Uyquning inson salomatligiga ta’siri katta
Uyqu inson uchun hayotning ajralmas qismidir. Aholi o‘rtasida sog‘lom uyquni yo‘qotish sog‘liq, farovonlik, xavfsizlik va hatto bilim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Dunyo esa uyqusizlikning haqiqiy pandemiyasiga duch kelmoqda. Bu nimaga olib keladi va bunga qarshi qanday kurashishimiz kerak? Quyida uyquning inson salomatligiga ta’siri to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Uyqu va xotira
Bu bir-biriga chambarchas bog‘liq jihat. Negaki, inson uxlaganda kunlik ma’lumotlar qayta ishlanadi. Agar biz biror narsani yodlab olmoqchi bo‘lsak, uni obdon o‘qib, keyin yaxshigina uxlab olishimiz kerak. Uyg‘oqlik paytda miyamiz ma’lumot bilan to‘yingan bo‘lib, kechga yaqin biror bir narsani eslab qolishi qiyinroq kechadi, biroz uxlab olsak, miyani yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirishga tayyorlar ekanmiz.
Inson kechalari uxlamasa nima bo‘lar ekan?
Bu borada tadqiqot o‘tkazildi, ikkita ko‘ngillilar guruhining biri 8 soat uxladi, ikkinchisi esa bir kecha uxlamay chiqdi. Ertalab ular MRTga joylashtirildi va bir necha faktlarni eslab qolishlari va test topshirishlari so‘raldi. Uyqusiz ko‘ngillilar guruhi uxlaganlarga qaraganda vazifani 40 foiz sust bajardi. MRT yana shuni ko‘rsatdiki, gippokamp (miyaning xotira uchun javob beradigan qismi) uxlaganlar orasida juda faol bo‘lib, hushyor bo‘lganlar uchun deyarli harakatsiz edi. Bundan chiqdiki, uyqu qancha yomon bo‘lsa, eslash qobiliyati shunchalik yo‘qolar ekan.
Uyqu va fiziologiya
Inson qarishining fiziologik belgilaridan biri bu uyqu sifatining yomonlashishi (ayniqsa, chuqur fazada). Surunkali uyqusizlik (8 soatdan kam yoki 5-6 soat davomida uxlash) tanani 10 yilga qaritadi. Shuningdek, reproduktiv va yurak-qon tomiri tizimi bilan bilan bog‘liq muammolar boshlanadi.
Uyqu va immunitet
Uyqusizlik immunitetga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Agar bir kecha davomida uyquni 4 soatgacha kamaytirsangiz, leykotsitlar (immunitet tizimi hujayralari) faolligi 70 foizga kamayadi. Ushbu ko‘rsatkichlar nihoyatda qo‘rqinchli. Aynan immunitet tanqisligi va tananing bioritmlariga zararli ta’siri tufayli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) korxonalardagi tungi smenalarni sog‘liq uchun zararli deb tan oldi.
Uyqu va genlar
Bir hafta davomida ko‘ngillilar kechasi 8 soat o‘rniga 6 soat uxlaydigan tajriba o‘tkazildi. Shu vaqt davomida tanadagi 711 genning faoliyati buzilgan. Genlar yarmining faolligi oshgan, qolgan yarmi esa kamaygan. E’tiborlisi, saraton, surunkali yallig‘lanish, stress va natijada yurak-qon tomir kasalliklariga sabab bo‘ladigan genlarning faolligi ham oshgan. Immunitet uchun javobgar bo‘lgan genlarning faolligi esa kamaydi.
“To‘yib uxlash” mumkinmi?
Qoida tariqasida, uzoq vaqt uxlash unga ehtiyoj bilan birga keladigan kasalliklarning natijasidir. Obstruktiv uyqu apnoyesi (uxlash paytida nafas to‘xtashi), depressiya, virusli infeksiyalar va gipotireoz (qalqonsimon bez faoliyatining pasayishi) bilan bog‘liq muammolarga duch keladigan odamlar kerak bo‘lganidan ko‘proq uxlashadi.
Uxlash sifati insonning hayot tarziga bevosita ta’sir qiladi. Bioritmlarning buzilishi odamlarning tez uyquga ketishdan ko‘ra sekin uyqu fazasi bosqichida uyg‘onishiga olib keladi. Agar bu muntazam ravishda takrorlanib kelsa, u holda odam o‘zini bo‘shang va horg‘in his qiladi. Kelajakda bu surunkali charchoq, uyqusizlik, yurak-qon tomiri tizimi bilan bog‘liq muammolarga olib keladi.
Uyqu sifatini qanday yaxshilash mumkin?
Afsuski, tanada uyqusizlik xurujini qaytarishga qodir tizim mavjud emas, ammo biz uyqu sifatini yaxshilay olamiz va xavfni sezilarli darajada kamaytiramiz. Faqat oddiy qoidalarga rioya qilish kifoya:
- yotishdan oldin spirtli ichimliklar va qahvadan saqlanish;
- har kuni bir vaqtda yotishga odatlanish;
- xonadagi harorat salqin bo‘lishi, 18 daraja ma’qul.
Yodingizda bo‘lsin, uyqu hayot uchun eng kuchli obi hayot va inkor etib bo‘lmaydigan biologik ehtiyojdir.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.