Urushda halok bo‘lganlar xotirasi dillarimizda

9 may – tinchlik sharaflanadigan, urushga la’nat o‘qiladigan, qutlug‘ an’anaga aylangan kun. Xalqining bir yarim million a’zosini frontga kuzatgan, halok bo‘lgan besh yuz ming farzandiga aza ochgan, sog‘-omon, muzaffar qaytganlarini quchoq ochib kutib olgan O‘zbekiston uchun bu kun o‘zgacha aziz va mukarram.

Otajonim urushdan omon qaytib kelganida bayram, tantanalarda qatnashgan bo‘larmidi, bag‘rimiz to‘larmidi, deyman gohida. Otam Umirqul Haydarov G‘allaorolning O‘gat qishlog‘ida tavallud topgan. Taqdir taqozosi bilan Payariqqa kelib ishlab qolgan. Shu yerda onamga uylangan, uch farzand (bir qiz, ikki o‘g‘il) ko‘rishgan.

Tengqurlarining aytishicha, otam qishloq xo‘jaligida rais bo‘lib ishlagan. U halol, xushmuomala, mehribon, qo‘li gul inson sifatida obro‘-e’tibor qozongan. Texnikaga juda qiziqqani uchun birinchilardan bo‘lib patefon olgan, qishloqqa radiokarnay o‘rnatgan ekan.

Otam urush boshlarida birinchilardan bo‘lib frontga jo‘nagan, otliq kavaleriyada xizmat qilgan. Men unda juda yosh edim. Yurishga endi qadam tashlayotganimda otam suyab qolgani, erkalatgani esimda qolgan.

Onam Oysuluv Haydarova qora xat olgach, uch bola bilan qoldi. Dardi, alami, hissiyotini ichiga yutdi. O‘zini mehnat bilan ovutdi, kolxozda terimchi, zveno boshlig‘i bo‘lib ishladi, paxtadan katta hosil olib orden, medallarga sazovor bo‘ldi. Tuman kengashi deputatligiga saylandi. Umrini biz, bolalariga bag‘ishladi. Yemay, yedirdi, ichmay ichirdi. Bizga ham ota, ham ona bo‘ldi.

Ustozim, professor G‘aybulloh as-Salom bilan hamkorligimiz mevasi -  “Tolibnoma” asarimizda yozgandilar: “Xudo rahmati mushtipar volidasini ko‘rganman. Oh, o‘zbegimning onasi-ya. Ta’rifiga taraf yo‘q. Oting o‘chkur qirg‘inbarot urushda eri nobud bo‘libdi hamki, yostiqdoshini bu yoqda kutaveradi, kutaveradi... To bu dunyodan ko‘z yumganigacha. Yosh kelinchak  Oysuluv  farzandlari bilan boshi ochiq qolib ketadi. Jujuqlarini katta qiladi. Bizim ardoqli mutafakkir shoirimiz Abdulla Orif o‘zining go‘zal “Ayol” she’rini Saidiyning onasi haqida yozgan bo‘lsa kerak. Shunday emas, albatta, lekin – shunday! Shunday emasmi, shoiri zamonim?”.

Yillar o‘tgan sari otamni ko‘proq qo‘msadim, o‘limi tafsilotlarini bilgim kelaverdi. Qo‘shni kolxozda Sanaqul Ollonov otam bilan urushda birga bo‘lgani, yaqin qadrdonligini eshitgan edim. Oltmishinchi yillar oxirlarida, 9 may kuni ukam bilan tabriklagani bordik. Benihoya quvonganidan ko‘ziga yosh oldi. “Qarang, quroldosh og‘aynimning o‘g‘illari er yetishibdi, otamiz haqida bilganlaringizni aytib bering deb kelishibdi” dedi farzandlariga.

Sanaqul Ollonov otam bilan bog‘liq xotiralarini so‘zladi.

- Haliyam ko‘z o‘ngimda turibdi o‘sha kun. Yalanglikka chiqib oldinga yo‘l olayotgandik. Kutilmaganda nemis samolyotlari paydo bo‘lib, bomba tashlay boshladi. Darhol o‘rmonga chekinishga buyruq bo‘ldi. Hammamiz otimizga qamchi bosdik. Otangiz nimagadir sal kechikkanini sezdik, keyin bilsak oti ariq oldida sakramay bir zum tislanib qolibdi. Shunda uni bir snaryad parchasi tegib yiqitibdi. Samolyotlar qaytib ketgach, otangizni topib, janoza o‘qib, bir daraxt tagiga ko‘mib ketdik. Ko‘p yaxshi inson edi...

Bugungi tinch, osoyishta, farovon hayotimiz shahid jangchilar qoni, marhum insonlarning fidoyi mehnati evaziga ekanini bir zum unutishga haqimiz yo‘q. Buni hammaga, ayniqsa, yosh avlodga muttasil tushuntirib bormog‘imiz lozim.

Urushda halok bo‘lganlar xotirasi dillarimizda. Yaratganning inoyati bilan shu kunlargacha yetib kelgan urush qahramonlariga hurmat, e’tiborimiz beadad, ular oldida ko‘p qarzdormiz, burchdormiz.

Saydi UMIROV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.