Turkiyaning Demokratik va milliy birlashish kuni Samarqandda ham nishonlandi

2016 yil 15 iyul kuni Turkiya Respublikasida Fetullohchi terror tashkiloti, ya’ni FETO tomonidan harbiy to‘ntarish amalga oshirishga urinish kuzatilgandi. Ular konstitutsiyaga zid ravishda harakat qilib, Prezident Rejep Toyib Erdog‘anga suiqasd uyushtirish va mamlakatda harbiy hukumat o‘rnatishni maqsad qilgandi. Ammo Turkiya xalqi o‘zining birdamligi, demokratik qadriyatlarga sodiqligini namoyon etib, bu fitna amalga oshishiga yo‘l qo‘ymagan, mamlakatning demokratik davlat tuzumini saqlab qolgan edi.

  Shu sababli Turkiya xalqi va bu mamlakatning xorijiy davlatlardagi idoralari har yili 15 iyulni Demokratik va milliy birlashish kuni sifatida yodga oladi va nishonlaydi.

  Joriy yilning mart oyida Samarqandda faoliyat boshlagan Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasida ham sana munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

  Samarqand viloyati hokimligi vakillari, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda ayni paytda Samarqandda yashayotgan Turkiya fuqarolarining bir guruhi taklif etilgan tadbirda 15 iyul voqealari yodga olindi.

  Samarqanddagi Turkiya Respublikasi bosh konsuli Salih Janer bu haqda mehmonlarga gapirib berdi.

  – 15 iyul kuni FETO tomonidan Turkiya milliy majlisiga binosiga hujum uyushtirilishi, Anqara va boshqa yirik shaharlarda ko‘chalar, turli bino va inshootlarning egallab olinishi, albatta, aholini sarosimaga solgan edi, – dedi Salih Janer. – O‘sha paytda mehnat ta’tilida bo‘lgan Prezident shu kuni kechqurun televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish qilib, xalqni birdamlikka, mamlakatdagi demokratik tuzumni saqlashga, buning uchun ko‘chaga chiqishga da’vat etdi. Mana shu omil va Turkiya xalqining birdamligi yovuz kuchlarning qora niyatlarini amalga oshirishlariga to‘sqinlik qildi. Albatta, keyinchalik bu tashkilot va uning xorijdagi vakillari ham Turkiyaga deportatsiya qilinib, javobgarlikka tortildi. Chunki ko‘plab xalqaro tashkilotlar va davlatlar FETOni terrorchi tashkilot, deb e’lon qilgandi.

  Marosimda 2016 yil 15 iyuldagi voqealar aks etgan surat va vidolavhalar namoyish etildi.