Tursunoy aya 82 yoshida pasport oldi

1941 yilda tug‘ilgan Tursunoy Eshonqulovaga ota-onasi o‘sha paytda “Metrika” deb ataluvchi tug‘ilganlik haqida guvohnoma olmagan. To‘g‘ri, o‘sha paytlar bu hujjat keyinroq ham olinavergan. Qachondir hujjat kerak bo‘lganda oilaning kattasi davlat idorasiga borib hujjat olgan.
Ammo Tursunoy Eshonqulovaga hujjat olish hech kimning esiga kelmagan. Balog‘at yoshiga yetganida “metrika” bo‘lmagani uchun pasport ham ololmagan. Qishloqchilik, hujjat to‘g‘rilashga harakat qilganida ham birlamchi hujjat bo‘lmagani uchun hech bir idorada ishi bitmagan. Shu tariqa bir umr hujjatsiz yashab 82 yoshga kirdi.
Bu yillarda T. Eshonqulova hujjatsizlik ortidan juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Maktabda o‘qib, attestat ololmadi, qonuniy ishga kirolmadi, pensiya masalasi ham muammo bo‘ldi. Eng yomoni, yashab turgan davlatning, vataningning qonuniy fuqarosi degan hujjat bo‘lmasa ko‘ngil ham kemtik bo‘larkan.
Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘p chigal masalalarni yengillashtirdi. Bundan ruhlangan Tursunoy Eshonqulova tug‘ilganlik guvohnomasi va pasport olishda ko‘mak so‘rab huquq-tartibot organlariga murojaat qildi. Tuman adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan arizaga muvofiq, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumani sudi tomonidan tug‘ilganlik fakti belgilandi. Natijada, FHDYo bo‘limi onaxonga tug‘ilganlik guvohnomasini, tuman IIB esa fuqarolik pasportini rasmiylashtirib berdi.
Furqat Anorov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudi sudyasi.