Uch tomon uchun ham manfaatli harakat
Pandemiya davrida vaqtincha ishlamayotgan aholi va yordamga muhtoj oilalarni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘lamini yanada kengaytirishni insonparvarlikning yorqin namunasi.
Bu xayrli ishni amalga oshirishda tadbirkorlarning faol ishtirok etayotganini O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisi hamda ushbu partiyadan saylangan deputat sifatida qo‘llab-quvvatlayman. Ushbu ezgu sa’y-harakatning muborak Ramazon oyida amalga oshirilishida ham juda katta ma’no va mazmun mujassam.
“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga bugungi kunda partiyamiz elektorati bo‘lgan samarqandlik yuzlab tadbirkor va fermerlar qo‘shildi. Xususan, Urgut tumanidagi “UrGazKarpet” qo‘shma korxonasi rahbari, partiyamizning mazkur tumandagi tashkiloti rahbari Jamshid Haydarov, Past Darg‘om tumanidagi “Temir qalqon” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Qosim Qarshiyev, Samarqand shahridagi “Samarkand APPAREL” xorijiy korxonasi direktori Aziz Ahrorov, “Hikmatillo” MChJ boshlig‘i Akmal Asadov, “Eko planeta” MChJ rahbari Sayyora Salimova xayrli ishga bosh qo‘shib, ehtiyojmand oilalarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda boshqa davlatlar singari bizda ham kasallikka qarshi kurashish barobarida ish joylarini saqlab qolish va iqtisodiyot tanazzulga uchramasligi uchun bor imkoniyatlarni ishga solinmoqda. Bu jarayonda tadbirkorlarga juda katta imtiyoz va yengilliklar berildi. Ularning ayni paytda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatidagi faol ishtiroki ana shu e’tiborga javob o‘laroq davlat, xalq va ishbilarmon manfaatlariga xizmat qilishi shubhasiz.
Sherali YO‘LDOShEV,
xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati.