Turmush chorrahalarida: Taqdir hukmi
Hafiz kunni bir amallab kech qildi. Na ishida, na yegan-ichganida halovat bo‘ldi. Uchrashuv qanday bo‘larkan? O‘ziga qolsa, hali uylanmoqchi emasdi. Avval o‘qishni tugatib, ishga joylashib, keyin uylanmoqchi edi.
O‘g‘lining qarorini otasi ham ma’qulladi:
- Barakalla, o‘g‘lim, to‘g‘ri o‘ylabsan, turmushda qiynalmaysan...
Ammo Sora buvi bu fikrga qo‘shilmadi. U tezroq kelin tushirib, Hafizni bola-chaqali qilishni, nevaralarini bag‘riga bosishni xohlardi. Hafiz soatiga qaradi. «Vaqt bo‘libdi! Feruza bilan uchrashuv qanday bo‘larkan? U qanday qiz ekan?"
Feruzani yaxshi taniydi, bir qishloqda o‘sgan. Obro‘li oilaning qizi. Uchrashganda, faqat bir marta ro‘baro‘ kelishganda ham salom-alikdan nariga o‘tilmagan. U haqida boshqa narsa bilmaydi.
- Assalomu alaykum, Feruzaxon, kechirasiz, biroz kechikdim. Onam qo‘yarda-qo‘ymay siz bilan uchrashishimni tayinladi.
Feruza iymanibgina salomlashib, o‘rnidan turdi.
- Kechikkaningiz yo‘q, men ham hozirgina kelgandim. - U nima deyishini bilmay, yerga qaradi. Hafiz hayajonini bosib, muddaoga ko‘chishga jur’at etdi.
- Feruza, ota-onalarimiz ra’yiga ko‘ra, agar taqdirimiz qo‘shilgan bo‘lsa, balki turmush qurarmiz. Ammo bu umr savdosi, bir-birimizni yaxshi bilib olishimiz, to‘g‘ri tushunishimiz lozim. Men hali uylanish haqida o‘ylamaganman, birortasiga og‘iz solganim ham yo‘q. Lekin onamning gapini ikki qilolmayman. Xullas, onam sizni kelin qilmoqchi. Kelinlikni esa siz qanday tushunasiz, bilmayman. Bo‘lajak kelin qaynota, qaynonasining xizmatini qilib, hurmatlaydigan, oilaning sha’nini har narsadan yuqori qo‘yadigan, boriga qanoat, yo‘g‘iga sabr qiladigan, borini oshirib, yo‘g‘ini yashiradigan bo‘lsa, deyman. Og‘ir olmang-u, ko‘nglimdagini ochiq aytdim. Dangal gapni yaxshi ko‘raman. Uylanishimdan oldin qizga osmondagi oyni va’da qilib, to‘ydan keyin so‘zining ustidan chiqmaydigan yigitlarni yoqtirmayman.
- Rahmat, Hafiz aka, ko‘nglingizdagi maqsadingizni ochiq aytganingiz yaxshi bo‘ldi. Men ham shuni qanday aytsam ekan, deb o‘ylanib turgandim. Men siz aytganday cho‘ri bo‘lib turmushga chiqqim yo‘q. Oilamda o‘z o‘rnim, fikrim bo‘lsa, qaynota-qaynona, qayinsingil, qaynopalarning aralashuvisiz mustaqil yashasam deyman. Afsuski, niyatlarimiz boshqa-boshqa ekan. Uzr! Mana, gullaringizni oling! Xayr, boshqa baxtingizni toping!
- Feruza, Feruza, to‘xtang, siz meni tushunmadingiz... - Hafiz qo‘lidagi gulni nima qilishni bilmay, qizning ortidan qarab qoldi. “Ey, attang! Govkalla, birinchi marta uchrashgan qizga shunday shart qo‘yadimi?”.
Hafizning oromi yo‘qoldi. Hali hech qachon azobli ammo bunday shirin tuyg‘uni his qilmagan edi. U Feruzani sevib qolgandi. Bunday muqaddas tuyg‘uga Feruza ham ega bo‘lganda edi: «Xafa qilib qo‘ymadimmi?».
- Barakalla o‘g‘lim, Feruzaga ma’qul bo‘libsan, ota-onasi rozi, - Sora buvi Hafizni yelkasiga qoqib qo‘ydi.
... Bu gal xiyobonda Feruzani Hafiz kutib oldi.
- Mana bu guldasta sizga.
Feruza guldastani bag‘riga bosdi.
- Buncha chiroyli! Xo‘sh, kelin qanday bo‘lishi kerak degandingiz? - Feruza sho‘xlik bilan Hafizga qaradi.
Ikkalasi ham sharaqlab kulib yuborishdi.
- Qani, ketdikmi, bir muzqaymoq yeb, yuraklar hovurini bosaylik. - Hafiz qizga bilagini tutdi.
Tog‘aymurod Shomurodov.