Turnalarning ko‘chish mavsumi boshlandi

Butunjahon turnalar kuni sentyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadi. Bu sana joriy yilda 11 sentyabr kuniga to‘g‘ri keldi.

Bu go‘zal qushlarga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish uchun mo‘ljallangan ekologik bayramlardan biridir. Ushbu bayram tashkilotchilari Yevroosiyo turna ishchi guruhi, Bonn konvensiyasi kotibiyati (Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya), Sibir turnasini saqlash bo‘yicha Global ekologik fond va Xalqaro turna fondlari hisoblanadi.

Umuman olganda, dunyoda 15 turdagi turnalar mavjud. Ularning O‘zbekistonda 3 turi uchraydi-kulrang turna, go‘zal turna va oq turna. Oq turna O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Zarafshon milliy tabiat bog‘i kulrang va go‘zal turnalarining uchish yo‘llaridan biridir. Mart-aprel va sentyabr-oktyabr oylarida bu qushlarning yuzlab suruvlari to‘qay o‘rmoni va Zarafshon daryosi ustida uchib o‘tadi.