Uch bog‘chada uch xil sharoit
– Muassasamiz 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda 6 guruhda 100 nafardan ortiq bola tarbiyalanmoqda, – deydi MTM mudirasi Nasiba Valiyeva. – Binomiz eski bo‘lishiga qaramay, bolalar uchun sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Ko‘rib turganingizdek, xonalarni isitish tizimida kamchiliklar bor. Hovli sahnidagi o‘yin maydonchalarining ham ahvoli ayanchli. Joriy yil muassasa binosini ta’mirlash bo‘yicha ariza berganmiz.
Haqiqatan ham muassasa xonalari talab darajasida isitilmagan. Tabiiy gaz yo‘qligi sabab isitish tizimi uchun o‘tin ishlatilmoqda. Xonalarga qo‘lbola elektr isitish pechlari o‘rnatilgan. Biz guruhlardagi ta’lim-tarbiya jarayonini kuzatishni boshlaganimizdan so‘ng tarbiyachilar mashg‘ulotlarni boshladi.
Tarbiyalanuvchilar tashqi hojatxonadan foydalanishar ekan. Qishning sovuq kunlari bu bolalarga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
Bolalar taomnomasi ham yodimizdan chiqqani yo‘q. Har tugul bu masalada ahvol unchalik yomon emas. Taomnoma belgilangan tartib asosida tuzilgan. Oshxona ham ozoda. Omborxona ham toza, mahsulotlar maxsus idishda saqlanmoqda.
Ota-onalar talabi – ikki hissa mas’uliyat
Tumandagi 3-MTM hovlisining asosiy darvozasi qulflangan. Bu kabi xavfsizlik qoidalari ko‘cha yuzida joylashgan bog‘cha uchun kerak, albatta. Atrofi toza, ozoda. Kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Bog‘cha hovlisi chiroyli bezatilib, xonalar talab darajasida jihozlangan. Asosiysi, xonalar issiq. Sharoit yaxshiligidan xursand bo‘ldik. Mudira xonasiga kirar ekanmiz, bir chetda 10-15 tuvakdagi limon ko‘chatlariga ko‘zimiz tushdi.
– Hovli chetida ota-onalar bilan hamkorlikda 21 sotix maydonga issiqxona tashkil etganmiz, – deydi bog‘cha mudirasi Ra’no Ochilova. – Ushbu ko‘chatlar issiqxonaga ekish uchun mo‘ljallangan. Ammo bu yil kech qoldik. O‘rniga sarimsoqpiyoz va ko‘kat ekkanmiz. 2015 yilda binomizning tom qismi va isitish tizimi, o‘tgan yil oshxona va devorlari joriy ta’mirdan chiqqan. Endilikda o‘yin maydonchalari qurish va xona pollarini yangilash uchun harakat qilyapmiz. Bilasizmi, bugun ota-onalar ancha talabchan. Ular farzandining har bir daqiqasini nazoratga oladi. Shuning uchun bolalarning kunlik ishlari fayl papkalarga joylashtirilib, xonaga kiraverishda tashkil etilgan ota – onalar burchagiga qo‘yiladi. Bu ularga bolalarning kunlik mashg‘ulotlarini doimiy tekshirib, kuzatib turish imkoniyatini yaratadi. Bizning mas’uliyatimizni oshiradi.
Muassasamiz 140 o‘ringa mo‘ljallangan. Ayni kunda 6 ta o‘zbek va bitta rus guruhi faoliyat yuritadi. Atrofimizdagi 33-umumta’lim maktabi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Haftada ikki bor ingliz tili o‘qituvchisi bolalarga saboq beradi.
Bog‘chadagi yutuqlar bilan birga, kamchiliklar ham bisyor. Bu yerda ham bolalar tashqi hojatxonadan foydalanishar ekan. O‘tgan yil oshxona binosi ta’mirlanganiga qaramay, xonalarning torligi va idishlarning yetishmasligi, asosiysi, tartib yo‘qligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kunlik taomnoma ilib qo‘yilmagan. Tushlik vaqtida borganimiz uchun berilgan ovqatlar ertalab tasdiqlangan taomnomaga mos emasligiga guvoh bo‘ldik.
Namunali MTMda taomnoma ham namunalimi?
Tumandagi Qoraqo‘yli mahallasida yaqinda mukammal ta’mirdan chiqqan 8-MTM namunaviy bog‘cha tipida qurilgan va jihozlangan. Ixchamgina, yetmish o‘rinli. Issiqlik ta’minoti ham ko‘ngildagidek. Bolalarga yaratilgan sharoit havas qilgulik. Asosiysi, ikki bog‘chada ko‘nglimizni xijil qilgan hojatxona muammosi bu yerda bartaraf etilgan. Ovqatlarni saqlash sharoiti ham, oshxona jihozlari ham talab darajasida. Ammo bu dargohda ham bolalarning ovqatlanishi bilan bog‘liq kamchiliklar bisyorligi ma’lum bo‘ldi.
Taomnomadagi go‘shtli barak o‘rniga dasturxonga makaronli bo‘tqa tortilgan. Mavjud sharoitni hamshira bir kun oldin oshpazning qo‘li kesilgani (!), shu sabab taomnomaga o‘zgartirish kiritilgani, ammo bu jadvalda endi o‘z aksini topishi bilan izohladi.
Tumanda 11 ta MTM quriladi
– Ishtixon tumanida 22 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularda 2600 nafar bola tarbiyalanadi, – deydi Ishtixon tuman maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘limi mudiri o‘rinbosari Furqat Abdurahmonov. – 2018 yilda tumandagi Sheyxlarkent mahallasidagi 4-MTM, Mitan shaharchasidagi 9-MTM joriy ta’mirdan, Qurilish qishlog‘idagi 29-MTM kapital ta’mirdan chiqariladi. Shuningdek, davlat xususiy sherikchiligi asosida tumanda 11 ta bog‘cha qurilishi rejalashtirilgan. 2019-2023 yillarda tumanda 74 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi amalga oshiriladi. Kadrlar yetishmasligi bugungi kunning dolzarb muammosi. Logoped va defektolog shtatlarini mavjud kadrlarni sirtqi bo‘limlarda qayta o‘qitish orqali shakllantirmoqchimiz. MTMlarning oziq-ovqat tizimini yaxshilash maqsadida markazlashgan buxgalteriya bo‘limida oziq-ovqat yetkazib berish ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan. Ro‘yxatdagi 23 turdagi mahsulot haftalik qilib, bog‘chalarga tarqatiladi.
Tumanda olib borilayotgan ishlar salmoqli. Ammo kamchiliklar ham yetarli. Bir tumandagi uch muassasaning ikkitasi gaz, biri o‘tin orqali isitilishini ko‘rdik. Mavjud taomnomalar ham nomigagina yod olingan raqamlar bilan to‘ldirilishiga guvoh bo‘ldik. Chunki MTMlarning hech birida mahsulotlarni o‘lchab solish uchun taroziga ko‘zimiz tushmadi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.
Chambiltepada bog‘cha quriladimi?
Biz istiqomat qiladigan Bulung‘ur tumanining Kaftarxona mahallasida 14-umumta’lim maktabi filiali qurildi. O‘g‘lim ham ushbu dargohda ta’lim oladi. Farzandlarimiz yaratilgan sharoitlardan mamnun.
Hozirda eski maktab binosidan omborxona sifatida foydalanilyapti. Uni maktabgacha ta’lim muassasasi sifatida rekonstruksiya qilsa bo‘lmasmikan?
Axir, qishlog‘imizga bog‘cha kerak-ku!
E.ISROILOV,
Bulung‘ur tumani, Kaftarxona mahallasi.