«Uyma-uy» loyihasi asosida aholi muammolari hal etilmoqda

Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan jamoatchilik nazorat guruhlari shu yilning yanvar-fevral oylarida tumanimizda bo‘lib, aholi muammolarini o‘rganish maqsadida xonadonma-xonadon yurdi va 4 ming 300 dan ziyod muammo va kamchiliklarni aniqladi. Ularning ijrosiga bag‘ishlangan yakuniy yig‘ilishda viloyat hokimi E.Turdimov aholi tomonidan bildirilgan masalalarni hal etishni ta’minlash borasida deputatlar oldida turgan vazifalarga ham to‘xtaldi.
Shundan kelib chiqib biz, tuman kengashi deputatlari alohida reja va dastur belgilab oldik. Jumladan, «Uyma-uy» loyihasi asosida ayni kunlarda aholi muammolarini bartaraf etish bo‘yicha muayyan ishlarni olib boryapmiz.
Jumladan, 5-Oxunboboyev saylov okrugi hududidagi mahallalarda ham 4 oila uysiz, 20 ta kam ta’minlangan xonadonda ishsizlik mavjud, 7 ta nogiron farzandlari bor oila ijtimoiy ko‘makka muhtoj ekan. Oxunbobo, Tohirshayx va Bahrin kabi qishloqlarda ichimlik suvi masalasida, Fidokor va Bahrin mahallalarini obodonlashtirishda kamchiliklar bor. Ayni paytda ularga yechim topish maqsadida tegishli tashkilotga taklif kirityapmiz.
Hozirgacha hududimizda ikkita uysiz oila - Dilnoza Shakarova va Gulbahor Boymirzayevaga tuman hokimligi tomonidan uy berildi, Dilshod Normo‘minov va Karim Bekqulov oilalariga homiylar ko‘magida uy qurib berishni boshladik. Ularning biri qurilishi yakunlanib, oila a’zolari ko‘chib ham kirdi. Kam ta’minlangan oilalarning beshtasiga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilib, oila a’zolarini hunarmandchilik va tadbirkorlikka jalb qildik.
Tuman yo‘l qurilish idorasi Bahrin-Oxunboboyev qishloqlarini bog‘lovchi qariyb 3 kilometrlik yo‘lni ta’mirlab, tartibga keltirdi.
“Har bir oila - tadbirkor”, “Yoshlar - kelajagimiz” dasturlari asosida kredit ajratilishiga ko‘maklashyapmiz. Jumladan, Oxunbobo qishlog‘idan Uyg‘un Qodirov tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish uchun, Qahramon Aliqulov chorva mollari xarid qilish uchun, Bahrin mahallasidan Anvar Qurbonov, Olim Sartoyev issiqxona qurish uchun imtiyozli kredit oldi.
Xonadonma-xonadon yurib, aholi muammolari, odamlar takliflarini yil bo‘yi o‘rganamiz. Maqsadimiz - odamlarni o‘ylantirayotgan, ularni tashvishga solib, yechimini kutayotgan muammolarga barham berish, shu bilan birga tadbirkorlik qilishga, tomorqalaridan unumli foydalanishga chorlash, qo‘shimcha daromad ko‘rishlarini ta’minlash.
Abdurahmon VALIYEV,
xalq deputatlari Payariq tuman Kengashi deputati.