Urganchda bir guruh shaxslar tomonidan amalga oshirilgan qonunga xilof xatti-harakatlar yuzasidan rasmiy munosabat
2019 yil 23 sentyabr kuni Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida bir guruh shaxslar tomonidan amalga oshirilgan qonunga xilof xatti-harakatlar yuzasidan Xorazm IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Xorazm viloyati Gurlan tumanida yashovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro Radjapov Maxmud Karimovich bugungi kunda o‘ziga nisbatan Xorazm viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi ish yurituvidagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida, tergovdan qasddan bosh tortmoqda va o‘zining ushbu maqsadini amalga oshirishda yaqin qarindoshlarini, hatto yosh bolalarni ham jalb qilmoqda.
Jumladan, M.Radjapov Xorazm viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergovga bir necha marotaba chaqirilishiga qaramasdan, tergovga kelishdan bo‘yin tovlagan.
2019 yil 20 sentyabr kuni tergov guruhi tomonidan M.Radjapov bilan tergov harakatlari o‘tkazish uchun uning uyiga borilganda, u ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, kelgusida hech qanday tergov organlariga bormasligini bildirib, o‘zining atrofiga yaqin qarindoshlari va oila a’zolarini ham to‘plab, ichki ishlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlariga to‘sqinlik qilgan va bu jarayonlarni uyali telefoni orqali videotasvirga olib, internetga - jahon axborot tarmog‘ining www.facebook.com saytidagi sahifasiga joylashtirgan.
Shuningdek, M.Radjapov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali aholini davlat organlaridan norozi bo‘lishga undovchi turli xil vaziyatlarni yoritish bilan shug‘ullanuvchi, 1987 yilda tug‘ilgan Ollashkurova Nafosat Baltabayevnani jalb etib, keng jamoatchilikning e’tiborini tortish, aholi o‘rtasida davlat organlariga ishonchsizlik uyg‘otish orqali o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining tugatilishiga erishish maqsadida 2019 yilning 22 sentyabr kuni soat 16 larda oila a’zolari va yaqin qarindoshlarini to‘plab (jami 12 nafar shaxs), Toshkent shahriga borib, IIV rahbariyati bilan uchrashishlarini aytib, Gurlan tumanidagi uyidan piyoda yo‘lga chiqqanlar.
Ular yo‘lning qatnov qismida piyoda yurib, transport vositalarining harakatiga xalaqit berganliklari sababli, ular bilan bog‘liq salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida, ularning yoniga Gurlan tumani hokimi va Xorazm viloyati IIB boshlig‘i shaxsan kelib, ular bilan uchrashib, bu xatti-harakatlari qonunga xilof ekanligini, uylariga qaytishlarini tushuntirgan bo‘lsa-da, ular ushbu talablarga rioya etmasliklarini bildirib, bu jarayonlarni ham N.Ollashkurova internet jahon axborot tarmog‘ining www.facebook.com saytidagi “Shabnam Olloshkurova” nomli sahifasida ijtimoiy tarmoqdagi do‘stlari safiga qo‘shilgan foydalanuvchilar e’tiboriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri video aloqa orqali yetkazib borgan.
M.Radjapov o‘ziga hamrohlik qilayotgan oila a’zolari va yaqin qarindoshlari bilan 2019 yilning 23 sentyabr kuni Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilib, aholining e’tiborini tortish niyatida piyoda yurish orqali o‘zlarining noroziligini namoyon etishdi. Ushbu holatlarni Sh.Ollashkurova o‘z sahifasida jonli tarzda yoritib bordi.
Ular bilan Urganch shahri hokimi uchrashib, namoyishlarni o‘tkazish uchun tegishli tartibda ruxsat olish kerakligini va bu namoyishlar boshqa shaxslarning kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir etmasligi lozimligini tushuntirgan. Ular davlat organlarini obro‘sizlantirishga, fuqarolarning ularga ishonchini yo‘qotishga qasddan harakat qilib, shovqin-suron ko‘tarib, ommaning e’tiborini o‘zlariga qaratishga urindilar va bu jarayonlarni to‘lig‘icha ijtimoiy tarmoqlarda jonli tarzda yoritib bordilar.
M.Radjapov va unga hamrohlik qilgan oila a’zolari hamda yaqin qarindoshlarining qonunga xilof ushbu harakatlariga chek qo‘yish va huquqiy baho berish uchun ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan hududiy ichki ishlar bo‘limiga keltirildi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, M.Radjapovning 2019 yil 22-23 sentyabr kunlari avtomobil yo‘llarida piyoda yurish orqali namoyon etgan noroziligini yaqin qarindoshlari va oila a’zolaridan boshqa biron-bir fuqaro qo‘llab-quvvatlamadi va unga hamrohlik qilmadi.
Shu o‘rinda, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzganlik uchun amaldagi qonunchiligimizda javobgarlik belgilanganligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.