Turkiyada bank filialiga hujum qilgan o‘zbekistonlik ustidan sud boshlandi
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarosi J.O.ning 2019 yil 17 dekabr kuni Antaliya shahridagi banklardan birining filialiga hujum qilgani va ikki nafar texnik xodimni garovga olgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan axborotni tasdiqladi. U huquqni muhofaza qilish organlariga taslim bo‘lgan.
Hozirda J.O.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 18 dekabr kuni Antaliya jinoyat ishlari bo‘yicha sudida sud jarayoni boshlandi. Advokatlarning ayblanuvchi bilan uchrashishiga ruxsat berildi. Biroq u konsullik yordamini olishdan voz kechdi.
Elchixona Konsullik bo‘limi vaziyatni nazoratga olgan va Turkiyaning tegishli organlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib turibdi.
Konsullik huquqiy departamenti Turkiya, Bolgariya, Iroq, Ruminiya va JAR hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur vaziyatlarda mamlakatning Anqara shahridagi elchixonasiga (tel.: +90 312-441-17-46, +90 312-441-38-71/72) yoki Istanbul shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.