Ummon Sultonligi elchisi arab tili bayramida qatnashdi
Ummon Sultonligining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy xonim Samarqand davlat chet tillar instituti faoliyati bilan tanishdi.
Institut rektori B.Xoliqov bilan uchrashuv chog‘ida Ummon Sultonligi oliy ta’lim muassasalari bilan Samarqand davlat chet tillar instituti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, ilmiy tadqiqot ishlarini birgalikda tashkil etish, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.
1973 yilning 18 dekabrida BMTning arab tilini rasmiy til sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan va YuNESKO tomonidan bu kun "Butunjahon xalqaro arab tili kuni" etib belgilangan. Shundan buyon xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va arab tili o‘rganilayotgan oliy ta’lim muassasalarida arab tili bayrami o‘tkaziladi.
Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy xonim institutda ushbu sana munosabat bilan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zbek va arab xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘xshash an’ana va qadriyatlar haqida so‘z yuritildi. Renessanslarga asos solgan ajdodlarimiz o‘z davrining ilmiy tili hisoblangan arab tilida buyuk asarlar yaratgani qayd etildi.
Bugun institutda yuzlab o‘zbek yoshlari arab tilini katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Ularga mahalliy mutaxassislar bilan birga arab mamlakatlaridan kelgan o‘qituvchilari saboq bermoqda.
Elchi xonim arab tilining xalqaro maydondagi ahamiyati, uni xorijliklarga o‘rgatish yo‘nalishida Ummon Sultonligi hamda Sulton Qobus universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘z yuritdi. Xorijiy tillarni, jumladan, arab tilini o‘rganayotgan talabalarga o‘z maslahat va tavsiyalarini berdi.