Ulamolar targ‘ibot guruhi – Samarqandda
Yurtimiz ulamolaridan tashkil topgan targ‘ibot guruhi vakillari bugun Samarqand viloyatiga kelib, aholi bilan suhbatlashmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari I.Inomov va rais maslahatchisi S.Sharipov Samarqand shahridagi “Shohi Zinda” jome masjidida peshin namozini ado etib, bu yerga kelgan namozxonlar bilan suhbatlashdi.
Suhbat chog‘ida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, shukrning fazilati haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, bugungi kunda koronavirus pandemiyasi sababli respublika komissiyasi tomonidan belgilangan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlandi.
Viloyatning boshqa tuman va shaharlarida o‘tkazilgan suhbatlar jarayonida poytaxtdan kelgan ulamolar va imom-xatiblar yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ota-ona va farzandlarning bir-birlari oldidagi burchlari, jamiyatdagi axloqiy munosabat haqida o‘z fikrlarini bayon etishdi.
Tadbirlar doirasida mahallalardagi ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga sovg‘a-salomlar yetkazilmoqda.