Urgutda "opiy" savdosi fosh etildi
Samarqand viloyati IIB jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Urgut tumani Pochvon mahallasi hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu tumanda yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan S.M. oldindan tanishi bo‘lgan 1979 yilda tug‘ilgan A.Sh. ning yashash uyiga o‘zi bilan bir dona rangsiz sellofan paketiga o‘ralgan o‘tkir hidli, to‘q jigar rangli, yopishqoqsimon, og‘irligi taxminan 139 gramm “opiy” giyohvandlik moddasini olib kelganligi aniqlangan.
S.Sh. bu giyohvandlik moddasining grammini 120 ming so‘mdan sotish maqsadida olib kelgan va A.Sh.ning uyida iste’mol qilayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida S.M. ushbu “opiy” giyohvandlik moddasini Urgut tumanida yashovchi mahalladoshi 1989 yilda tug‘ilgan A.T. dan olganligini bildirgan. Shu sababli hozirda A.T. bilan tegishli tartibda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyat IIB ekspert kriminalistika bo‘limining ma’lumotnomasiga ko‘ra, tadbir davomida olingan modda “opiy” giyohvandlik moddasi, uning og‘irligi esa 139,46 gramm ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25 va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ushbu olingan "opiy" giyohvandlik moddasi manbasini aniqlash maqsadida tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Bu haqda IIV JQBB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.