Unvon mas’uliyatga undaydi

Xalqimiz «Qarisi bor uyning parisi bor», «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi» degan naqllarni bejiz ishlatmaydi. Negaki eng avvalo oila a’zolari, qolaversa, qo‘ni-qo‘shni, ishxonadagilar yoshi ulug‘lardan doimo ibrat olishadi. Ibrat mas’uliyati keksalarni hamisha o‘z nuroniylik salohiyatini namoyish qilishga undaydi.
Hasan Norbekovichda ana shunday noyob fazilat mavjud. Bu inson har bir masalaga e’tibor, diqqat, ishtiyoq bilan yondashadi, kuyunchaklik, samimiyat bilan munosabat bildiradi. Prezidentimiz g‘oyalari mohiyatini davradagilarga sodda, tushunarli qilib yetkazmaguncha tinchimaydi.
Muhimi, bizlardan ham ana shunday bo‘lishni talab qiladi, har bir ishda shaxsiy ibrat ko‘rsatishimizni so‘raydi. Shu sababli «Nuroniy» jamg‘armasi viloyatimizda katta mavqega ega. Biz Hasan akaning «Duogo‘ylik – savob, lekin shaxsiy ibrat yaxshi samara beradi» degan o‘gitlariga doimo amal qilamiz.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan H.Normurodovga O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilishidan biz keksalarning ko‘ngli tog‘dek yuksaldi. Davlatimiz rahbarining keksalar hayotiy tajribasiga, nuroniylar ibratiga tayanib ishlashiga chin dildan ishondik. Va Hasan Norbekovich siymosi orqali ana shu ishonchga munosib bo‘lishga harakat qilamiz.
Bunday e’tiborga biz shubhasiz, o‘zimizning boy hayotiy tajribalarimiz bilan diyorimizning tobora gullab-yashnashi, ayniqsa yoshlarimizni komil inson ruhida tarbiyalashga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Bu borada Hasan akaga o‘xshagan samimiy halol va fidoyi insonlar maslahatiga tayanamiz. Qahramonlik muborak, aziz ustoz!
Bahodir XIDIROV,
«Nuroniy» jamg‘armasi Ishtixon tuman bo‘limi raisi.