Turmush chorrahalarida: Birodarlar

Rahmat bobo bilan Shodi ota yarim asrlik qadrdon. Ular birga ko‘pkarida uloq chopib, nom qozonishgan.

Samarqand, buyog‘i Surxon, Qashqa vohasi ko‘pkari ishqibozlari ularni yaxshi bilishadi. Rahmat bobo birodari betobligini eshitib, holidan xabar olishga shoshildi.

- Kechadan buyon tuz totgani yo‘q, - nolib ketdi peshvoz chiqqan Shodi boboning kampiri Robiya aya ko‘z yoshlarini artib. - Qishloq do‘xtiri ko‘rib, shifoxonada yotmasangiz bo‘lmaydi, dedi. Birodaringiz qaysarlik qilib ko‘nmadi. Dori-darmon yozib, berib ketdi. Kim olib kelardi uni, men yurishga yaramasam, buning ustiga hozirda dorilar ozmuncha pul turadimi, pul qani? Pensiyamiz ro‘zg‘orga zo‘rg‘a yetib turibdi. Tuppa-tuzuk ishlab yurgan Nazirjon havoyi do‘stlari gapiga uchib, biz, cholu kampirni tashlab chetga ketdi. Olti oy bo‘ldi, sariq chaqa jo‘natgani yo‘q. Hozircha ish qidirayotgan emish, eh, quloqsiz bola-ey!

- Xafa bo‘lmang, - dedi Rahmat bobo Robiya ayani yupatib, - Yaratgan egam mehribon, dardini bergan shifosini ham beradi. Jo‘ram otdek bo‘lib ketadi, hali to‘ylarda yana uloq ham chopamiz.

Rahmat boboni ko‘rib, Shodi ota to‘shakdan ko‘tarilib yostiqqa ilindi, chehrasi ochildi.

- Bormisan, qadrdon, xush ko‘rdik qani kel, bir bag‘rimga bosay...

Ikki oshna ko‘rishishdi. Shodi ota shu tobda betobligini ham unutgandi.

- Ha, nima bo‘ldi, jo‘ra, burga tepdimi? - hazillashdi Rahmat bobo ko‘rpachaga chiqar ekan. - Qani, omin, Alloh shifo bersin!

Ikki birodar ancha suhbatlashib o‘tirishdi. Ko‘pkarilarda talato‘pda uloqni qanday olib chiqib ketganlari, qanday solimlar olishganini eslashdi. Shodi ota ancha yengil tortdi, bir sutkadan beri tuz totmagan odam oshnasi bilan tanovul qildi.

- Xo‘p, endi men qaytay jo‘ra, seni toliqtirib qo‘ydim. Damingni ol. Dorilar yozilgan qog‘ozi ber, ko‘ray-chi, do‘xtir nimalar yozibdi? - Rahmat bobo ketishga taraddudlandi. Shodi ota yostiq tagidan qog‘ozni uzatdi. Rahmat bobo uni qatlab chuntagiga soldi. - Hozir borib  olib kelaman, kampiring boyaqish ovora bo‘lib yurmasin.

- E,e, bu nima qilganing, qo‘y xafa bo‘laman-a, nevaralar kelishsa o‘zlari olib keladi, - dedi buni kutmagan Shodi ota xijolat bo‘lib. - Sen ovora bo‘lma!

- Ovorasi bormi, xo‘p men boray, omin! - Rahmat bobo o‘rnidan turdi.

Oradan ko‘p o‘tmay bir sellofan paket dori ko‘tarib kirib keldi.

- Hoziroq bularni ichishni boshla, inshoalloh, dard ko‘rmaganday bo‘lib ketasan, oshna! Men yana xabar olaman. Mana bu pulni ol, zarur bo‘lsa ishlatasan. - Rahmat bobo do‘stiga bir taxlam pul uzatdi.

- Bu nima qilganing, qo‘y, kerak emas, pulimiz bor. - Shodi ota uning qo‘lini qaytarishga urindi.

- Ol, puling bo‘lsa ham olasan, olmasang xafa bo‘laman. Shunday paytlarda bir-birimizning kunimizga yaramasak, birodarligimiz qayerda qoladi?!

Shodi ota qanchalik qarshilik qilmasin Rahmat bobo zo‘rlab qo‘liga pulni tutqazib, o‘rnidan turdi.

Tog‘aymurod Shomurodov.