Tushlarda ayon bo‘lgan ibodatxona: Turkiyaning Trabzoni nimalari bilan mashhur?
Aslida shu yilning kuz oylari boshida Turkiyaga, sayohatchi sifatida borib, taassurotlarimni maqolaga jamlagandim. Ko‘pchilikdan iliq fikrlar eshitdim. Ko‘p vaqt o‘tmay Turkiyaning Samarqanddagi vakolatxonasi bosh konsuli Salih Janer maqolani o‘qib, juda xursand bo‘lganini va umuman Turkiyadagi tassurotlarim bilan qiziqdi. Turkiya tarixi, madaniyati, an’analari haqda suhbatlashdik. Maqola uchun rahmat aytdi. Elchixona tomonidan jurnalistlar uchun press-tur o‘tkazilib turilishi va meni ham ulardan biri tarkibiga qo‘shishlari mumkinligi aytildi.
Bosh konsulning maqolaga e’tiboridan xursand bo‘lib, o‘z ishlarimga sho‘ng‘ib ketdim yana. Maqolasi gazetada chiqqan odam “ming yillik” jurnalist bo‘lsa-da, kichik bir munosabatdan qanchalik xursand bo‘lishini, go‘yo katta mukofot olganday o‘zini a’lo his qilishini shu sohada ishlaganlar juda yaxshi biladi. Shu xursandchilik sababmi, Turkiyaga yana, elchixona tashkilotchiligida borish fikri allaqachon yodimdan ham ko‘tarilib ketdi.
Ammo kutilmaganda elchixonadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va o‘sha taklif aniq sanalari va dasturlari bilan bildirildi. Turkiyaning men ilgari eshitmagan viloyati – Trabzonga qarab yo‘l oldik. Bir guruh o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik jurnalistlar uchun tashkil etilgan sayohatda Turkiyaning shimoli-sharqidagi shaharlar Trabzon va Rize bo‘ylab qiziqarli va kishini o‘tmishga chorlovchi manzillarga qarab yo‘l oldik.
Turkiyaga bu galgi safarim uning bizning tasavvurimizdagi qiyofasini yana bir karra o‘zgartirib yubordi. Bu o‘zgarishlar Turkiya tarixining rang-barangligi-yu, juda olis asrlarga borib taqalishi bilan qiziqishingizni orttiradi.
Trabzon - Turkiyaning shimoli-sharqidagi shahar, Qora dengiz sohilida, Kolat-Tog‘ etagida joylashgan. Qadim zamonlardan buyon yirik savdo markazi va port, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi aloqa hududi bo‘lgan. Trabzon Turkiyaning shimoli-sharqiy sohilidagi eng muhim shaharlardan biri bo‘lib, qadimgi Vizantiya yodgorliklari va ajoyib tabiat manzaralari bilan ajralib turadi.
Trabzon Machka daryosining sohilida, Qora dengiz sohilidagi o‘rmonli tog‘lar etagida joylashgan. Iqlimi subtropik okeanik, yozi issiq va qishi salqin. Yiliga 800 mm dan ortiq yog‘ingarchilik tushadi. Eng yomg‘irli oylar - oktyabr va noyabr. Qor kamdan-kam uchraydi.
Turkiyaning Qora dengiz sohilida yoz issiq, ammo issiq emas. Harorat kamdan-kam hollarda 30 darajadan oshadi.
Trabzonga miloddan avvalgi VIII asrda sinoplik yunonlar tomonidan asos solingan. Bu Kichik Osiyodagi eng sharqiy yunon mustamlakasi bo‘lib, u Trapez deb atalgan. Bu yerda katta tijoriy ahamiyatga ega bo‘lgan port qurilgan. Keyinchalik Trabzon Pont qirolligi tarkibiga kirdi va erkin shahar maqomini oldi. Vaqt o‘tishi bilan u rimliklar tomonidan bosib olinib, uni viloyat poytaxti va Qora dengiz flotining uyiga aylantirdi. Rim davrida Trabzonning savdo markazi sifatidagi ahamiyati yanada ortdi.
Miloddan avvalgi III asrda shahar gotlar tomonidan vayron qilingan va bu uning gullab-yashnashiga chek qo‘ygan. VII-VIII asrlarda Trabzon Vizantiya viloyatining bir qismi bo‘lib, asta-sekin Vizantiya imperiyasining asosiy sharqiy “yuzi”ga aylangan. 1204 yildan beri shahar 1461 yilda Usmonlilar qo‘liga o‘tgan Trebizond imperiyasining kichik davlatining poytaxti edi.
Bu qadim o‘lka ne-ne imperiyalaru, shahanshoxlarni ko‘rmadi, deysiz. Qaysi birlari bu yerlarni obod etdi, qaysi birlari esa vayron. Hayratlanarlisi, obodligi va vayronaga aylanmay, bir necha o‘n asrlik tarixiy maskanlar hamon yaxshi saqlanib qolingan.
Trabzondagi Sumela monastirini olaylik.
Trabzon viloyatidan 50 kilometr uzoqlikdagi Oltin dara milliy bog‘ida joylashgan Sumela monastiri VI asrda qurilgan.
Bu monastirga go‘zal tabiat ichra borishning o‘zi kishiga zavq bag‘ishlaydi. 1500 metr balandlikdagi cho‘qqida barpo etilgan qadim monastir, undagi Iso payg‘ambar, Bibi Maryam suvratlari tushirilgan ibodatxona, rohiblar xonalariyu, o‘sha paytlarda oshxona, kutubxona, talabalar o‘quv xonalari, hammom vazifalarini o‘tagan, toshdan yasalgan xonalar hayratingizni oshiradi.
Afsonalarga ko‘ra qadim afinalik ikki rohib bir paytning o‘zida bir xil tush ko‘radi. Ushbu tushda ularga Bibi Maryam aynan shu joydagi g‘orda mo‘’jizaviy ikona mavjudligi aytiladi. Ular ikkalasi bir paytda yo‘lga chiqib, g‘orda uchrashishadi va shu yerda ibodatxona barpo etishadi.
Qizig‘i, ushbu ibodatxona yillar davomida kengayib, minglab ziyoratchilarning muqaddas makoniga aylanadi. Imperiyalar almashsa-da, aholi butunlay o‘zgarib, bu hududga islom dini kirib kelganda ham bu monastir o‘z faoliyatini davom ettirgan. Hatto Usmonlilar podshohlari uni asrab qolish uchun moliyaviy ko‘mak ham berganligi aytiladi. Faqat XX asrning boshlaridagina, yunonlar bu hududni tark etganda, u biroz muddat qarovsiz qolgan. 2015-2019 yillarda bu yerda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, bugungi kunda hudud sayyohlar uchun ochiq.
Umuman, Turkiyaning juda qadim tarixi kishini hayratlantiradi. Bu yerda shunchalik xilma xillik ichra turli e’tiqodlarga, madaniyat va qadriyatlarga nisbatan cheksiz hurmatning ildizlari juda olislarga borib taqalishi tarixiy obidalariga sayr davomida yaqqolroq anglashiladi. Misol uchun masjidda Iso payg‘ambar tasviri tushirilgan freskalarni hamon saqlanib qolinganligi siz, aziz o‘quvchilarni hayratlantirmasmidimi?
Keling, bu haqda keyingi maqolamizda to‘xtalib o‘tamiz.
Gulruh MO‘MINOVA.