Urgutdagi maktabni ta’mirlashda nega eski yog‘ochdan foydalanilmoqda?
Telegramdagi @zarafshonbot manzilimizga Urgut tumanidagi 27-umumta’lim maktabida olib borilayotgan kapital ta’mirlash ishlari jarayonida bino tomini yopishda eski qurilish materiallaridan foydalanilayotganligi haqida murojaat kelib tushdi. Holatni joyida o‘rganish maqsadida ushbu maktabda bo‘ldik.
Invectitsiya dasturi asosida joriy yilda mazkur ta’lim muassasasini kapital ta’mirlash belgilangan. Bu vazifani tumandagi “Mohli Oqila” xususiy korxonasi quruvchilari amalga oshirmoqda. Shu yilning aprel oyidan boshlangan qurilish ishlari jarayonida maktabning to‘rtta o‘quv korpusi, sport zali va boshqa binolarini ta’mirlash, eshik va romlarni almashtirish, tom qismini yangilash, atrofni o‘rash, zamonaviy isitish tizimini yaratish kabi vazifalar rejalashtirilgan. Lekin qurilish jadal va sifatli amalga oshirilyapti, deb bo‘lmaydi. Binoning tom qismini yangilashda, haqiqatdan ham, eski, avval foydalanilgan yog‘och materiallar ishlatilayotganining guvohi bo‘ldik.
Buxoro viloyatidagi Olot va Qorako‘l tumanlarida yaqinda kuzatilgan shamol oqibatida ko‘plab binolar tom qismi buzilgani kabi ko‘ngilsizliklar takrorlanmasligiga kim kafolat beradi? Uzoq yillar foydalanilgan eski taxtalar qayta ishlatilsa, kuchli shamollarga bardosh bera oladimi?
Qurilish korxonasining rahbari ta’kidlaganidek, “optimizatsiya” sabab mablag‘ kamaytirilgandir, qurilish materiallaridan tejab-tergab foydalanilayotgandir. Ammo bu qurilish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi, bugun kapital ta’mirdan chiqqan maktab bir-ikki yildan so‘ng yana ta’mirga muhtoj bo‘lmasligi kerak.
Ha, darvoqe, ushbu ob’yektda ishlayotgan quruvchilar bilan suhbatlashganimizda ular tushlikda go‘shtsiz osh pishirib berilayotganligini ham aytishdi. O‘ylanib qoldik, nahotki “optimizatsiya” ishchilarning ovqatlanishiga ham ta’sir qilgan bo‘lsa.
O‘ylaymizki, yuqoridagi holatlarga mutasaddilar e’tibor qaratishadi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.