Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgut va Payariqda organik chiqindidan biogaz olinyapti

Maxsus uskunalarda organik moddalarni bijg‘itish usuli bilan biogaz olish texnologiyasidan Xitoyda birinchi bo‘lib foydalanilgan. Hozirda mamlakatda milliy energoiste’molining 30 foizi biogaz hisobidan.

Bu qurilma juda sodda bo‘lib, kam sonli qoramol va parrandaga ega bo‘lgan har bir xonadon egasi uni o‘rnatishi mumkin. Maydon jihatdan ko‘p joy egallamaydi, reaktor uchun ham jihozlar soni kam. Xitoyga borib, ushbu tajribani o‘rgangan payariqlik tadbirkor Alijon Temirov aholi xonadonlarida qishloq sharoitida organik chiqindidan biogaz olishga mo‘ljallangan kichik hajmdagi biogaz qurilmalari o‘rnatmoqda.

- Har bir qoramol chiqindisidan bir kunda 4,2 kub metrgacha biogaz olish mumkin, - deydi  «UZBIOGAZ» MChJ rahbari A.Temirov. – Boshqacha aytganda, bitta qoramol chiqindisidan olinadigan kunlik biogaz qariyb 10 kilogramm yog‘och-o‘tin yoki 5 kilogramm ko‘mir energiyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois Xitoyda ko‘p xonadonlarda biogaz qurilmasi o‘rnatilgan. Bu usulni o‘rganish maqsadida Xitoyda bo‘ldim va mutaxassislar bilan tajriba almashgach, biogaz qurilmalari ishlab chiqaruvchi sex tashkil qildim. Dastlab Urgut tumanining Dehqonobod mahallasida yashovchi Chingiz Barotov xonadonida kichik hajmdagi biogaz qurilmasini o‘rnatgan edik. Ushbu qurilma orqali fuqaro xonadoni va mahalla hududidagi 150 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘chaga biogaz yetkazib berilmoqda.

Hozirgi kunda tadbirkor tomonidan biogaz qurilmalari Urgutdagi Dehqonobod, Quyiqishloq, Sanchiqul, Payariqdagi Uymovut va Dehqonobod mahallalaridagi aholi xonadonlarida o‘rnatilgan.

- Mutaxassis tavsiyasi bilan yetti oy oldin biogaz qurilmasini xonadonimizga o‘rnatgan edik, - deydi Uymovut mahallasida yashovchi Xudoyberdi Temirov. – Ikki bosh qoramol go‘ngidan olinadigan gaz bilan ro‘zg‘orimizda ovqat pishyapti, choy qaynayapti va kerakli paytda uyimizni ham isityapmiz. Qolaversa, ortgan o‘g‘itni mahalla aholisiga sotyapmiz.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.