“Ularning vazifasi davolash — qog‘oz to‘ldirish emas”: shifokorlarning ortiqcha yuklamasi va sohadagi qog‘ozbozlik kamayishi lozimligi aytilmoqda

Ma’lum bo‘lishicha, tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozir 26 turdagi jurnallar, 33 turdagi hisobot shakllari hamda bemorlarga beriladigan o‘nlab turdagi blankalarni to‘ldirishga majbur bo‘lmoqda.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tibbiyot muassasalaridagi ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.

“Tibbiyot muassasalarida hali-hanuz ortiqcha ovoragarchiliklar barham topgani yo‘q. Shifokorlar qabuliga kirish uchun bemorlar ba’zan soatlab navbat kutishiga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki soha xodimlari zimmasidagi yuklamalar ko‘p. Ularning aksariyati qog‘ozbozlik bilan bog‘liq.

Masalan, "Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali"ga noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj bo‘lmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni “Bugun ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lmadi” degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart.

Vaholanki, shifokorning eng asosiy vazifasi odamlarga shifo ulashishdan iborat. U buning uchun har bir bemorga o‘rtacha 15 daqiqa vaqt ajratishi kerak. Biroq amalda shundan ma’lum qismi hujjat to‘ldirishga sarflanmoqda.

Birlamchi bo‘g‘in xodimlari “Ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali” ham ortiqcha, degan fikrda. Negaki, aholi juda ko‘p murojaat qilgan pallalarda qabul bo‘limi hamshirasining mazkur jurnalni to‘ldirib o‘tirishi uzundan uzoq navbatlarni yuzaga keltiradi. Bu esa odamlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Qolaversa, bemorlar qabul bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana ro‘yxatga yozilishi zarur”, deyiladi vazirlik xabarida.