Uy-joy nizosi: U aslida qayerdan kelib chiqadi?

Bu kabi achinarli holatlar, afsuski, jamiyat hayotida tez-tez uchrab turadi. Buning asosiy sabablaridan biri shubhasiz, uy-joyning ro‘yxatdan o‘tkazilmagani va oila a’zolarining e’tiborsizligi bilan bog‘liq. Misol uchun, vasiyatnoma bo‘lsa-da, ota-ona vafotidan keyin ham uy-joy ularning nomida yillar davomida turaveradi.
Kelin 5-6 nafar farzand ko‘rgandan keyin ham yashab turgan uyiga ro‘yxatga qo‘yilmaydi. Bop ustiga nomida 15-20 sotixlab yeri bor otaxon yoki onaxonlar hayotdaligi paytida uni farzandlarga xatlab berish haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar.O‘tib ketgandan keyin esa, istasa-istamasa nizo kelib chiqaveradi. Xo‘sh, nuroniylarga ushbu makonni qonunga moslab o‘ziga va farzandlari nomiga 6 sotixdan rasmiylashtirishga nima xalal berayapti?
Yana bir sababi oilaviy ajrim kimning tashabbusi bilan bo‘lishidan qat’iy nazar, ayol bolalarini olib ota uyiga ketib qolayotgani bilan bog‘liq. Ikki oyog‘i bir etikka tiqilgan bechora ayol qaynona nomidagi hovliga sig‘may qoldi. Qaynona esa «donishmand» o‘g‘lining gapi bilan bu hovlini boshqa farzandiga hadya qiladi yoki sotib yuboradi. Qisqasi nima qilib bo‘lsa-da, kelinni uyga kiritmaslik uchun ming bir hiyla o‘ylab topiladi.
Ba’zan uy-joy bir kishi nomiga olinadi, ammo uni og‘zaki kelishuvga binoan boshqa bir odam quradi va yashaydi. Ba’zida «uka», «jiyan», «qayni»lar o‘zining nomidagiuydan uzoq muddat foydalanish mumkinligini bilib, «injiq»lik qilishadi. Mol-mulk, uy-joy borasidagi nizolarning kattagina qismi shu jarayonga tegishli.
Huquqiy savodsizlik pastligi va e’tiborsizlik ham bu nizolarning yana bir omilidir. To ichki ishlar xodimlari so‘ramaguncha ko‘pchilik pasportidagi yozuvlarni o‘qib ko‘rmaydi, yashash joyida ro‘yxatdan o‘tmaydi, manzilini o‘zgartirganda pasportiga qayd qildirmaydi.
Uy-joy nizosi tuffyli o‘zbekona qadriyatlarimizga putur yetayotgani yanada achinarlidir.Ota o‘zi yomon ibrat ko‘rsatgani, farzandlariga yaxshi tarbiya bermaganini tan olgisi kelmasdan «nomaqbul» farzandining «ko‘zini ochib qo‘yish maqsadida uni uy-joydan mahrum qiladi. Yoki buning aksi, noshud farzand ota-onasini ko‘chada qoldirish uchun bor hunarini ishga solib ko‘radi.
Yaqinda bir tanish sudya yozg‘irib qoldi: “Ota-bola, er-xotin, aka-uka, opa-singillarning bir-biriga bo‘lgan munosabatlarini ko‘rib, nahotki, shular bir oila bo‘lib yashashgan yoki bir ota-onadan tug‘ilgan bo‘lsa, deb o‘ylanib qolasan...”
Uy-joy nizolaridagi yangi holatlar - yangisini qurish bahonasida eski uylar buzilishi bilan bog‘liq. Ayniqsa, shaharlarda bunday holatlaroxirgi paytda ancha ko‘payib ketdi.Qishloq tumanlarida ham yo‘q emas.
Xo‘sh, shunday vaziyatda nima qilish kerak? 2-3 ta nizoni hal etib, o‘zimizni ovutib yuraveramizmi?
Nazarimizda, oilani himoya qilishning eng asosiy yo‘li uning har bir a’zosini ilmli, ishli, uyli qilish, ko‘p bolali, nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarni uy mehnati bilan band etish.
Lekin shuncha harakat va e’tiborga qaramasdan, ayrim hududlarda uy-joy nizosi barham topmayapti. Tajriba shuni ko‘rsatayaptiki, uy-joy nizosi faqat bitta oilaning tashvishi emas. Buning uchun jamoatchilik faolligi lozim. Shu o‘rinda ayrim takliflarimizni o‘rtaga tashlamoqchimiz.
Avvalo, kadastr xizmatida jiddiy islohot qilish zarur. Ro‘yxatdan o‘tkazilmay turli uy-joylarni o‘rganish va rasmiylashtirish bo‘yicha uyushtirilgan bir yillik aksiya tajribasi shuni ko‘rsatdiki, bu jarayon fuqarolar huquqiy ongiga ta’sir qilibgina qolmasdan, ko‘plab nizolarga ham barham berdi. Ana shu ishni ro‘yxatdan o‘tkazilmagan barcha uy-joylarga qo‘llash zarur. Ayniqsa aholini ro‘yxatga olish mavsumi oldidan bu tadbir juda ko‘p masalaga oydinlik kiritadi.
Ayni chog‘da jamoatchilik salohiyati va ta’siridan unumli foydalanish kerak. Hali shaxsiy uy-joyi yo‘q, ishlab maosh olmagan yigit-qizlar turmush qurgach, ota-onaga qaram bo‘ladi, ular aytganday yashashga majbur, shu sababli kelin-kuyovning sal noto‘g‘ri harakati katta yoshdagilarda salbiy munosabat uyg‘otadi. Demak farzandlarni uylantirish yoki turmushga chiqarish ularning mustaqil hayotga tayyor ekanini baholash ota-ona zimmasida. Bu burchni ular ongiga singdirish o‘rinlidir.
Fuqarolar o‘rtasida pasportga e’tiborni kuchaytirish, ro‘yxatdan o‘tishni tushuntirib berish ham uy-joy nizolarini kamaytirishga xizmat qiladi. Bu ishni mahalla oqsoqoli, profilaktika inspektori o‘z zimmasiga olmog‘i lozim.
Qolaversa,yillar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatlarimiznibolalar shuuriga singdirish choralarini kuchaytirishimiz kerak. Shariat, tartib-tamoyillari bilan, avvalo, ota-onalarni, katta yoshdagilarni xabardor etish fursati allaqachon kelgan. Tegishli tashkilotlar bu yuzasidan ommabop, oilabop risolalar, bolalar uchun albom, kitoblar tayyorlasa, televizorda maxsus ko‘rsatuvlar yo‘lga qo‘yilsa nur ustiga nur bo‘lardi.
Maqsad bitta – uy-joy bilan bog‘liq nizolarning oldini olish shu ma’noda, bu borada har qanday vositalardan foydalanish o‘rinlidir.Zero, xalqimiz “Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi”, deb bejiz aytmagan.
Farmon TOShEV, Oliy Majlis Senati a’zosi.
("Xalq so‘zi"ning 14 iyul sonidan)