“Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada” sport musobaqalari endi boshqacha o‘tadi

Xo‘sh, bu uchlik sport musobaqasi qanday bosqichda o‘tkaziladi? Avvalgi yillarda bo‘lib o‘tgan musobaqalardan nimasi bilan farq qiladi? Qaysi sport turlari qo‘shildi? Shu kabi savollar bilan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat RO‘ZIYeVga murojaat qildik.
– “Umid nihollari” sport musobaqasi 7-18 yoshgacha, ya’ni umumiy o‘rta ta’lim maktablari va akademik litseylarning I-II kurslari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi – deya gap boshladi Sh.Ro‘ziyev. - Jumladan, 1-bosqich sentyabr oyida bo‘lib, har bir sinf va kursning sport turlari bo‘yicha jamoasini shakllantirish, sentyabr-oktyabr oylarida sinf va kurs jamoalari o‘rtasida musobaqaning ta’lim muassasasi bosqichini o‘tkazish hamda g‘olib jamoalardan ta’lim muassasasining sport turlari bo‘yicha terma jamoasini shakllantirishdan boshlanadi. Musobaqaning quyi bosqichini o‘tkazishga ta’lim muassasasi direktori va tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limi, jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari mas’ul etib belgilangan.
2-bosqich noyabr oyida tashkil etilib, ta’lim muassasalarining terma jamoalari o‘rtasida musobaqaning tuman, shahar, bosqichini o‘tkazish va g‘olib jamoalarni aniqlash hamda shahar va tumanlarning sport turlari bo‘yicha terma jamoasini shakllantirishdan iborat.
3-bosqich mart-aprel oylarida o‘tkaziladi. Unda musobaqaning 2-bosqichida g‘olib bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasida musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi o‘tkaziladi. Folib jamoalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining sport turlari bo‘yicha terma jamoasi shakllantiriladi.
4-bosqich may oyida bo‘lib o‘tadi. Unda musobaqaning 3-bosqichida g‘olib bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasida musobaqaning respublika final bosqichi o‘tkaziladi va g‘olib jamoalar aniqlanadi.
“Barkamol avlod” sport musobaqasi kasb-hunar kollejlarining 17-20 yoshdagi o‘quvchilari ishtirokida o‘tkaziladi. Bunda ham yuqoridagi kabi to‘rt bosqich bo‘lib, oylar kesimida emas, yil davomida bosqichma-bosqich har bir kursning sport turlari bo‘yicha jamoalari shakllantiriladi va hududiy bosqichlardan g‘olib bo‘lganlar terma jamoa sifatida viloyatda bellashadi, g‘olib bo‘lganlar respublika bosqichining finalida ishtirok etadi.
“Universiada” sport musobaqasida oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichining I-VI kurs hamda magistratura bosqichining I-III kurs 17-28 yoshdagi talabalari qatnashadi. Bu yo‘nalishda ham yil davomida bosqichma-bosqich har bir fakultetning sport turlari bo‘yicha jamoalari shakllantiriladi va g‘olib bo‘lgan jamoalar viloyat terma jamoasi safida musobaqaning respublika bosqichiga boradi.
Uch bosqichli sport musobaqasida yoshlar 28 sport turi bo‘yicha bellashadi. Jumladan, futbol, gandbol, voleybol, mini-futbol, basketbol, stritbol, dzyudo, ushu, badminton, tennis, yengil atletika, velosport, suzish, stol tennisi, sport va badiiy gimnastika, boks, og‘ir atletika, shaxmat, armrestling, karate, taekvondo, kurash, turon va belbog‘li kurash, o‘zbek jang san’ati, erkin va yunon-rum kurashlari turlari bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Viloyatimiz 2019 yilda o‘tkaziladigan “Barkamol avlod” sport musobaqasining futbol va gandbol sport turlarining, “Universiada” sport musobaqasining suzish va stol tennisi bo‘yicha finaliga mezbonlik qiladi. 2020 yilda “Umid nihollari” sport musobaqasining suzish va stol tennisi respublika final bosqichi esa Samarqandda bo‘lib o‘tadi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport musobaqasiga mini-futbol, ushu, sambo, velosport, armrestling, o‘zbek jang san’ati, karate, turon va belbog‘li kurash hamda badminton sport turlari qo‘shildi. Avvalgi yillardan farqli o‘laroq endigi musobaqalar quyi, viloyat va respublika bosqichi bilan yakunlanadi. Oldin yoshlar mintaqaviy bosqichdan ham o‘tardi. Yana bir muhim jihati, sport turlari bo‘yicha musobaqaning final o‘yinlari endi har yili viloyatlarda o‘tkazilishi belgilandi, bu o‘z navbatida sportchi yoshlarning doimiy shay holatda turishiga imkoniyat yaratadi. Yosh toifasidagi o‘zgarishlar ham musobaqalarning nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
2019 yilda bo‘lib o‘tadigan “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqasining futbol, gandbol, suzish hamda stol tennisi final bosqichiga viloyatimizdagi “Dinamo” stadioni, SamDU qoshidagi akademik litsey sport zali, “Delfin” suv sport saroyi va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi tayyor holga keltirilmoqda.
Husan ELTOYeV yozib oldi.