Urush qatnashchilari va mehnat faxriylari e’zozda

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi hamda tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari tashabbusi bilan viloyatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va frontorti faxriylari holidan xabar olinib, ular bilan dildan suhbatlashilmoqda.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Samarqand tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari ham tumandagi front va frontortida xizmat qilgan nuroniy otaxon va onaxonlardan hol so‘raldi.

Dastlab, markaz xodimlari, tumandagi Nayzatepa mahallasida istiqomat qilib kelayotgan 95 yoshli Adolat ona Muhammadiyevaning xonadonida bo‘ldi.

O‘sha mash’um kunlarda Adolat ona ham Samarqand tumanidagi uzumchilik va bog‘dorchilik xo‘jaligida mehnat qilib, mevalar yetishtirishda qatnashdi. Mash’um urush yillaridagi og‘ir kunlarni matonat bilan yengib o‘tdi. Bugun onaxon 9 nafar farzandni voyaga yetkazib, 80 nafardan ortiq nevara hamda chevaralar ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.

Tumanning Qoziqo‘rg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi Tursunmurod Toshpo‘latov bugun o‘zining 98 yoshini qarshi olmoqda. Otaxon hali ham hovlisidagi bog‘larni o‘zi parvarish qiladi. Sakkiz farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan, 76 nafar nevara va chevaralarning suyukli bobojonisi suhbat jarayonida qo‘llarini duoga ochar ekan, yurt tinchiligi, farovonligini tiladi, bugungi dorilamon kunlar qadriga yetishimiz kerakligini ta’kidladi.