Urgutlik tadbirkorlar umumxalq harakatidan chetda emas

Davlatimiz rahbari 2016 yil oktyabr oyida Urgutga tashrif buyurganida tumanimizdagi sanoat zonasi bilan tanishib, faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlagan, bu yerdagi korxonalar va yangi ishlab chiqarish sub’yektlarini o‘z ichiga oladigan erkin iqtisodiy zona tashkil etilishini aytgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ish amalga oshdi. Prezidentimiz farmoni bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Hozirda bu yerda qirqdan ortiq korxona ishlayapti, minglab ishchi-xodimlar mehnat qilyapti.
Albatta, ayni paytda dunyo miqyosida tarqalgan koronavirus pandemiyasi mazkur korxonalar faoliyatiga ham ta’sir qildi, lekin hech birida ish to‘xtab qolmadi. Karantin qoidalariga rioya qilgan holda ishlab chiqarish jarayonlari davom ettirilmoqda.
Demoqchimanki, mana shunday murakkab sharoitda davlatimiz tadbirkorlarga imkoniyat va imtiyozlar yaratmoqda, faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlayapti. Buni ishbilarmonlarimiz ham yaxshi his qiladi. Shuning uchun Prezidentimiz “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surganda, urgutlik tadbirkorlar bu tashabbusga birinchilar qatorida qo‘shildi.
Jumladan, bizning “URGAZ SARPET” korxonamiz tumanimizning 33 mahallasidagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bor, ehtiyojmand 600 oilaga 300 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy vositalar tarqatdik. Bundan tashqari, ishchi-xodimlarimizga ish haqidan tashqari moddiy ko‘mak berdik, nochor oilalarni qaramog‘imizga oldik.
Xuddi shunday boshqa korxonalar, tadbirkorlar yuzlab oilalarni o‘z otaliqlariga olib, karantin paytida ularga zarur moddiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatmoqda. Bu savobli ishdan o‘zimizni chetga olmaymiz va davlatimiz rahbari tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilib, minglab yurtdoshlarimiz boshpanasiz qolganda ham urgutlik tadbirkorlar ularga ko‘mak ko‘rsatishni xayrli yumush, vijdon ishi, deb bildi. Iqtisodiy zonamiz ishtirokchilari bo‘lgan “URGAZ CARPET”, “SAM-NEGIN” “SAM ELEKTRO SERVIS”, “AGRO DRY FRUITS”, “ARFA EXPROD” va boshqa korxonalar tomonidan Sirdaryo viloyatiga 3 ming kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlari, 2,5 tonna o‘simlik yog‘i va 1,5 tonna guruch, minglab kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yuborildi.
Viloyat Kengashi deputati sifatida joylarda saylovchilar bilan o‘tkazayotgan uchrashuvlarim hamda aholining murojaatlari ham tumanimiz aholisi turmush tarzini yaxshilash, ular duch kelayotgan muammolarga yechim topishga yordam bermoqda. Eng muhimi, odamlarga bir marta yordam berish yoki ma’lum vaqt qaramog‘imizga olish bilan birga ularni ishga joylashtirish, kasb-hunarli qilishga e’tibor beryapmiz. Doimiy ishi, kasb-hunari bo‘lgan odam davlatning yoki boshqalarning ko‘magiga muhtojlik sezmaydi.
J.Haydarov,
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.