Uy daftarini yangilash kimning tashabbusi?

O‘tgan hafta kechqurun uyga borsam, mahalladan yangi uy daftari berib ketishgani, aniqrog‘i 7 ming so‘mga sotishganini aytishdi. Bu nima uchun ekan, deb so‘rasam, eski uy daftarlarini almashtirish kerak ekan, deyishdi.

Hayron bo‘ldim, axir uy-daftari tegishli idoralardan berilar edi-ku. Kecha ertalab ishga kelayotganimda mahallaga kirib, yangi uy daftarining boisini so‘rayman, desam hali hech kim kelmagan ekan. Eski va yangi uy daftarini ayolimga berib, nima qilish kerakligini mahalla yoki shirkat xodimlaridan so‘rab ko‘rishni aytdim.

Avval obodonlashtirish boshqarmasiga borib ro‘yxatdan o‘tkazib, keyin tegishli ichki ishlar bo‘limiga borib, uyda yashovchilarni boshqatdan daftarga kiritish kerakligini aytishibdi.

Shu ishni ertaroq bajarib qo‘yay, deb bugun ertalab Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasiga bordim. Yangi daftarga muhr bosib, ro‘yxatdan o‘tkazib berishdi. Keyin Samarqand shahridagi 5-ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatiga murojaat qildim. Mas’ul xodimlar eski uy daftari yaroqli bo‘lsa, uni yangilashga xojat yo‘qligi va eski daftarlarni yangisiga almashtirish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmaganini bildirishdi.

Shirkat raisiga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirsam, bu ishdan xabari yo‘qligi, mahalladan so‘rab ko‘rishimni aytdi. Shundan so‘ng, mahallaga borishimga to‘g‘ri keldi.

– Uy daftarini yangilash kerak emas, eskisi yaroqsiz bo‘lsa, yangilashingiz mumkin, – dedi kotiba beparvogina.

– Unda nega yangi uy daftari berildi, nega bu haqda aytilmadi? – dedim asabiylashib.

– Bunga bizning aloqamiz yo‘q. Qaysidir bosmaxonami, nashriyotmi bu daftarlarni chiqarib, uyma-uy sotib yuribdi. Haliyam bizda 7 ming so‘mdan sotishgan, boshqa joylarda 10-11 ming so‘m ekan.

Ana xolos, Samarqanddek katta bir shaharda kimdir uy daftari chiqarib xohlagan narxida sotadi-yu bunga hech kim e’tibor bermasa. Axir shahar bedarvoza yoki egasiz emas-ku.

Umuman, uy daftarini yangilash kimning “tashabbusi” va bundan muddao nima? Uy daftarining orqasida muhri bosilgan Toshkent shahridagi “SAIDAZAMXON” mas’uliyati cheklangan jamiyati qanday tashkilot, uning faoliyat yo‘nalishi qanaqa?

Bu savollarga kim javob beradi?

G‘.HASANOV.