Urgutda karantin qoidasini buzib, IIB xodimlaridan qochgan shaxs jazolandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumani hududida bir fuqaroning ichki ishlar idoralari xodimlarining xizmat avtomashinasidan tushib, qochib ketganligi tasvirlangan videolavha tarqatildi.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilgan va holatga oydinlik kiritilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro A.X. 2020 yil 1 iyun kuni soat 11:10 larda vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joyida niqobsiz holatda “qizil” hudud toifasiga kiritilgan Urgut tumani Navbog‘ mahallasi hududida yurganida, Samarqand viloyati IIB JTSB PPXB 2-otryad xodimlari A.Ro‘ziqulov va M.Toirovlar tomonidan unga karantin qoidalarini buzganligi tushuntirilib, reyd tadbiriga ajratilgan “UAZ” rusumli maxsus avtomashinada IIB binosiga olib ketilayotganida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan IIB binosiga borish haqidagi qonuniy talablarini bajarmasdan, avtomashinadan tushib qochib ketgan.
Ushbu holat yuzasidan fuqaro A.X.ga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Urgut tumani ma’muriy sudining 2020 yil 4 iyun kungi qarori bilan fuqaro X.A. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismi va 194-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, shu kodeksning 34-moddasiga asosan unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Akmal ALIMOV,
Urgut tumani ma’muriy sudi raisi.