Urushda g‘olib bo‘lmaydi

Yoshligimiz kechgan o‘tgan asrning ikkinchi yarmida dunyo xalqlarining boshi uzra paydo bo‘lgan eng katta xatar atom urushi edi. Kunda bo‘lmasa, kunora matbuot, radio va televideniye orqali vodorod va neytron bombalari haqidagi dahshatli xabarlar tarqalardi. Ulardan birida aytilishicha, agar bombalar birdaniga portlatilsa, Yer kurrasi orbitasidan chiqib ketishi ham mumkin ekan.

Xayriyatki, Mixail Gorbachyov degan inson sovet hokimiyati tepasiga kelgach, bu dahshatli ehtimolga barham berildi. Sobiq SSSR va AQSh o‘rtasida yadro qurolini birinchi bo‘lib ishlatmaslik haqida shartnoma imzolandi. Asr oxirlariga kelib “sovuq urush”ga barham berildi. Insoniyat, nihoyat, yengil tin oldi.

Afsuski, XXI asrga kelib, bashariyat boshida yangi, yanada dahshatliroq qo‘shaloq xavf vujudga kelyapti. Bulardan birinchisi: iqlimning global isib borayotganligi.

Olimlarning fikricha, yer yuzidagi umumiy haroratning atigi bir darajaga o‘zgarishi ham qaytarilmas jarayonlarning boshlanib ketishiga sabab bo‘lar ekan. Bugun biz bu holatning dastlabki oqibatlarini ko‘rib turibmiz. Arktika va Antarktidadagi ming yillardan buyon saqlanib kelayotgan asriy muzliklar erib, okeanlar suv sathini ko‘tarmoqda. Bu bizdan uzoqdagi hodisalar bo‘lgani uchun ko‘pchilik e’tiboridan chetda. Ammo o‘zimiz suvidan bahramand bo‘lib turgan Pomir tog‘laridagi qadimiy muzliklarning uchdan bir qismi erib bitayotganini eshitib, kishi ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushadi.

Yaqinda matbuotdan Toyloq tumanidagi obi hayot - doimiy qaynab turgan buloqning qurib qolgani haqida o‘qib, o‘ylanib qoldim. Balki, bu buloqning qurishiga iqlim o‘zgarishlarining aloqasi yo‘qdir. Biroq nega uning asrlar davomida qurimagan ko‘zlari kelib-kelib bizning davrimizda «yumilib» qoldi? Bu kelajakda bo‘ladigan noxush hodisalarning debochasi emasmikan, degan o‘yga boradi kishi.

Yer sayyorasidagi azaliy yashil muhitlarning cho‘llanayotgani, ob-havo me’yori buzilib, fasllar bir-biriga aralashib ketayotgani, g‘ayriodatiy tabiiy hodisalar ro‘y berayotganligiga o‘zimiz ham guvoh bo‘lib turibmiz. Aytaylik, bizning mo‘’tadil iqlimimizda aprel-may oylarida haroratning manfiy darajaga tushib ketishi keyingi yillarda odatiy hol bo‘lib qoldi. Natijada, meva-sabzavotlarni sovuq urib ketishi holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Bundan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi zarar ko‘rmoqda. Olimlarimiz Yer atmosferasi iliqlashib borayotgan bir paytda sodir bo‘layotgan bunday g‘ayritabiiy hodisalarning tagiga yeta bilmayapti.

Insoniyatga xavf solib turgan zamonaviy xatarning ikkinchisi - bioterrorizm. Rivojlangan mamlakatlardagi minglab laboratoriyalarda odamlar sog‘lig‘ini saqlash borasida ilmiy tajribalar olib borilayotgan bo‘lsa, yana minglab shunday biolaboratoriyalarda biologik ajal qurollarini yaratish ustida ilmiy izlanish­lar o‘tkazilayotir. Keyingi kunlarda internet tarmoqlari orqali bu borada e’tiborga molik ikkita xabar tarqaldi. Ularning birida aytilishicha, amerikalik olimlar Stiven Kueya va Richard Myuller SARS-CoV-2 virusi sun’iy yo‘l bilan yaratilganligiga ishora qiluvchi isbotlarni jamoat hukmiga havola qilgan. Ularning bu haqdagi maqolasi «The Wall Street» nashrida chop etilib, koronavirus genomida uning laboratoriyada yaratilganidan darak beruvchi belgi mavjudligi bildirilgan. Ushbu belgi genomlar ketma-ketligida aks etgan bo‘lib, bunday hodisa tabiiy sharoitda deyarli vujudga kelmas ekan. Tabiatdagi mavjud koronaviruslarning deyarli barchasida bunday genomlar kombinatsiya­si shu paytgacha aniqlanmagan.

20 may kuni AQSh Kongressi vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi ham koronavirus Xitoyning Uxan shahridagi virusologiya institutidan tashqariga chiqqaniga ishora qiluvchi isbotlar borligini ma’lum qilgan.

Bu boradagi yana bir xabar Daily Beast nashrida e’lon qilindi. Unda yozilishicha, Xitoy davlat xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Dun Szinvey AQSh bilan hamkorlik qilishda gumonlanmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, amaldor AQSh hukumatiga COVID-19 virusining kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlarni berish uchun Gonkongdan qizi bilan Amerikaga qochib ketgan. Gumon qilinishicha, Dun AQSh prezidenti ma’muriyatiga Uxan virusologiya instituti to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Manbalarda aytilishicha, Xitoy ma’murlari qochoq amaldorni qaytarib berishni amerikaliklardan talab qilgan.

Biroq AQSh davlat kotibi Entoni Blinken buni rad etgan. Ko‘rinib turibdiki, shamol bo‘lmasa, daraxt shoxi qimirlamaydi, deganlaridek koronavirus pandemiyasi haqidagi barcha ma’lumotlar Uxandagi laboratoriyaga olib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari bu haqdagi xabarlarni tekshirish uchun Xitoyga safar qilishganda ularni xushmuomalalik bilan qabul qilgan bo‘lsalar-da, laboratoriyalarga kirish va ishni o‘rganishga ruxsat berishmadi.

Kovid kasalligini o‘z boshidan kechirgan kishi sifatida aytishim mumkinki, u kasallikdan ko‘ra, ko‘proq zaharlanish holatiga o‘xshab ketar ekan. Bundan tashqari, tabiiy xastaliklar odam tanasida u qadar og‘ir asoratlarni deyarli qoldirmaydi. Men esa, mana, qariyb bir yildirki, tamoman tuzalib ketganimcha yo‘q. Aksincha madorsizlik, qon bosimi, qonning quyuqlashishi kabi yangi dardlarni ham orttirib oldim. Shu ma’noda, ommaviy qirg‘inga sabab bo‘layotgan biologik tadqiqotlarga chek qo‘yish xuddi atom qurolidek taqiqlab qo‘yilishi zarur.

Yaqinda Jeneva shahrida AQSh va Rossiya Federatsiyasi prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv jahon hamjamiyati orasida yangi umidlarni paydo qildi. Ma’lumki, shu paytgacha bu ikki davlat orasiga tushgan sovuqchilik jahon afkor ommasini bezovta qilib kelayotgan edi. Uchrashuv deyarli katta samara bermagan bo‘lsa-da, tomonlar yadro urushi xatarining oldini olish, xalqaro terrorizmni jilovlash, qurollanish poygasiga barham berish singari dolzarb masalalarni muhokama qilishganining o‘zi diqqatga sazovor. Bu borada fikrlar bir joydan chiqmagan masalalar ham bo‘ldiki, ushbu muammolarni hal qilish uchun hali ancha-muncha harakat qilishga to‘g‘ri keladi. Kishida shunday tasavvur paydo bo‘ladiki, AQSh prezidenti Bayden Rossiya prezidenti Putin bilan emas, uning ortida turgan yadro kallakli raketalar bilan muzokara qilayotgandek. Nega desangiz, rus ma’murlari tomonidan zarur bo‘lgan taqdirda, atom qurollarini qo‘llash haqidagi do‘q-po‘pisalar hamon yangrab turibdi.

Bir paytlar sovet propagandasi bizga dunyodagi barcha muammolarning manbai imperialistik g‘arb dunyosi ekanligini iddao qilardi. Uning chirib, to‘kilib borayotgani va sanoqli umri qolganini aytardi. Ma’lum bo‘lyaptiki, bu gaplarning bari teskari ekan. Endilikda barcha illatlarning uyasi avtoritar diktaturalar hukmronligi ostidagi mamlakatlarda ekani ayon bo‘lib qolyapti. Hech bir urushda g‘olib bo‘lmaydi. Bunga tarixdan istagancha misollar keltirish mumkin. SSSR Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qilgan edi. Ammo tarix hukmi bilan dunyo xaritasidan o‘chib ketdi. Germaniya, Italiya va Yaponiya mag‘lub bo‘lgandi. Ko‘z o‘ngimizda ular dunyoning eng rivojlangan mamlakatlariga aylandi. Xulosa shuki, urush garchand, u g‘olibona bo‘lsa ham, aslida, mag‘lubiyat. Chunki u yemiruvchi kuch. Tinchlik esa mag‘lub bo‘lib ko‘rinsa-da, hamisha g‘olib, bunyodkor!

Xudoyberdi Komilov,

“Zarafshon”ning siyosiy sharhlovchisi.