"Umra" xizmatini ko‘rsatgan ayrim firmalarning litsenziyasi yo‘qligi aniqlandi
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi 345-sonli qaroriga muvofiq, joriy yil 1 noyabridan boshlab fuqarolarga “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
“Umra” ziyoratiga borishda qarorda keltirilgan talablardan kelib chiqqan holda maxsus litsenziyaga ega bo‘lmagan turoperatorlar xizmatidan foydalinishda ogoh bo‘lishni va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmaslik uchun litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlar bilan hamkorlikda ishlash tavsiya etiladi.
Litsenziyaga ega bo‘lmay “Umra” tadbirlarini tashkil etish bilan shug‘ullanayotgan 23 ta tadbirkorlik sub’yektiga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muddatlar belgilanib, ko‘rsatmalar berildi.
Belgilangan muddatlarda kamchiliklarni bartaraf etmagan “Orzu Travel”, “Lastochka - Planeta”, “Premier Wanderlust”, "Bobissalam-Travel”, "Muslim-Tour MT”, “Delta Smart Project” MChJlarning “chiqish turizmi” faoliyati bilan shug‘ullanishga asos bo‘lgan litsenziyalari Toshkent shahar turizm boshqarmasining qarorlari bilan amaldagi qonunchilikka asosan 10 kun muddatga to‘xtatildi.