlar so‘zlayveradi.
Turizm mavzusini ozmi-ko‘pmi yoritib yurganim uchunmi, sayohat davomida ko‘proq shu masalalarga, ya’ni sayyohlarga xizmat ko‘rsatilishi, yurtni namoyish etishda sayrbon, ya’ni gidlarning salohiyatiga e’tibor qaratdim.
Mehmonxonalar «yulduz»larining asosi bor
Keling, bir boshdan boshlay. Turkiyaga sentyabr oyi oxiri, oktyabr boshlarida sayohatga bordim. Turfirma xizmatlaridan foydalandik. Avval boshdan aytib qo‘yay, erkin sayohat qilishga o‘rgangan, o‘zi istagan joyga borib, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha yurishni istamaydiganlar, qolaversa, guruhdagi umumiy qoidalarga bo‘ysunib sayohat qilishni asabbuzarlik deb hisoblaydiganlar uchun turfirma orqali tashkillashtirilgan guruhli sayohatlar aslo to‘g‘ri kelmaydi. Ammo umuman bormagan davlatingda asosiy manzillariga qiyinchiliksiz, chiptalarigacha onlayn xarid qilingan, har bir hudud haqida yo‘l-yo‘lakay ma’lumotlarga ega bo‘lib borish imkoniyatini beruvchi turfirma xizmatlari aksariyat uchun qulay bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
Demak, Turkiyaga borishda O‘zbekiston havo yo‘llari orqali uchdik. Ijtimoiy tarmoqlardagi mamlakatimiz havo yo‘llari kompaniyasiga bildiriladigan e’tirozlar ehtimol asosan narxlar bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Ammo u yerda yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat, qolaversa, taomlar sifati, hammasi yuqori darajada. To‘rt soatlik parvozdan so‘ng Istambul aeroportiga kelib qo‘ndik. Pasportga tamg‘a urdirish, yuklarni olish kabi yumushlardan so‘ng, belgilangan raqamdagi chiqish eshigida bizni kutib oluvchi yo‘lboshlovchi bilan uchrashdik. U bizga ozroq kutishimiz, yana boshqa yo‘lovchilar kelishi lozimligini aytdi. Bu jarayon o‘rtacha ikki soat davom etdi. Ya’ni guruhimizga nafaqat O‘zbekiston, balki Tojikiston, Qirg‘iziston, qozog‘istonlik sayyohlar ham kelib qo‘shildi. Xullas, salom, Istambul, deya hayajon ila ilk manzilga yo‘l oldik. Dastur bo‘yicha birinchi kun mehmonxonada qolish hamda dam olish belgilangan. Istambulning chekkaroq hududidagi bir mehmonxonaga borib, joylashganimizda, to‘g‘risi, ko‘pchilikning ahvoli go‘yo uyidan qochib, dam olishga chiqqan Keshaning holatiga o‘xshab qoldi. «Porloq yo‘l sovxozi qani?» Haqiqatan ham mehmonxona qirliklaru, dashtliklardan o‘tgach, chekkaroq, tinch hududda qurilgan, ortiqcha hashamlardan xoli edi.
Garchi mehmonxona Marmar dengizi bo‘yida joylashgan, o‘zining plyaj hududlariga ega bo‘lsa-da, nazarimizda to‘rt yulduzli mehmonxona biz tasavvur qilgan hashamlarga ega bo‘lishi kerak edi. Vaholanki, bizdagi kabi, ba’zi hashamatli va yuqori xizmatli mehmonxonalar avtomobil yo‘llari bo‘yida, sershovqin hududda joylashgan ekan, ushbu mehmonxonaning yulduzlari pasayib boraveradi.
Shu yerda bizning asosiy yo‘lboshlovchilarimiz kelib, sayohat qoidalarini tushuntirdi. Ibrohim og‘a (sayrbon) anchayin quvnoq va shu bilan birga o‘ta tartibli ko‘rindi: sayohat faqat belgilangan dastur asosida bo‘lishini, hech kimning do‘konma do‘kon yurib, ekskursiyalardan qolib ketishiga aslo yo‘l qo‘yilmasligini qayta-qayta ta’kidladi. Nazarimda, u Markaziy osiyolik sayyohlar bilan ishlab, bu masalada ancha qiynalgan ko‘rinadi. Xaridga o‘ch osiyoliklar uchun kezi kelganda tarixiy obidalar ham ko‘ziga ko‘rinmasligi mumkinligini u allaqachon sezgan, shekilli.
Turkiya Xurram sulton degani emas
Xullas, ikkinchi kundan tillarda doston, G‘arbu Sharqni maftun etgan Istambul sayohatiga otlandik.
-Istanbul yo‘llari juda tiqilinch shaharga aylanib ulgurgan, bu yerda 16 milliondan ziyod aholi yashaydi, yana bir kunda 16 mingga yaqin turistlarni qabul qiladi, - deya izoh beradi sayrbon. -Qadim yunonlar tomonidan eramizdan avvalgi VII asrlarda barpo etilgan Vizantiya o‘z davrining madaniy shaharlaridan biri bo‘lgan. Keyinchalik rimliklar hukmronligi qo‘li ostiga o‘tgan, Konstantinopol sifatida mashhur bo‘lgan Istanbul o‘tmishdoshlari har bir davrda mavjud tabiiy imkoniyatlari tufayli o‘z davrining yirik, savdo-sotiq, madaniy aloqalar rivojlangan bir makoni o‘laroq tarixda qolgan. Istanbul so‘zining o‘zi qadim yunon tilidan olingan bo‘lib, «shaharga» degan ma’noni bildiradi. Ya’ni yaqin atrofdagi hududlar aholisi Konstantinopolga «shaharga boryapmiz» deb aytishgan. Bu diyorga turklar kelishi bilan ularning tiliga bu so‘z yaqinroq ifodalanib, Istambul shaklini olgan.
Garchi sayrbon «dahshatli» avtomobil tirbandliklari desa-da, shaharning hatto tor ko‘chalarida ham avtomobillarning sokin harakatlanishi, haydovchilarning bir biriga bostirib signal chalmaganiga, xotirjamlik bilan, yo‘lovchilarga yo‘l berib, masofa saqlab mashina boshqarishlariga guvoh bo‘ldik.
Yo‘llarda ortiqcha qolib ketmaslik, keyingi manzillarga ham o‘z vaqtida ulgurish uchun yo‘nalishni belgilab olgan mutasaddilar yo‘lga qachon chiqib, qaysi obidaga qaysi payt borish lozimligini o‘ylab qo‘yishgan. Biz buning qadrini ko‘p o‘tmay, mamlakatning asosiy qadim saroyi – To‘pqopidan chiqishda angladik. Saroyga uzundan-uzun navbatlarsiz kirish imkoniga ega bo‘ldik.
Darvoqe, guruh ishtirokchilari saroyni aylanar ekan, Xurram sulton haqida savollari bilan sayrbonni ko‘p chalg‘itishdi. («Muhtasham yuz yil» seriali ta’siri ostida bo‘ldi bu savollar. Serialning ta’sir kuchi Turkiya sayyohlik tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan, albatta). Ibrohim og‘a Turkiya bu faqatgina Xurram sulton, degani emas, uning juda chuqur tarixi bor, deyishgacha bordi.
Tasvirga sig‘maydigan Bosfor
To‘pqopi qurilishi biz o‘ylagandek, Usmonlilar hukmronligi davrida boshlanmagan ekan. Bu yerga kirishda nasroniylarning cherkovi bo‘lgani va u hamon saqlanib kelinayotgani, Usmonlilar hukmronligi davrida ham saroyning aynan shu qismiga oddiy odamlarning ham ibodat uchun kirishlari bemalol bo‘lganining o‘zi ma’lum xulosalarni beradi. Ya’ni o‘zidan avval yashagan yunonlar, rimliklar qurgan tarixiy obidalarga ziyon yetkazilmagan, aksincha, oddiy aholi ham saroyga kirishning ilk qismidagi cherkovga kelib, ibodatini davom ettiravergan ekan. Bu ularning bag‘rikenglik siyosatidan dalolat beradi. Darvoqe, hozir ham saroyning aynan shu qismiga kirish tekin. Keyingi saroylar uchun esa chipta olish majburiy, albatta. To‘pqopining o‘zi bir nechta hududlarga bo‘lingan. Shohlarning qabul bo‘limlariyu, shahzodalar tarbiyalanadigan hudud, vazirlar maslahat kengashlari o‘tkazgan maxsus bezatilgan xonalar o‘sha davr ruhini beradi.
Usmonlilar hukmronlik qilgan davrning nechog‘lik bo‘lganligini tarixdan ozmi ko‘pmi xabardor insonlar juda yaxshi bilishadi. Saroylardan birida davlat xizmatchilari lavozimiga tayinlangan insonlarning bir necha oy davomida o‘qitilishi, tayyorgarlik ko‘rishi hatto bugungi kunda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan usullardan biri ekan, deya xayolga bordim. Shuningdek, saroy ichida Sulton Ahmad davrida qurilgan kutubxona, qiroatxona kishi e’tiborini tortadi.
Shahzodalaru sultonlar, malikalaru qirolichalar kiygan liboslar, taqinchoqlar (o‘z qiymatida) qimmatbaho metallardan tayyorlangan, ular ishlatgan idishlar muzeyga aylangan xonalarda namoyish etilmoqda. Ularning son-sanog‘iga yetib, aylanib, tomosha qilib tugatolmaysiz. (Aynan shu yerda bizning o‘tmishdoshlarimiz ishlatgan buyumlar, qimmatbaho ashyolar bugun ming afsuski o‘zimizga, davlatimizga tegishli emasligini o‘ylab o‘kindim). Nodir ashyolar, qo‘lyozmalar, o‘ziga xos dizayndagi liboslar, XIX asrda fransuz qirollari qabulgohlaridan ilhomlanib qurilgan birmuncha yangiroq saroy va ushbu binolar ayvonlari yuqorisidan turib pastga qarasangiz, mavjlanib yotgan ko‘m-ko‘k dengiz… Bu muhitda davlatni yaxshi boshqarishdan boshqa iloj yo‘q-da. Garchi bir necha asrlardan so‘ng saltanat o‘z poyoniga yetsa-da, bunga asosiy sabab butun dunyoda kechayotgan isyonlar, barcha qit’alarda yangilanishga tashlanayotgan qadam bo‘lsa ajabmas. To‘g‘ri, tarixchilar bunga qator jiddiy sabablar, deylik, saltanatning o‘zaro ichki nizolari, hukmronlik qiladigan shahzodadan boshqalarining o‘ldirishi, ulkan saltanatga qarashli bo‘lgan cheksiz hududlarning to‘rt tomonidagi kelishmovchiliklar kabi dalillarni keltirsa-da, ammo mening ham kichik xulosam borligini aytsam zarar qilmas, deb o‘ylayman.
Keyingi manzil o‘sha, saroy ayvonlaridan mavjlanib ko‘rinib turgan dengiz – Bosfor bo‘g‘ozida kemada sayr qilish edi. Marmar dengizi bilan Qora dengiz qo‘shiladigan, Yevropa hamda Kichik Osiyoni bog‘laydigan, har qanday suratu, videotasvirlar bu chiroyni aks ettirolmaydigan Bosfor bo‘g‘ozi tabiat va inson qo‘li ta’sirida (dengiz atrofidagi turli mazmun va shakldagi inshootlar) yaratilgan go‘zal manzara.
Muhabbat vodiysi
Darvoqe, rostdan ham keyingi boradigan manzillarimiz Turkiyaning naqadar rang-barang va kishini lol qoldiradigan tarixiy manzillari borligini ko‘rsatdi. Istambuldan Anqaraga taxminan uch soatlar davomida avtobusda borishga to‘g‘ri keldi. Sultonlar boshqaruvi susayib, butun dunyoda tahlikali davrlar boshlangan bir paytda Mustafo Kamol Ota Turkning hokimiyatga kelishi bu xalqning yana bir ulkan omadi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Anqara, Turkiyaning poytaxtida bu inson sharafiga qurilgan ulkan majmua to‘liq bu shaxs haqida ma’lumot beradi. Davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan majmuada turklarning buyuk yo‘lboshchisi yashagan davrga oid suratlar, hujjatlar, ishlatilgan buyumlar saqlanadigan ulkan muzey va daxmasi mavjud. Bu yerni ertayu kech qo‘riqlaydigan askarlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat hukumati qoshidagi xizmatga tegishli. Atrofni aylanguningizcha turk gimnining yangrashi, odamlarning o‘z bayrog‘ini ko‘tarib bu yerda sayr etishlari kishiga o‘zgacha zavq beradi.
Keyingi tarixiy manzil – Kappadokiyaga avtobusda 8 soat yurishga to‘g‘ri keldi. Yo‘l-yo‘lakay yam-yashil o‘rmonlar, nihoyatda baland tog‘liklarni tomosha qilib ketganimiz uchun, yo‘l qiyinchiligi ham unchalik sezilgani yo‘q. Yo‘lovchilarning hordiq va boshqa ehtiyojlar uchun to‘xtaladigan har bir hududdagi tozalik, e’tiborlilik ko‘zga tashlanadi. Aytish kerak: eng chekka hududdagi hojatxona ham shahar markazidagiday top-toza.
Kappadokiya (yunon tilidan ajoyib arg‘imoqlar mamlakati ma’nosini anglatadi) atamasi hali antik davrlardayoq paydo bo‘lib, hozirga qadar qo‘llanib kelinmoqda. Kappadokiya tarixi anchayin uzoq davrni o‘z ichiga oladi. Eramizdan avvalgi XVIII asrda bu yerda xettlar istiqomat qilgani ma’lum. Keyinroq midiyaliklar, forslar va shuningdek, makedoniyaliklarga tegishli bo‘lgan. Eramizdan avvalgi I asrga kelib Kappadokiya Rim imperiyasining bir qismiga aylanadi. XI asrga kelib esa mazkur hududga saljuqiylar joylashadi, keyinchalik ottomanlar keladi.
Shu tariqa bugun Turkiya tarkibiga kiradigan mazkur o‘ziga xos hudud 60 million yil avval Erjiyes, Hasan tog‘i va Gullu tog‘laridagi yumshoq lava va kul qatlamlari uzoq vaqt davomida shamol va yomg‘ir ta’sirida eroziyalangani ta’sirida tashkil topgan. Ushbu hududlardagi qoyalar, tog‘lar shuning uchun boshqa tog‘lardan farq qiladi, u tuf deb ataladigan birikmadan yaratilgan. Shuning uchun uning ichini kovlab, bemalol odam yashaydigan manzilgohlar yaratish mumkin.
Shuning uchun Kappadokiya o‘zining yer osti shaharlari bilan mashhur. Ushbu shaharlar ko‘p asrlar oldin yaratilgan bo‘lib, hudud aholisi tomonidan dushmanlar va noqulay ob-havo sharoitlaridan himoyalanish uchun foydalanilgan. Bu shaharlarning ba’zilari, masalan, Derinkuyu g‘or shahri 10 dan ortiq darajaga (ya’ni qavatga) ega bo‘lib, minglab odamlarni sig‘dira oladi. Bu yerosti uychalarni kirib ko‘rarkansiz o‘zligini himoya qilish uchun odamlar qanday murakkab yashash yo‘llarini topmaydilara, degan xayolga borasiz.
Shuningdek, Kappadokiyaning o‘ziga xos tog‘lik hududlarida X-XII asrlarda, mintaqada nasroniy sivilizatsiyasiyaning markazi bo‘lgan davrlarda qurilgan qator monastir va cherkovlar saqlanib qolingan. Bu ibodatxonalarning ba’zilari, masalan Goreme yoki Zelve ibodatxonasi qoyalarga o‘yilgan va o‘rta asrlarga oid freskalar bilan bezatilgan.
Tarkibi tuf bo‘lgan qoyalarda bugun ham qahvaxonalar ishlab turibdi. Qoya ichida besh qavatli qahvaxonaga kirib, o‘zingizni qanday his qilishingiz salomatligingizga ham bevosita bog‘liq. Chunki yuragida, nafas olish tizimida muammolari bor insonlar bu yerda ko‘p qolisholmadi. Turklar hududdan turizm maqsadida juda unumli foydalangan. Ulkan havo sharlarining uchirilishi bu yerning manzarasiga alohida shukuh beradi. O‘ziga xos qoyalardan iborat daralardan biriga “Muhabbat vodiysi” deb nom berilishi, bu hududning shunga mutanosib bezalishi, aynan tong yorishishi arafasida bu yerda rang barang havo sharlarining uchirilishi, nafaqat yoshlarni, balki yoshi ulug‘ sayyohlarni ham maftun etayotganiga guvoh bo‘ldim.
Pamukqal’a – paxtaday tog‘lar, ko‘hna Iyerapolis
Pamukqal’a – paxtaday momiq qal’a ma’nosini anglatib, rostdan ham oppoq tog‘lari, bebaho tarixi, keyingi yillarda esa kurort tipidagi maskanlari bilan ham mashhur bo‘lmoqda.
Pamukqal’a Turkiyadagi geotermal buloqlarga ega bo‘lgan hudud bo‘lib, dunyoning hech bir joyida o‘xshashi yo‘q. Noyob buloqlar, ajoyib tabiiy diqqatga sazovor joylar mamlakatning janubi-g‘arbiy qismida, Denizli shahridan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qadim zamonlardan beri ma’lum bo‘lgan 17 mineral buloqlar majmuasi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kirilgan va tekislikdan 100 metr balandlikda ko‘tarilgan qadimgi vulqon platosining chetini ifodalaydi.
Buloqlar, ulardan ajralayotgan ma’danlar evaziga oppoq travertin bilan qoplangan tog‘li hududni 4 ming yil oldin tashkil topgan Iyerapolis shahridan qisqa masofa ajratib turadi. Mazkur qadimiy shahar qoldiqlari hududida 15 ming kishini sig‘dira oladigan, antik davrga tegishli amfiteatr, 206 yilda qurilgan Appolon ibodaxonasi, IV asrda qurilgan Avliyo Filipp cherkovi ham shu yerda joylashgan.
To‘ylar dasturxonsiz o‘tadi
Turkiyada inson qadri alohida e’zozlanishi kishini hayratga soladi. Bilimi, iqtidori bor inson bu yerda alohida e’zozlanishi haqida eshitdik.
Sayrbonimiz, Ibrohim og‘a bir fikrni alohida ta’kidlab o‘tdi: “Amir Temur shaxsi Turkiya aholisining alohida hurmatida. Bu haqda ko‘p gapirgandan ko‘ra, bitta misol keltiray. Turklar orasida Temur ismli yigitlar ko‘p, ammo Boyazid ismini deyarli uchratmaysiz”. Ha, tarixga ham, mavjud vaziyatga real baho berish, bizning o‘tmishdoshimiz deya kamchiliklarni yopishga harakat yo‘q ekanligini angladik.
Jonivorlarga alohida mehrni ko‘rish mumkin. Turkiyaning ko‘plab ko‘chalarida qorni to‘q mushuk va itlar bemalol yurishadi.
Turkiyadagilar seriallardagidek faqat choy ichib, pahlava, rohat lukum yeb o‘tirmaydi. Bu shirinliklarni ular ham asosan marosimlarda iste’mol qilisharkan.
To‘ylari men uchun alohida mavzu bo‘ldi. Bu yerda allaqachon taomli, ya’ni dasturxonli to‘ylar qilishmas ekan. Odamlar o‘z ixtiyori bilan bunday to‘ylardan voz kechgan. Undan ko‘ra to‘ylarida asosan musiqa va ichimliklarga pul sarflanadi, mehmonlar ham raqsga tushib, suhbat qurib, vaqtini mazmunli o‘tkazib ketishadi. Tabiiyki, bu ushbu davlatda yashaydigan 60 foiz o‘rtahol aholiga tegishli. Badavlat qatlam istasa dasturxonli, istasa, Maldiv orollarida hashamat bilan to‘y o‘tkazadi. Bunga ham hech qanday ta’qiq yo‘q.
To‘g‘risi, mazkur bitiklarim Turkiyada ko‘rganlarimning o‘ndan biri, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Sohil bo‘ylab sayr gashtiyu, go‘zal Antaliyaning o‘ziga xos tabiati, u yerdagi O‘rta yer dengizi mavjlariyu, qadim tarixi, turli shourumlar, ya’ni mamlakatning oziq-ovqat hamda tekstil, sanoatini namoyish etuvchi ko‘rgazmalar (garchi sayyohlarni nisbatan qimmat mahsulotlar sotiladigan joylarga olib borishgan bo‘lsa-da) ammo barchasi o‘ziga xos, betakrorligi bilan ajralib turadi.
Yo‘lovchilarning birontasi sarflagan puliga achinmadi, aksincha, yana olib kelish kerak, degan fikrga ham borganlari bo‘ldi. Darvoqe, O‘zbekistondan bunday sayohat uchun 1100 AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflangan bo‘lsa (narxlar sentyabr oyi uchun), Qirg‘iziston, qozog‘istonlik hamsayohatchilarimiz shu tur uchun qariyb 900 dollar pul sarflaganini aytishdi.
Ha, aytgancha, qaytishda, Toshkentga Anqaradan, Turkish Airlines xizmatidan foydalangan holda qaytdik. Aeroportda ancha vaqt qolib ketganimiz uchun O‘zbekiston havo yo‘llariniki singari taomlanamiz, deb umid qilgandik. Chuchvarani xom sanabmiz, sovuqqina bulochka va bir stakan qahva bilan kifoyalandik.
Qiyos emas...
Xabaringiz bor, yaqinda Samarqandda Butunjahon turizm tashkilotining 25-sessiyasi yuqori darajada o‘tkazildi. Mehmonlarning kutib olinishidan tortib, turli viloyatlarning folklor chiqishlari butun dunyo turizm vakillarini hayratga solgani aniq. Shu o‘rinda ba’zi taqqoslarni aytib o‘tmoqchiman. To‘g‘ri, Turkiya dunyo miqyosida turistlar eng ko‘p keladigan davlatlar sirasiga kiradi. Lekin! Turkiyada yuqorida ta’kidlaganimday, shunchalik ko‘p tabiiy imkoniyatlar mavjudki, bu imkoniyatlar bilan turizmni yuqori darajaga chiqarmaslik ham uyat, aslida. Mazkur mamlakatga kelgan sayyoh ulkan tarix bilan tanishadi, dunyoda muqobili yagona bo‘lgan joylar, bir emas, uchta dengiz bilan yuzlashadi. Bizda bunday noyob imkoniyatlar yo‘q, ammo shunday bo‘lishiga qaramay, sayyohlar oqimining ko‘payayotgani kishiga taskin beradi.
Mamlakatimiz, xususan, Samarqandda shu yilning o‘zida turistlarning o‘rtacha qolish kuni 2,7 kunni va ularning 1 kunlik xarajati 85-250 AQSh dollarini tashkil etmoqda. Shu yil yakuniga qadar 2,1 million nafar xorijiy sayyoh jalb etilib, turizm xizmatlar eksporti 312 million AQSh dollariga yetkazilishi rejalashtirilgan. Faqatgina tarixiy obidalarimiz bilangina sayyohlarni shunchalik jalb qilish sohada katta islohotlar amalga oshirilayotganini anglatadi.
Sirasini aytganda, Registon maydoni, ochiq osmon ostidagi muzey – mo‘’jizaviy Xiva, ma’rifat maskani Buxoro va boshqa ko‘plab tarixiy hududlarimiz rostdan ham bir kelib, ko‘rib ketishga arziydigan joylar. Afsuski, ko‘pchiligimiz (Turkiyaga birga sayohat qilgan hamyurtlarimiz orasida ham) buni hanuz anglamaganligi kishiga alam qiladi. Turizm sohasida amalga oshirilmagan ishlardan emas, ko‘proq turklar singari o‘zimizning vatanparvar emasligimizdan, o‘z tariximizni yetarlicha bilmasligimizu, uni o‘rganishga qiziqmasligimizdan o‘kindim.
Gulruh MO‘MINOVA.
Samarqand-Istambul-Anqara-Samarqand.