“Urgut sadosi” gazetasining sobiq muharriridan 20 ming dollar talab qilgan auditor 3 yilga “kesildi”

Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi sudyasi A.Ahmadov Zarnews.uz ga ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, A.B. mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “AUDIT-HISOB MARKAZI” auditorlik tashkilotida audit yordamchisi lavozimida ishlagan.

U shartnomaga asosan joriy yilning 10 mart kuni “Urgut sadosi” tahririyatining moliyaviy ahvolini o‘rganishni boshlagan. Tekshiruv davomida aniqlangan kamchiliklar S.T.ning muqaddam bosh muharrir bo‘lib ishlagan davriga to‘g‘ri kelishini aniqlab, telefon orqali suhbatlashib, S.T.dan ko‘p miqdorda pul talab qilgan.

2017 yil dekabrdan 2020 yil 3 martga qadar “Urgut sadosi” gazetasida bosh muharrir lavozimida ishlagan S.T. sud majlisida bildirishicha, lavozimidan bo‘shatilganidan keyin yangi bosh muharrir audit tekshiruvi o‘tkazilgach, hujjatlarni, boshqa vositalarni topshirish va qabul qilish ishlari amalga oshirilishini bildirgan.

Shundan so‘ng S.T. o‘z yashash uyida yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Odatiy kunlarning birida begona raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, uning bosh muharrirlik faoliyatida ko‘plab kamchiliklar aniqlanayotganini, agar kelisholsa, bu ma’lumotlarni IIVga bermasligini bildiradi.

Tabiiyki, S.T. aytilgan manzilda uchrashuvga rozi bo‘ladi. Muloqot davomida A.B. aniqlangan kamchiliklarni ochiqlamaslik sharti bilan 20 ming dollar talab qiladi.

A.B.ning noqonuniy harakatlari bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmatiga murojaat qilgan S.T. bir necha kundan keyin 10 ming dollar bera olishini aytadi.

Belgilangan joydagi uchrashuvda A.B. 10 ming dollarni olmaydi. Maxsus ishlangan taxlamdagi pullardan 1 donasi, ya’ni 100 dollarni oladi. Shundan so‘ng bozorga borib, xarid qilish uchun pul so‘ragan A.B.ga S.T. o‘ramdagi pullardan yana birini tutqazadi. Pul cho‘ntagiga tushib ulgurmasidan A.B.ning qo‘llariga kishan taqiladi.

Ishni atroflicha ko‘rib chiqqan sud A.B.ga 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. A.B. shuningdek, 3 yil auditorlik tashkilotlarida auditorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.