Urgutliklarni qanday muammolar o‘ylantirmoqda? Hokimlik va mas’ullar bu haqda bilisharmikan?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari G‘ayrat Abdiyev va Navro‘z Rizayev tuman aholisi bilan o‘tkazgan uchrashuvlarda muammolar yuzasidan qator murojaatlar kelib tushdi.
- Biz hali ham maxsus bochkalarda tashib kelingan ichimlik suvini ichamiz. Hududimizda suv inshooti qurishda yordam bersangiz, - deydi Ispanza mahallasida yashovchi Inomjon Ma’diyev.
I.Ma’diyevning bildirishicha, bungacha yana bir muammoni hal etish lozim. Xususan, qishloqda elektr energiyasi ta’minotida tez-tez uzilish bo‘lib turadi. Bunga aholi soni ortib, iste’molchilar ko‘paygani tufayli mavjud transformatorning quvvati yetmayotganligi ham sabab bo‘lmoqda.
- Bu masalada ham ko‘makka muhtojmiz, - dedi mahalla ahli. - Hududdagi 7-maktabda esa sinfxonalar yetishmasligi sababli bolalar 2,2 koeffitsentda o‘qimoqda.
Soyg‘uslik Ali Abulxayrov qishloqda mobil aloqa yaxshi emasligidan shikoyat qildi.
- Urgutning chekka hududlariga to‘y-ma’rakaga boring, qo‘ng‘iroq qilib, hech kim bilan bog‘lana olmaysiz. Shu jumladan, bizning Soyg‘usda ham.
Urgut - tadbirkorlar yurti. Mobil aloqa tadbirkorning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishda eng kerakli vositalardan biri. Hududdagi shu muammoni bartaraf etishda yordam bersangiz, - dedi A.Abulxayrov.
Mazkur muammolar yuzasidan deputatlar tegishli tashkilotlarga so‘rov yo‘llashini aytdi.
Shuningdek, xalq noiblari tumandagi 143-umumiy ta’lim maktabida Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida uyushtirilgan tadbirda ishtirok etdi. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ispanzalik 98 yoshli Buron bobo Gadoyev hamda Torinjak mahallasida yashovchi 100 yoshni qarshilagan Temur bobo Po‘latovlar xonadonida bo‘lishdi.
Baxtigul QARShIYeVA.