Ular quyoshga tik qaray oladi

Ta’ziyaga bordik. Marhum bir necha yildan beri qandli diabet kasali bilan og‘rib kelarkan. Hammma biladi, bu xastalik nihoyatda injiq hisoblanib, sekin-sekin o‘z “kuchi”ni ko‘rsatadi. Odamni mutlaqo eshitmaydigan va ko‘rmaydigan qilishi ham mumkin. Xullas, yomon asoratlari ko‘p.
Janoza o‘qilishiga birmuncha vaqt borligi tufayli bir burchakda davra qurdik.
- Keyingi ikki-uch oyda ko‘zlari mutlaqo ko‘rmay qoldi, - dedi qo‘shnilaridan biri. - Juda zerikdi. Nima qilishini bilmay baqirar, Xudodan najot izlab nola qilardi. Yonlariga qidirib kelganimizda o‘zimizni tanishtirardik. Yaxshimisiz, men falonchiman, derdik. Birozgina hol-ahvol so‘ragach, o‘ksib-o‘ksib yig‘lardi. Ko‘nglimiz buzilib biz ham ko‘zyoshimizni tinimsiz artardik.
Bir kuni kelsam, chorpoyada bir o‘zi o‘tirgan ekan. Kim bilandir gaplashib o‘tirgandek tuyuldi, menga. Biroq yonida hech kim yo‘q edi. Osmonga qarab tinimsiz nola qilayotgan ekan. So‘zlariga biroz quloq tutdim. “Ey, Alloh, mayli, butun boyligimni olgin, qo‘sha-qo‘sha mashinalarim ham sadaqa bo‘lsin, yotib-turishim uchun bittagina xona, bir parcha yer yetarli. Lekin ko‘zlarimni qaytar, Xudojon. Mayli quloqlarim mutlaqo eshitmasin, oyoqlarim kesilsa ham roziman, ko‘zlarimni qaytar, Xudojon”, derdi tinim bilmay. Indamay ortimga qaytdim. Xalaqit bergim kelmadi. Keyin eshitsak, o‘zining bunday holatiga yuragi dosh bermabdi. Ichi qisilgan. Infarkt orttiribdi. Bechora, yaxshi odam edi.
- Ha, - dedi yana kimdir. - Tasavvur qiling, binoyidek ko‘rib yurgan odam birdaniga ko‘rmay qolsa. Dunyo zim-ziyo bo‘lib, xuddi qorong‘ulikka tushib qolgandek sezadi o‘zini.
Men esa bunday suhbatni shunchaki e’tiborsiz tinglay olmayman. Ko‘z o‘ngimdan ishxonamdagi necha-necha ko‘zi ojiz o‘qituvchilar, hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan, bu dunyoning go‘zalligidan, tevarak-atrofga to‘yib-to‘yib boqishdan bir umrga mosuvo bo‘lgan o‘quvchilar bir-bir o‘ta boshlaydi. Ellik yoshga to‘lganlari ellik yildan buyon, oltmish yoshga kirganlari esa oltmish yildirki ko‘rish baxtidan ayrilgan. Ularning bardoshiga, sabru toqatiga tan bermay ilojing yo‘q. Bu dargohga ishga kelganimga qariyb bir yarim yil bo‘libdiki, kuzatishda davom etaman. Juda ko‘p hollarda “qovun tushirgan” paytlarim ham bo‘lgan.
Bir kuni ko‘zi ojiz o‘qituvchi bilan hovlining ichkariga kirish yo‘lagida ko‘rishib, indamay ketivoribman. O‘n qadamcha yurib ortimga qarasam, boyagi o‘qituvchi “menga” nimalarnidir gapirishda davom etyapti ekan. Shartta to‘xtab ortimga qaytdim. Bilintirmay yoniga yetib kelar ekanman, suhbatni davom ettirdim. Shundan so‘nggina ko‘zi ojizlar yonidan jilayotganimda buni albatta bildirishim kerakligiga “aqlim yetdi”. Yoxud ko‘zlari ko‘rmaydigan kishi bilan ko‘rishish maqsadida unga qo‘lingizni cho‘zsangiz, u sizga peshvoz chiqmaydi. Shuning uchun avval uning qo‘lini uzatishini kutaman. Assalomu alaykum, deyishni esa yoshi mendan ancha kichik bo‘lsa-da, undan oldin aytaman. Shundagina u meni taniydi va so‘rashishni boshlaydi.
Ba’zida kuzatib xo‘rligim ham keladi. Ikki nafar ko‘zi ojiz ko‘rishish maqsadida bir-birlarining qo‘llarini izlab qolishadi. Tasavvur qilyapsizmi? Izlab qolishadi. Bir necha soniyalar davom etadigan bu jarayon qalbimni o‘qdek teshib o‘tadi.
Doim bir holatga e’tibor beraman. Bu yerda ko‘zi ojiz o‘qituvchilar, hatto o‘quvchilar ham o‘zlariga e’tibor berishadi. Boshqacha aytganda, kiyib yurgan kiyimlarida gard ko‘rmaysiz. Dazmollangan va doimo ozoda. Hatto bosh kiyimining qiyshiq yoki noto‘g‘ri kiyilgani kuzatilmaydi. Ko‘zlari ko‘rsa-da, ust-boshi kir, kirki, pichoq bilan qirib olsa bo‘ladigan kastyum-shimlarni kiyib yurgan erkaklarni, o‘ziga yarashmaydigan ko‘ylaklarda yurgan didsiz ayollarni ko‘rganimda, negadir maktab-internatning yuksak fazilatlarga ega jamoasi yodimga tushadi.
Esimda, qaysidir tadbirda oliygohlarning biriga bordik. To‘planganlarga mavzu bo‘yicha bir professor ma’ruza qildi. Lekin, kiygan libosi aftoda ahvolda edi. Anchadan buyon yuvilmagan, yag‘iri shundoqqina ko‘zga tashlanib turgan, dazmolining chizig‘i bilinmay ketgan shim professorning ustiga yarashmay turgandi. Xotini, qizi, kelinlari ko‘rmi, dedi shunda kimdir sekin pichirlab. Ichimda nimadir “shig‘” etdi. Ko‘zi ojiz kishilar bizdan-da toza, bizdan-da chiroyli kiyinishini baqirib aytgim keldi, lekin buning mavridi emasdi.
Ko‘zi ojiz kishilarning sog‘lom insonlardan juda katta ustunlik tomoni bor. Bilasizmi, nima? Ular yozning jazirama issig‘ida, qoq peshin pallasida tepamizda turgan quyoshga tik qaray olishadi. Buni qanday tushunsangiz tushuning. Istasangiz to‘g‘ri, istasangiz ko‘chma ma’noda idrok qiling.
Abduhalim Meliyev,
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi.