Uchquduqda uyning 5-qavati devorida derazani ushlab turib qolgan bolakay qutqarildi (video)

Shimoliy kon boshqarmasi 6-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismining xizmatchilari 9 oktyabr kuni Uchquduqda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatda 8 yoshli bolani qutqarishdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Uchquduq shahrida yashovchi 2-sinf o‘quvchisi Temur Muxtorov uyda yolg‘iz qolib, 5-qavatda joylashgan xonadon devorining raxida, deraza romidan ushlagancha turib qolgan. O‘z kuchi bilan vaziyatdan chiqish harakati kutilmagan asoratlar bilan tahdidli edi.

Shu bois bolakayning otasi 6-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismidan yordam so‘raydi. Qismning yong‘in o‘chirish bo‘linmasi xodimlari manzilga tezda yetib kelib, ishg‘ol qilish narvoni yordamida bolakayni qutqarishdi. Bola va uning ota-onasi asablarining taranglashganligini inobatga olmaganda, favqulodda holat asoratsiz bartaraf etildi.