Urgutliklar faqat masjid qurmaydi, maktab va shifoxona tashkil etadiganlar ham ko‘p
Ko‘pincha davralarda urgutliklarning xayr-saxovat tadbirlari haqida gap ketsa, “Masjid qurishga katta e’tibor berishadi, muqaddas qadamjolarni obod qilishga hamma birdek hissa qo‘shadi”, degan gaplarni eshitamiz.
Ayniqsa, tumanda 10 ming namozxonga mo‘ljallangan ulkan masjidning hashar yo‘li bilan qurilgani ko‘pchilikning hayrat va havasini keltirgandi.
Bu kabi xayrli ishlarning amalga oshirilayotgani yaxshi, albatta. Odamlar savobli amallarni bajarishga intilsa, mahallalar obod bo‘ladi, bir-biriga mehr-oqibati mustahkamlanadi.
Mayli, bu alohida mavzu.
Aytmoqchi bo‘lganimiz, bugun tumanda xususiy bog‘chalar, shifoxonalar ko‘paydi, o‘tgan yil bitta xususiy maktab ham ochildi. Yana bitta xususiy maktab tashkil etish bo‘yicha harakatlar boshlanibdi.
Albatta, buyam tadbirkorlik, daromad topish manbai. Lekin daromad qilish bilan birga savob umidida, odamlarga foydasi tegishi uchun bunday ishlarga qo‘l urayotganlar ham kam emas.
Yaqinda tuman markazida to‘rt qavatli, ko‘rkam bino qurilib, yana bir xususiy tibbiyot markazi ochilibdi.
Aytishlaricha, bu Urgutdagi 24-xususiy shifoxona ekan. To‘g‘ri, aholi ko‘p bo‘lganidan keyin, shunga yarasha tibbiy xizmat ko‘rsatish maskanlari bo‘lishi kerak (hozirda tuman aholisi soni 540 mingdan oshibdi). Keyingi yillarda tuman tibbiyot birlashmasi shifoxona va poliklinikalari tegishli davlat dasturlari asosida ta’mirlandi, qo‘shimcha o‘rinlar yaratildi, yangi tibbiy jihozlar keltirildi. Lekin baribir bugungi sharoit, imkoniyatlar xususiy tibbiyotga ham ehtiyojni oshirmoqda. Kishilar xizmat sifatiga qarab, o‘zlariga ma’qul muassasaga murojaat qiladi.
Yangi tibbiyot markazi mehmonxonadek juda chiroyli, ko‘zga tashlanadigan qilib qurilibdi. Shuning uchun bu loyiha tashabbuskori – 31 yoshli tadbirkor Rustam Vahobovdan “Nima uchun mehmonxona emas, shifoxona qurdingiz?” deb so‘radim.
– Men tadbirkorman, siz aytganingizdek, mehmonxona yoki savdo markazi, ishlab chiqarish korxonasi qurib, bunga sarflagan pulimni qisqa vaqtda chiqarib olishim mumkin edi, – deydi Rustam. – Ammo bemor odam va uning yaqinlari darddan shifo topish maqsadida nechta eshikka bosh suqib, kimdan qanday najot kutishini yaxshi bilganim, bunday holat o‘zimizning ham boshimizdan o‘tgani uchun ana shunday insonlarga yordamimiz tegsin, deb shu ishga qo‘l urdim.
– Ota-onangiz yoki oila a’zolaringiz orasida shifokorlikni tanlaganlar bormi? – deyman Rustamning javobidan ko‘nglim to‘lgan bo‘lsa-da qiziqqonlik qilib.
– Yo‘q, oilamizdan hech kim tibbiyot sohasiga aloqador ham emas. Shuning uchun xususiy shifoxona qurishni niyat qildim-u uni amalga oshirishda biroz qiyinchiliklarga duch keldim. Bilmagan sohangizda ishni boshlash oson emas-ku. Ayniqsa, shifoxonani qaysi yo‘nalishda tashkil etish, qanday jihozlar olish kerakligi biroz o‘ylantirdi. Tanish vrachlar bor edi, ular bilan maslahatlashdim, xususiy klinika ochgan tadbirkorlar faoliyatini, tajribasini o‘rgandim. Yordam berganlar ko‘p bo‘ldi, shu bilan birga yana bir raqobatchi paydo bo‘lyapti, deb yo‘limdan qaytarishga uringanlar ham uchradi. Lekin tabiatim shunday – oldimga bir maqsad qo‘ydimmi, unga erishish uchun har qanday qiyinchilikni yengishga harakat qilaman, bilmaganimni o‘rganishdan erinmayman. Tadbirkorlikni ancha erta boshlaganman, maktabni bitirganimdan savdo sohasi bilan shug‘ullandim. Biri necha marta yiqilsam-da, turli to‘siqlarga uchrasam-da, to‘xtab qolmaganman, qiyinchiliklarni ishbilarmonlik bilan, bilim va tajribam bilan yengishga intilganman. Dastlab birovlardan mol olib sotgan bo‘lsam, keyin Xitoydan o‘zimiz olib keldik. So‘ngra ishlab chiqarishga o‘tdik. Paypoq va boshqa trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonamiz bor. Tibbiy markaz ochish harakatini boshlagach, bu ishlarni ukamga topshirdim. O‘zim bor e’tiborimni shu ishga qaratdim.
Bu binoni qurish ham oson bo‘lgan emas. Ikki yarim yil oldin bu yer ochiq maydon edi. Atrofdagi xonadonlarda yashovchilar bilan kelishib, yo‘l ochdim, alohida tabiiy gaz, elektr energiyasi tarmog‘i tortib keldim.
Ba’zida ayrim mutasaddilarning o‘zi vazifasiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lishi, tadbirkorlarni sarson qilishiga ham guvoh bo‘ldim. Vaholanki, yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun davlat tomonidan juda katta imkoniyatlar yaratib qo‘yilgan, ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berilgan. Ular buni bila turib, tadbirkorni sarson qilishini tushunmayman. Qonun-qoidani, o‘z haq-huquqimni yaxshi bilganim uchun men o‘z haqimni talab qila olaman. Ammo yangi ish boshlayotgan tadbirkorlar orasida bunday sun’iy to‘siqlar sabab to‘xtab qolayotganlar ham yo‘q emas.
Rustamning aytishicha, u shifoxona uchun hozircha 2 million AQSh dollari tikkan. Shuning hisobidan 80 bemor o‘rniga ega bino quribdi. Yevropa davlatlari, Xitoy va Rossiyadan yangi tibbiy apparatlar, laboratoriya jihozlari, jarrohlik va fizioterapiya vositalari olib kelgan.
Tibbiy markazda o‘n nafardan ortiq vrach, yigirma nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodim faoliyat boshlabdi. Terapiya, ginekologiya, xirurgiya, travmatologiya, lor, endokrinologiya, pediatriya kabi yo‘nalishlarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
– Jihozlarimizning aksariyati so‘nggi avlod texnologiyalari hisoblanadi, – deydi tibbiy markaz bosh vrachi Xurshid O‘rinov. – Masalan, jigar xastaliklariga to‘g‘ri tashxis qo‘yish imkoniyatiga ega Fibroskan apparati tumanimizda boshqa muassasalarda yo‘q, viloyatda ham sanoqli hisoblanadi. Shuningdek, multispiral kompyuter tekshiruvi, raqamli rentgen, ultratovush tekshiruvi uskunalarining ham eng zamonaviylari keltirilgan. Yaqin orada jarrohlik bo‘limi ham faoliyat boshlaydi.
– O‘zim tibbiyot sohasini yaxshi bilmaganim uchun yurtimizda va xorijda bo‘ladigan tibbiy jihozlar ko‘rgazmalarida mutaxassislar bilan birga borib qatnashdim, – deydi Rustam Vahobov. – Imkon qadar, eng so‘nggi rusumdagi jihozlarni olib kelishga harakat qildik. Hali yana boshqa apparatlar olib kelmoqchimiz, chet eldan mutaxassis chaqiramiz, yangi loyihalarimiz bor. Bu yerga sarflagan pulim daromad berishiga hali ko‘p vaqt borligini yaxshi bilaman. Hozircha topayotgan pulimiz xodimlar maoshiga, binoni saqlash xarajatlariga yetib tursa bo‘ldi. Muhimi, odamlarga yordamimiz tegsa, bemorlar bizning shifoxonadan shifo topib ketsa, albatta, topganimizda baraka bo‘ladi.
Mana shunday fikrdagi tadbirkorlar, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari dadil intiladigan yoshlar ko‘payotgani qanday yaxshi-ya.
G‘olib Hasanov.