Ustoz — qadri buyuk muallim!
Donolar aytadiki, tarix bir kunda yaralib qolmaydi. U jasoratli, fidoyi va yuksak ma’naviyatli shaxslar tomonidan shakllanadi. Binobarin, adliya organlari ham 100 yillik tarixga va bu tarixni yaratilishiga sabab bo‘lgan shaxslarga ega. Zotan, har bir sohada fidoyilik bilan mehnat qilgan ustozlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning maslahat va o‘gitlariga amal qilib yashash insoniylik fazilatining oliy namunasi hisoblanadi.
Adliya organlarida ham sohada ko‘p yillar samarali mehnat qilgan faxriylarga muntazam ravishda e’tibor qaratilib, ularni yo‘qlash, holidan xabar olish, ko‘mak berish ezgu an’anaga aylangan.
“Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirgan holda 29 sentyabr kuni 1 oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Samarqand viloyat adliya boshqarmasida adliya tizimida uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan va hozirda o‘z hayot saboqlari bilan shogirdlariga kamarbasta bo‘lib kelayotgan bir qator faxriylar hamda adliya organlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirokida “Avlodlar uchrashuvi” o‘tkazildi.
Dastlab, sana munosabati bilan boshqarma boshlig‘i S.Nuriyev va boshqalar so‘zga chiqib, barcha soha faxriylarini, ustoz va murabbiylarni bayram bilan qutladi hamda ko‘p yillik samarali mehnati, huquqni qo‘llash sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi, tizimga bilimli, intellektual salohiyatli kadrlarni tayyorlab berishdagi fidoyiligini e’tirof etdi.
Shundan so‘ng, faxriy ustozlar uzoq yillik mehnat faoliyati, tajribalari, tizimda amalga oshirilgan islohotlar haqida yig‘ilganlarga gapirib berdi. Uchrashuvda qatnashgan yoshlar, mutaxassislar bilan samimiy muloqotda bo‘lishdi. Tantanada faxriy ustozlarga Samarqand viloyat adliya boshqarmasining bayram sovg‘alari topshirildi.
Darhaqiqat, ustoz va murabbiylar, soha faxriylarining tizim rivoji uchun qo‘shgan hissasi, jasorati oldida doim ta’zimdamiz va ular bilan faxrlanamiz.
Tadbir davomida adliya faxriysi Alisher Mardiyevga O‘zbekiston Notarial palatasining “Notarial sohasiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni hamda soha rivojiga hissa qo‘shgan soha faxriylari bayram munosabati bilan palataning tashakkurnomasi, shuningdek, Samarqand viloyat adliya boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi. Bayram tadbiri so‘ngida faxriy ustozlar uchun dasturxon yozilib, suhbat bir piyola choy ustida davom etdi.