“Ustoz” sanatoriysi atrofidagi xavotirlar o‘rinlimi?
Zarnews.uz saytida e’lon qilingan “Ustoz” sanatoriyasi atrofidagi xavotirlar: O‘qituvchilarning yagona sihatgohi nega muammolar girdobida?” sarlavhali maqola yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Oqdaryo tumanidagi “Ustoz” sanatoriysi sobiq viloyat xalq ta’limi boshqarmasi qoshidagi “Ma’rifatparvarlar” jamiyati tomonidan moliyalashtirib kelingan.
Dastlab “Ma’rifatparvarlar” jamiyatining tashkil etilishi haqida ikki og‘iz so‘z: O‘zbekiston “Ma’rifatparvarlar” jamiyati viloyat bo‘limi 1999 yil 20 iyul kuni (1994 yildan faoliyat ko‘rsatib kelgan sobiq viloyat pedagogika jamiyati o‘rnida) tashkil etilgan.
Viloyat hokimining 2002 yil 19 avgustdagi № 234–Q-sonli qarori bilan foydalanilmay kelinayotgan “Jamoaqurilish tresti” balansidagi “Oqdaryo oromgohi” viloyat xalq ta’limi boshqarmasi balansiga o‘tkazilib, xalq ta’limi xodimlarining “Ustoz” salomatlik va ekologik tarbiya markaziga aylantirilgan. Ushbu markazda viloyat xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan va pensiya yoshidagi pedagog-o‘qituvchilar imtiyozli yo‘llanmalar orqali dam oladi.
Viloyat hokimining 2014 yil 6 maydagi № 89-Q-sonli qarori bilan 2002 yil 19 avgustdagi 234-Q-sonli qaror va uning ilovasi bekor qilinib, xalq ta’limi xodimlarining “Ustoz” salomatlik va ekologik tarbiya markazi - “Ustoz” sihatgohiga aylantirilgan hamda uning yangi Nizomi tasdiqlangan. Jamiyat nizomiga ko‘ra, viloyat xalq ta’limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar Mehnat kodeksining 164-moddasiga asosan, o‘zlarining shaxsiy arizasiga muvofiq jamiyatga a’zo bo‘lishadi va ish haqidan 1 foiz badal pulini tuman va shahar hududiy bo‘linmasiga to‘lab kelgan. Hududiy bo‘linmalariga tushgan summaning 50 foizi viloyat bo‘limiga kelib tushgan. Summaning asosiy qismi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi qoshidagi “Ustoz” sihatgohi faoliyatini moliyalashtirishga sarflangan.
“Ma’rifatparvarlar” jamiyati shu kungacha ba’zi hududlarda ishlab, boshqa joylarda faoliyat ko‘rsatmay kelgan. 2022 yilda ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan murojaatlar o‘rganilishi jarayonida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan kelgan ishchi guruh jamiyat tomonidan “badal yig‘ishda majburiy holatlar bo‘lyapti”, degan xulosa berilgach, jamiyat faoliyati to‘xtatilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston “Ma’rifatparvarlar” jamiyati viloyatni chetlab, jamiyat hududiy bo‘linmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublikaga o‘tkazish masalasini qo‘ygan, shuningdek, viloyatimiz pedagoglariga berilgan “Ustoz” sanatoriysiga ham da’vogarlik qilmoqda. Hatto ayrim bo‘linmalarning hisob-raqamlarini yopib, jamiyatning viloyat bo‘limiga tegishli “Matiz” rusumli xizmat mashinasini olib qo‘yib, faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari ham kuzatilgan. Ayni paytda “Ustoz” sanatoriysining viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufida ekanligini tasdiqlash yuzasidan sudga hujjatlar tayyorlanmoqda.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi.