“Urgutini” brendi xalqaro bozorga chiqadi, buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham yetarli

Yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini 2 barobar oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 634 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Yetishtirilgan 261 ming tonna paxtadan 47,2 ming tonna ip-kalava, 36,2 million kvadrat metr gazlama, 15,5 ming tonna trikotaj mato, 80 million juft paypoq, 88,5 million dona tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Tizimda 18 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

Joriy yilning 6 oyida 3,3 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Shundan, 65 ta korxona tomonidan 70 million dollardan ortiq tekstil mahsulotlari 31 ta davlatga eksport qilingan.

 Aslida 11 turdagi mahsulot eksport qilingan bo‘lib, 22 million dollarligi tayyor kiyim-kechak mahsulotlari, 20,7 million dollarligi paxta ip-kalavasi, 11 million dollarligi gilam va gilam mahsuloti, 6 million dollarligi uy tekstil mahsulotlarini tashkil qiladi.

Albatta, bu hali marra emas. Ushbu tekstil va to‘qimachilik sanoati yo‘nalishida umumiy qiymati 113,7 million dollarlik 34 ta loyiha amalga oshirilib, 4200 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Viloyatimizda tekstil va to‘qimachilik yo‘nalishida biz barcha bosqichlarni amalga oshirdik, deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, bugungi kunda paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotgacha ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotlarimiz butun dunyo bo‘yicha sotilmoqda. Misol uchun, Samarqand tumanida joylashgan “Sam Rafoat tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati uy tekstil mahsulotlarini “Parisa hom” brendi ostida Yaponiya, Yevropa va boshqa davlatlarning 4 va 5 yulduzli mehmonxonalariga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan.

“Samarqand apparel” mas’uliyati cheklangan jamiyati “Ze Nors Feys” va “Engelbert Shtraus” brendlariga mahsulot yetkazmoqda. Ushbu mahsulotlar Yevropa va Janubiy Koreyaga eksport qilinadi.

“Daka inteks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Glori Jins, Promo tekstil, Sport master, Aprel, Ospin” brendlari ostida Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlariga 4,5 million dollarlik mahsulot eksport qilinmoqda.

“Zarafshon tekstil” tomonidan “Kik” brendi asosida Germaniyaning “Kik Tekstiliyen” kompaniyasiga 3 million dollarlik mahsulotlar yetkazildi.

Bu yo‘nalishda ishlash juda yaxshi tajriba bo‘ldi, lekin endi biz o‘z brendimizni yaratish ustida ishlashimiz kerak, degan to‘xtamga kelingan. Chunki brendga tikib berilayotgan mahsulotlarning eng ko‘p foydasi brend egalariga ketib qolmoqda.

Masalan, “Urgutini tekstil” oilaviy korxonasi tomonidan “Urgutini” brendi asosida erkaklar ko‘ylaklari ishlab chiqarilib, ichki bozorga sotilmoqda. Hozirda ushbu korxona chet davlatlardagi boshqa brendlarga mahsulot tayyorlab bermoqda. O‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Urgutini” brendi asosida eksport qilsa, foyda ham, eksport ham karrasiga o‘sadi. Hozirgi kunda Intelektual mulk agentligi bilan hamkorlikda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Viloyatda shunga o‘xshash 7 ta tekstil korxona o‘z brendlarini jahon bozoriga olib chiqishga kirishgan.

Bu ko‘rsatkichni yanada oshirish mumkinmi? Mumkin, albatta. Biroq bir muammo bor – kadrlar qo‘nimsizligi. Xitoy, Hindiston, Turkiya, Vetnam, Bangladesh davlatlarida tekstilning rivoj­lanishi asosan kadrlarni o‘qitish, dizayn sohasiga e’tibor kuchaytirilganidan.

Tekstil sohasida malaka oshirish, qo‘nimsizlikni bartaraf etish maqsadida Samarqand tumanida “Afrosiyob jins” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va o‘quv markazini tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ushbu korxonada bir vaqtning o‘zida viloyat bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish, dizaynerlar va marketologlar tayyorlash imkoniyati yaratiladi. Bu esa mahsulot sifatini, mehnat unumdorligini oshiradi hamda tannarxini kamayti­rishga xizmat qiladi.

Yoqubjon Marqayev.