Turkiyadagi o‘zbek olimasi “Qutlug‘ qon”ni turkchaga o‘girdi
O‘zbek adabiyotining xorijda tanishuvi bilan bog‘liq yaxshi xabarlar keyingi yillarda tez-tez quloqqa chalinayapti. Navbatdagi shunday voqea xabari Turkiyadan keldi. Turkiya Respublikasida ilmiy izlanish olib borayotgan yurtdoshlarimizdan Zamira Hamidova-O‘zturk Oybekning “Qutlug‘ qon” romanini turk tiliga o‘girdi.
A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot kutubxona markazida tarjimon bilan qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Kitob taqdimoti boshlanishi avvalida O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova tarjimon haqda to‘xtalib o‘tdi.
Shu o‘rinda Zamira Hamidova (O‘zturk) haqda qisqacha aytib o‘tsak. U 1976 yil Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tavallud topgan. Dastlab, Toshkent davlat pedagogika universitetida, so‘ngra Turkiyaning Marmara universiteti (Marmara Üniversitesi)da magistratura bosqichini tamomlagan. Uzoq yillik ilmiy izlanishlari natijasida 2020 yil Turkiyaning Hojattepa universiteti (Hacettepe Üniversitesi)da «O‘zbekistonda til siyosati: standartlashtirish va modernizatsiya» («Özbekistan’da Dil Politikası: Standartlaşma ve Modernizasyon») mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Z.Hamidova faoliyati davomida bir qancha nashrlar bilan birga "O‘zbekcha-turkcha izohli lug‘at", o‘zbek va turk adib-olimlarining o‘nlab tarjimalari muallifi.
Olima 2014 yildan e’tiboran Turkiya Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining Kommunikatsiyalar boshqarmasida tarjimon, ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
-Ushbu romanni tarjimasiga kirishdimu, mudom shu asarning ta’sirida yashadim, - deydi Zamira Hamidova. – Uning to‘liq tarjimasi, tahririga yetti yil vaqt ketdi. Hali tarjima jarayonidayoq turk hamkasblarim mazkur asar, uning muallifi, nozik didli, hayoti juda ko‘p murakkabliklarga to‘la bo‘lgan Oybek hayoti va ijodidan voqif bo‘lishdi. Ustozlar va hamkasblar uning hayotiga juda qiziqib, boshqa asarlari tarjimasiga ham kirishishim lozimligini takror-takror bildirishdi.
Tarjimonlikda “tarjimaning hidi kelmasin”, degan ibora bor. Asar turk tilida xuddi aslidagiday o‘qilishi uchun ba’zi so‘zlarning tarjimasini yillar davomida izlashimga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, o‘zbek qadriyatlarini ko‘rsatib beradigan so‘zlarga izoh yozishdan erinmadim, 20 yildan beri Turkiyada istiqomat qilganim uchun garchi tilimiz o‘xshash bo‘lsa-da, ammo urf-odatlarimizdagi mavjud farqlarni asar orqali ko‘rsatgim keldi.
Asarning turk tilidagi tarjimasini qabul qilib olar ekan, viloyat axborot kutubxona markazi rahbari Zebiniso Shodiyeva kutubxona til o‘rganuvchi yoki xorijlik kitobxonlar uchun yana bir ajoyib tuhfa uchun muallifga minnatdorlik bildirdi. Uchrashuv ishtirokchilari tilni, xususan turk tilini ham serial orqali emas, milliy adabiyotimizning o‘zga tildagi nashri orqali o‘rganish ancha samaraliroq ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
O‘zbek va turk adabiyotining ma’lum davrini o‘rganayotgan PhD doktori, turkiyalik adabiyotshunos Bayram Bilir Turkiyada ham shu davrda “Qutlug‘ qon”ga o‘xshash asar yozilgani va ulardagi o‘xshashliklarga to‘xtalib o‘tdi.
Gulruh MO‘MINOVA.