Uchinchi Renessans poydevori insonparvarlik va ilm-ma’rifat asosiga tiklanmoqda
Bugungi kunda ko‘p millatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, O‘zbekistonning yangi Uyg‘onish davrini yaratish yo‘lida belini mahkam bog‘lab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yo‘lda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qo‘shilayotgan yoshlarimiz — asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidan
Ko‘hna moziy guvohki, dunyoni doimo g‘oyalar boshqargan. G‘oyalar esa mudom bilim, tafakkur va aql kuchiga suyangan. Bugungi rivojlanish shiddati tez, ilm ufqlari kengayib borayotgan zamonda, qolaversa, axborot vositalari taraqqiy etgan davrda g‘oyalar uchun kurash ham birmuncha murakkabliklar hamda o‘tkir fasohatni talab qilishi tayin.
Ammo insoniyat o‘z tabiatiga ko‘ra, baribir bir ezgu g‘oyaga muhtojlik sezib yashaydi. Shu ma’noda, bugun yangi O‘zbekiston tarixi zarvaraqlariga bitilayotgan bir jumla — «Uchinchi Renessans» tagmatnida ana shunday ulug‘ bir ezgulikni, buyuk bir kuchni anglash mumkin.
Zero, renessans — uyg‘onish demakdir. Ya’ni ilmiy uyg‘onish, ma’rifatni anglash va shu asnoda asrlarga teng yillarni lahzalarda bosib o‘tmoq demakdir. Bu jarayonni boshlab berish, uning poydevorini qo‘yish esa kamdan-kam insonlarga nasib etgan. Buning uchun, avvalo, Alloh bergan inoyat, so‘ngra millatni sevish, samimiy insonparvarlik tuyg‘usi mujassam bo‘lmog‘i darkor insonda.
Bugun biz ana shunday qutlug‘ bir davrda, dunyoga yangi O‘zbekiston nomi bilan tanilayotgan muqaddas zaminda uchinchi Renessansga poydevor qo‘yiladigan zamonda yashamoqdamiz.
Barcha ezgu amal niyatga bog‘liq
Jaloliddin Rumiyning bir hikmati doimo ilhombaxshdir: «Go‘zal kunlar kelishini kutma, unga qarab bormog‘ingni unutma». O‘zbekistondagi yangi Uyg‘onish ma’rifati ham ayni shu tamoyilga asoslanganini, ezgu niyatlar amalga oshayotganini anglash esa yanada shijoat baxsh etadi.
Taraqqiyot ilmga asoslanadi. Shavkat Mirziyoyevning Prezident sifatidagi dastlabki uchrashuvlaridan biri ilm ahli, olimlar bilan bo‘lgani ham bejiz emas edi.
O‘shanda davlatimiz rahbarining aytgan so‘zlari hamon qulog‘imda jaranglab turibdi: «Ilm-fan bilan shug‘ullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va rag‘batga munosib». Bu — qadr, bu — ilmga e’tiborning yorqin namunasi edi.
Shular haqida so‘z yuritganda, yodimizga yaqin o‘tgan kunlar tushadi. Buni o‘tgan davrga tosh otishga yo‘ymang, ammo tarixni parda bilan to‘sib bo‘lmas. Istiqlolga erishilgandan keyin ilk yillari ilm va ilm ahli «unutilgani» hammamizning yodimizda. Garchi, o‘sha kezlarda matbuotda bu haqda bong urilgan, yozuvchilar asarlarida «Ippodrom»da sigaret sotayotgan olim obrazi paydo bo‘lgan esa-da, negadir jamiyat buni «o‘tish davri hosilalari» deb bildi.
Ammo «bozor iqtisodiyoti»ga o‘tishning jabrini hamon tortmoqdamiz va uning asoratlari hali yana qancha davom etishini bilmaymiz. Eng yomoni, bir avlod ongiga «O‘qib nima bo‘larding?!» degan mafkura singib qoldi. Aynan shunisi dahshatli aqida. Zotan, ilmga rag‘batning yo‘qolishi jamiyatda yangi bir qatlamning — diplom uchun o‘qiydiganlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Albatta, bu qisqa bir fursatning bergan «meva»lari edi.
Gap o‘zani shunga bormoqdaki, ilm qadrlanmagan zamonda taraqqiyot haqida so‘z yuritish mumkin emas. Bu, qanchalik balandparvoz so‘zlaru, jimjimador ohangda gapirmaylik, amal bo‘lmasa, hammasi befoyda deganidir.
Mana oddiy misol, mintaqamiz hududida bo‘lgan ikki Renessans davrida ham ilm nihoyatda qadrlangan edi. IX — XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan birinchi Sharq Uyg‘onish davrida yuzlab buyuk allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ularning aqlu zakosi umumbashariyat taraqqiyotiga mislsiz hissa qo‘shgan. Bu esa o‘z navbatida, ilmga e’tiborning samarasi edi. O‘sha davr hukmron hokimiyati bunga sharoit yaratib bergandi.
XIV — XVI asrlardagi ikkinchi Sharq Uyg‘onishi yoxud tarixda «Temuriylar Renessansi» deya nom olgan davrda ilmning qanchalik qadrlanganini, birgina misolda, «Temur tuzuklari»dagi ushbu jumlalarni keltirish orqali isbotlash mumkin. Unda shunday yozilgan: «Kimning aql-shijoatini sinov tarozisida tortib ko‘rib, boshqalarnikidan ortiqroqligini bilsam, uni tarbiyamga olib, amirlik darajasiga ko‘tarar edim. So‘ngra ko‘rsatgan xizmatlariga yarasha martabasini oshirib borardim».
Aslida ham bilimli inson ilmning qadrini, olimning qadrini yaxshi biladi. Agar davlat rahbarining keyingi yillarda ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida imzolagan qonun, Farmon va qarorlari, ilgari surayotgan ezgu tashabbuslarining mag‘zini to‘la chaqib ko‘rsak, O‘zbekistonda yangi Ma’rifat Renessansiga mustahkam tamal toshi qo‘yilayotganini anglaysiz.
Ayniqsa, ilm ahliga qaratilayotgan e’tibor va rag‘batning bosqichma-bosqich oshirib borilayotgani poydevorning yanada pishiq bo‘lishiga ishoradir.
Jozibador g‘oya atrofida
G‘oyalar haqida so‘z ketar ekan, ularning qanchalik yashashi jozibasiga bog‘liqligini ta’kidlamoq darkor. Shu ma’noda, bugun mamlakat ertasini, millat istiqbolini ilmu ma’rifatda deb bilgan uchinchi Renessans g‘oyasi nihoyatda jozibali va eng to‘g‘ri yo‘ldir.
Albatta, o‘z boshidan o‘nlab istilolarni o‘tkazgan, sitamlar ostida uzoq yillar yashashga mahkum bo‘lgan, soxta va balandparvoz g‘oyalarning «quli»ga aylantirilgan xalqimiz har doim o‘z kelajagini ayni shu ma’rifatda deb bilgan. Shu sabab ham bugungi kungacha «bolam o‘qisin» degan istak xalqning o‘yu fikrini band qilgani, ushbu orzu-umid yo‘lida jonini jabborga berishga tayyorligi ayni haqiqat.
Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati ana shu istakning ro‘yobga chiqishiga to‘liq asoslarni yaratmoqda. Buni birgina misolda, oliy ta’limga qamrovning bosqichma-bosqich oshirib borilayotganida ham ko‘rish mumkin. Muqoyasa uchun ba’zi misollarni keltirsak: keyingi uch yilda oliy ta’lim muassasalari soni 65 tadan 117 taga yetdi, qabul o‘rinlari 66 mingtadan 181 mingtaga oshdi. Demak, har yili yuz mingdan ziyod yoshlar eng yorug‘ orzusi — o‘qish istagiga erishishiga zamin yaratilmoqda.
Nazarimda, bu siyosatning zamirida yurt o‘g‘il-qizlarining barchasini ilmli qilish, ularning dunyo bilan bo‘ylashishi uchun mustahkam poydevor qo‘yish istagi yonayotgandek. Aslida ham bu xalq shunga munosibdir. Chunki uning o‘tmishi, dunyoni o‘zgartirgan aqlu zakovati, o‘zining ilm ziyosi dunyo sharining narigi tarafini ham yoritgan ulug‘ ajdodlari bor.
Shavkat Mirziyoyevning ilmu ma’rifatga bag‘ishlangan har bir yig‘ilishini kuzatar ekanmiz, ayni shu jihatga alohida e’tibor qaratishini ko‘ramiz. Bu o‘zlikka, millat va Vatanning shonli tarixiga hurmat, ertasiga ishonch tuyg‘usining mustahkamligidir.
Davlat rahbarining ta’lim sohasidagi islohotlarida yana bir muhim jihat borki, bu — biqiqlikdan chiqish, dunyo ilmini o‘rganib, olamga nazar tashlash istagidir. Bu o‘zlikni anglashdan so‘ng, o‘zgalar dunyosi bilan o‘zni solishtirish deyiladi. Uzoqni o‘ylab qilinayotgan bu ishlarga Yurtboshimiz tomonidan chet tillarni o‘rganish borasida qabul qilingan qarorni misol sifatida keltirish mumkin. Boisi qachonlardir dunyo bizdan o‘rgangan bo‘lsa, bugun biz dunyodan o‘rganadigan jihatlar bisyor.
Binobarin, til bilish — faqatgina dunyoni bilish degani emas. Til bilish boshqa fanlarga yo‘l ochadi, dunyoga nazar solish imkoni kengayadi, deganidir. Shu nuqtai nazardan, davlat rahbarining bu yo‘ldagi tashabbuslarida uchinchi Renessans poydevorining yangi va mustahkam asoslarini ko‘ramiz, desak, mubolag‘a bo‘lmas.
Tarixdan ma’lumki, ajdodlarimiz yaratgan har ikki Uyg‘onish davrida dunyo ilmi bizga juda katta turtki bo‘lgan. Jahon taraqqiyotining yuksalish tamoyillarini belgilab bergan birinchi Renessans davrida Xorazmda barpo etilgan Ma’mun akademiyasi o‘z bag‘riga daho mutafakkirlarni to‘plab, dunyoning eng ilg‘or ilmlarini o‘zlashtirgani, shu asnoda, bilimdan ungan bilimlar nafaqat o‘z mintaqasi, balki butun ahli jahon uchun namuna vazifasini o‘tagani ham ayni haqiqatdir.
Temuriylar yaratgan ilm maktablari ham ayni shu yo‘ldan bordi. Bu davrda ham ilm o‘rganishni istovchilar butun dunyodan oqib kela boshladi.
Bugun dunyoga yangi O‘zbekiston nomi bilan balqiyotgan uchinchi Renessans g‘oyasining jozibasi shundaki, u o‘z atrofiga davlatni ham, jamiyatni ham, butun xalqni ham birlashtira oladi. Bu g‘oyaning milliy g‘oya o‘laroq keng quloch yozishi esa, nazarimizda, barchamizning uning mazmunini chuqurroq anglashimizga, teranroq mushohada yuritishimizga bog‘liq.
Shu asnoda davlatimiz rahbarining «Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz.
Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz.
Men ishonaman — hurmatli ota-onalar bu tashabbusni albatta qo‘llab-quvvatlab, yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni bo‘ladilar. Va bu ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi eng mustahkam ustun bo‘ladi, desam, o‘ylaymanki, sizlar to‘la qo‘llab-quvvatlaysizlar», degan da’vatini qalb amriga aylantirolsak, o‘ylaymanki, hayotbaxsh g‘oyaning cheksiz qudratini o‘z hayotimizda yorqin ko‘ra boshlaymiz.
Taraqqiyot formulasi
Har bir insonning o‘z hayot falsafasi va yo‘li bo‘lganidek, har bir davlatning o‘z taraqqiyot strategiyasi bo‘ladi. Buni belgilashda esa faqat millat yetakchilarining salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Mana, masalan, Singapurni olaylik. Ta’bir joiz bo‘lsa, «yo‘qdan bor bo‘lgan» ushbu davlatni bugun dunyoning barcha joyida bilishadi, havas qilishadi. Holbuki, yarim asr muqaddam bu hudud mustaqillik e’lon qilganida Malayziya federatsiyasi unga qarshilik ham ko‘rsatmagan edi. Hatto bitta boshog‘riqdan qutulganiga xursand ham bo‘lgan deyishadi. Bugun esa bu yerdagi yarqirab turgan shishavand ulkan binolarni ko‘rib, yarim asr oldin faqat quruq joy bo‘lganiga ishonmaysiz. Singapur bugun nafaqat iqtisodiyoti bilan, balki mo‘’jizaga boy maskanlari bilan dunyo sayyohlari xaritasining eng yorqin nuqtasiga aylandi.
Bu ulkan evrilishlar bir inson — haqiqiy ma’noda yetakchi Li Kuan Yu nomi bilan bog‘liq. U davlat hamda fuqaro o‘rtasida uzviylikni ta’minlash g‘oyasini amalga oshira oldi va dunyo iqtisodiyotiga «Singapur mo‘’jizasi» degan atamani olib kirdi.
Yoki aytaylik, Xitoy iqtisodiyotida o‘ziga xos inqilob yasagan Den Syaopin islohotlari esa bugun ushbu davlatni jahonning yetakchilari qatori olib chiqdi. Mayda ustaxonalar — kichik biznesni rag‘batlantirishdan boshlangan islohotlar yirik kompaniyalar, korporatsiyalar darajasigacha ko‘tarilib, jahon bozorini zabt etdi. Bugun dunyoning har bir mintaqasida — dasturxondagi taomdan tortib, maishiy texnikagacha Xitoy mahsulotlarini ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda jahon afkor ommasi dunyo siyosatida yangi bir to‘lqinni ko‘rayotganini e’tirof etishmoqda. Bu to‘lqinni harakatga keltirayotgan kuch esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan mamlakatning yangi taraqqiyot yo‘lidir.
Bu — biqiq iqtisodiyotdan shaffoflikka o‘tgan, dunyoga keng quloch ochgan, har bir qadamida odamlar manfaatini ustuvor qo‘ygan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, uni beshta «I» — integratsiya, innovatsiya, inson kapitali, ishonch va iqtisodiy o‘sishga asoslangan taraqqiyot formulasi, deb atash mumkin.
Bugungi kunda ushbu tamoyillarni bir nuqtada birlashtirgan yangilanishlarga hayotimizning ko‘plab jabhalarida guvoh bo‘lyapmiz. Masalan, klasterlar faoliyati bunga yaqqol misoldir. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy iqtisodiyotimizga tatbiq etilayotgan klasterlar faoliyatining samaralari xususida uzoq yozish mumkin. Ammo hozir uning birgina jihati, aynan ilm ahliga bergan afzalligini aytib o‘tmoqchimiz. Bu millat bolalari va ularning ustozlari paxta dalalaridan qaytarib olinishida muhim rol o‘ynadi.
Axir, kechagi kungacha emasmidi, o‘qituvchiyu o‘quvchilar, olimlaru talabalar, hatto ixtirochilar ham yilning chorak qismini paxta dalalarida o‘tkazgani?! Bu vaqt ilmga sarf etilganida qanchadan-qancha kashfiyotlar bo‘lishi mumkin edi-ku?! Ularning vaqti bilan birga yerga sochilgan qadri-chi?! Endi bu savollar faqat dilni ezadi, xolos. Afsuski, vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi...
Ammo dilga taskin, ertangi kunga ishonch beradigan tuyg‘u bor. Prezident Shavkat Mirziyoyevning hayotbaxsh g‘oyalari o‘laroq yuzaga kelgan taraqqiyot formulasining birinchi hayotbaxsh yechimi — klasterlar faoliyati ilm ahlini egatlardan olib chiqdi, qadrini tikladi, millatning ertasi bo‘lgan bolalarning qaddini ko‘tardi.
Bu, uchinchi Renessans poydevori mustahkamlanayotganiga yana bir dalil aslida.
Zamonaviy dunyoga yuzlanish
Ba’zan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda, odamlar davrasida «internet dunyoni buzyapti», «yoshlar kitob o‘qimay, internetga sho‘ng‘ib ketmoqda» kabi yozg‘irishlarni kuzatamiz. Bu bir jihatdan to‘g‘ri. Ammo vaqt shiddati va texnologiyalar rivojlanishi bilan hisoblashish tamaddunning asosiy mezoni bo‘lib kelgan. Bugun jamiyatimizda faqat bir narsa — yo‘naltirish tamoyili yetishmayapti, xolos.
Bugun ilm egallashning uslublari o‘zgargan. Hozir an’anaviy ta’limdagidek, auditoriyalarda uzundan-uzoq ma’ruzalarni esnab tinglash emas, shiddatkor texnologiyalarda o‘zlashtirish mumkin.
Pedagogik faoliyatimdan bilamanki, bugungi ilm dasturlari eskirib bormoqda. Istiqlolimizga o‘ttiz yil to‘layotgan bo‘lsada, hamon darsliklarimiz mazmun-mundarijasi o‘zgarmadi. Holbuki, shu davr ichida, hatto aniq fanlar sohasida ham olamshumul o‘zgarishlar bo‘lib ketdi.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilmu fan sohasiga bag‘ishlangan har bir yig‘ilishida, odamlar bilan muloqoti jarayonida sezamanki, soha tamomila islohotga muhtoj. Xususan, darsliklar masalasida ham.
Ha, zamonaviy ta’lim bugungi kunning asosiy vazifalaridan biriga aylanishi kerak. O‘qitish uslublarini o‘zgartirish, kerak bo‘lsa, yangilash lozim. Bizning an’anaviy uslubimiz, asosan, nazariy bilimga asoslanib qolgandek. Nazarimda, uni ijodiy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirish fursati yetmoqda. Boisi biz uchinchi Renessans sahifalarini patqalamu dovotlarda emas, bil’aks, kompyuterlarda, IT va DT-texnologiyalarida yozishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari ayni shu jihatni e’tiborga olib, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish borasida qator hujjatlarni imzolayotgani, dasturlarni tasdiqlayotgani zamirida ana shunday hayotbaxsh qarashlar mavjudligini ko‘rishimiz mumkin.
Albatta, buni tarixni unutish, uni bir chekkaga tashlab qo‘yish, deb tushunmaslik kerak. Zotan, ajdodlar qoldirgan bebaho merosda hali o‘rganishimiz lozim bo‘lgan, biz hali ochib ko‘rmagan sahifalar bisyordir.
Ayni vaqtda Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalardan yetarli darajada foydalana olmayotganimizni taassuf bilan yodga olish mumkin. Qarangki, bu masala ham davlatimiz rahbarining e’tiborida ekan:
«Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma’naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur».
Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida ana shunday da’vat bor edi.
Bugun yangi O‘zbekiston tarixiga yozilayotgan zarhal harflar xorijlik olimlar nigohidan ham chetda emas. Yaqinda AQShning Nyu-York shtatida yashaydigan olim, biologiya fanlari doktori, professor, akademik Efroim Gurman bilan ayni shu mavzuda suhbatlashib qoldik.
Olim shunday dedi: «Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyo davlatlari rahbarlari orasida birinchi bo‘lib «Xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi kerak», degan ulug‘ maqsad, ezgu vazifani ilgari surdi va buning yechimini ham topib berdi. Ayniqsa, uning uchinchi Renessans g‘oyasi nihoyatda ajoyibdir. Sababi, bugungi ilmu fanga asoslangan, dunyoni faqatgina ilm bilan boshqarish mumkin bo‘lgan zamonda shunday g‘oyalargina qudratli kuch kasb eta oladi».
Bugun globallashayotgan zamonda makon tushunchasi torayib bormoqda. Dunyoning narigi burchagida axborotni lahza o‘tmay bu nuqtasida ko‘rish mumkin. Ammo shunisi muhimki, Vatan va uning istiqboli haqida qarashlar hech qachon toraygan emas.
Prezidentimizning mamlakatimiz kelajagini ta’lim va ilmu fanda ko‘rayotgani, uchinchi Renessans g‘oyasi milliy g‘oya darajasiga ko‘tarilgani, zamonaviy dunyoga yuzlanish hamda dunyo bilan tenglashmoq istagida ana shu Vatan va millat tuyg‘usining yana bir jilvalanishini ko‘rish mumkin.
Bu tuyg‘u xalqimizning qonida jo‘sh urib turgan ma’rifatga tashnalik va o‘sha olis o‘tmishdagi buyuk Uyg‘onish nasimlarining sog‘inchi bilan mushtarakdir. Shunday ekan, dunyo sahniga yana yangi tamaddun bilan bo‘ylamoqqa bu xalq ming bora haqlidir.
Uchinchi Renessans poydevorining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qiluvchi bugungi buyuk g‘oyalarda ana shunday ulug‘ maqsadlar mujassamdir.
Bakriddin ZARIPOV,
Samarqand davlat universiteti
professori,
akademik