Tuz bilan davolash – galoterapiya: Uning inson organizmiga ta’sirini bilasizmi?

Tuz nafaqat kundalik turmushda iste’mol qilinadigan tabiat mahsuloti, balki qimmatbaho tabiiy dori vositasi hamdir. Tuz bilan bemorlarni davolash tibbiyotda galoterapiya deb ataladi. Galoterapiyaning asl mohiyati tuz parlari bilan nafas oldirib, kasalliklarni davolash, sog‘lom turmush tarziga qaytarish, immunitetni mustahkamlashdan iboratdir. Ushbu davolash turi haqida batafsil ma’lumot olish uchun terapevt vrach Jamshid Nurmamatov bilan suhbatlashdik.
- Jamshid, ushbu davolash turi bo‘yicha ancha vaqtdan beri faoliyat yuritib kelayotgan ekansiz. Galoterapiya atamasi ko‘pchilikka noma’lum desak mubolag‘a bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? Bu davolash usuli qachon paydo bo‘lgan va meditsinaga qachon «kirib keldi?»
- Ko‘p yillar davomida insonlar tuz g‘orlaridagi mikroiqlimni sun’iy yaratishga harakat qilib keldilar. O‘tgan yuz yillikning o‘rtalarida bunga erishishdi va tibbiyotda yangi atama - «Galoterapiya» paydo bo‘ldi. Aslida, galoterapiya qadimdan bor edi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Qadimda kasal kishilar tuz g‘ori hamda tuz konlarida o‘zlarining umumiy ahvoli nisbatan yaxshilanganlarini kuzatishgan va davo topish maqsadida ana shunday joylarga tez-tez borib turishgan. Bu davo turining sababi vaqt o‘tib tekshiruvlar natijasida isbotlandi: u tuz g‘oridagi qulay mikroiqlim. Bu mikroiqlimning asosiy mezonlari bir xil (stabil) harorat, ma’lum darajadagi namlik va tuzning kichik zarrachalari havo muhitida ko‘p miqdorda bo‘lganligi hisoblanadi. Bu mezonlar inson organizmiga kuchli terapevtik ta’sir ko‘rsatadi. O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida olimlar tomonidan galoterapiyani bemorlarda qo‘llab, davolashda yaxshi natija kuzatishdi. Shundan so‘ng bu muolaja turi ko‘plab mamlakatlarda ommalashdi va samarali natijalar bilan foydalanila boshlandi.
- Galoterapiyaga murojaat qilish uchun tuz g‘orlari mavjud maskanlarga borish kerakmi yoki...
- Dastlab tuzli xonalarni faqat sanatoriy va dam olish joylarida uchratgan bo‘lsak, hozirda ko‘plab davolash - profilaktika muassasalarida galoterapiyani qo‘llash keng tarqalmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizning ko‘plab sanatoriy va davolash profilaktik muassasalarida sun’iy yaratilgan tuzli xonalardagi muhitni tabiiy tuz g‘orlaridagi kabi bir xil muhit bo‘lishiga erishilmoqda.
- Demak, bu davolash turidan foydalanish imkoniyati kengaymoqda, shundaymi?
- Albatta.
- Galoterapiyaning inson organizmiga ta’sir jarayoni qanday kechadi?
- Bu nomedikamentoz, ya’ni dorisiz usulda doimiy bir xil harorat va namlik, to‘yingan osh tuziga ega bo‘lgan havo muhitini organizmga ta’sir etishi bilan bog‘liqdir. Tuzning aerozol ko‘rinishidagi (aerozolning o‘lchami 5 mkm) kichik o‘lchamli zarrachalari nafas yo‘llarining eng kichik bronxiolalarigacha kirib boradi (shu sababli davolash samarali bo‘ladi) va uning devorlariga cho‘kadi. Natijada, bronxlardagi balg‘amni yumshatadi, shishgan to‘qimalardagi suyuqlikni o‘ziga so‘rib olish hisobiga bronxospazm kamayadi va balg‘amni chiqarish tezlashadi. Shuning bilan nafas tizimi obstruktiv sindromi bilan og‘rigan bemorlarning tez sog‘ayishi va kasallikning remissiya davrining uzayishiga yordam beradi.
- Galoterapiya nafas tizimi kasalliklari uchun foydalimi yoki boshqa kasalliklarda ham shifo topishga yordam beradimi?
- Bunday tuzli havo muhiti organizm uchun zarur bo‘lgan bir qator mikroelementlar saqlagani bois, muolaja faqatgina nafas tizimi kasalliklaridagina emas, balki bir qancha kasalliklarni davolashda ham qo‘llaniladi. Bular - oshqozon ichak tizimi; teri kasalliklari, asab tizimi kasalliklari, qalqonsimon bez faoliyatining buzilishlari, tez charchash, toliqish (asabiy va jismoniy) kasalliklardir. Shuningdek, ko‘p chekuvchilar, immuniteti pasaygan bemorlar, gripp va virusli kasalliklarning oldini olish va remissiya davrida juda foydalidir.
- Hozir tuzli xona bir qator mikroelementlarni saqlashini aytib o‘tdingiz, ammo ularning nomini aytib o‘tmadingiz? O‘sha mikroelementlar va ta’sir doirasi haqida ham to‘xtalsangiz?
- Mikroelementlar mavjud bo‘lgan havoda misol uchun, yod moddasi bor, u qalqonsimon bezning normal faoliyati uchun eng zarur bo‘lgan element. Yoki yurak-qon tomir tizimini faollashtiruvchi magniy. Kaliy-natriy - yurak kasalliklarida yurak faoliyatini va terida qon aylanishini yaxshilaydi. Kalsiy bor - immun sistemasini mustahkamlaydi va qon aylanishini yaxshilaydi. Qon tuzilmalarini yaxshilaydigan va gemoglobin tarkibiga kiruvchi temir moddasi; mis - moddalar almashinuvini va temirning so‘rilishini yaxshilaydi. Marganets - organizmdagi zararli toksinlarni yo‘qotishga yordam beradi. Rux - prostata bezi kasalliklarining oldini oladi, davolaydi va bo‘y o‘sishi buzilishlarida foydali. Selen - organizmni erkin radikallardan tozalaydi va xavfli o‘smalar kelib chiqishidan himoya qiladi. Shuningdek, galoterapiya qarish jarayonini ham sekinlashtiradi!
- Asosan qaysi kasallik turlarida ko‘proq foyda beradi?
- Nafas yo‘llari kasalliklari: bronxial astma (barcha turi va darajalarida), bronxitlar (o‘tkir va surunkali), bronxoektatik kasallikda, qiyin ajraluvchi balg‘amli yo‘tal, quruq hushtaksimon xirillashlar va yo‘tal bilan kechuvchi kasalliklar.
Lor kasalliklari: vazomotor renit, allergik renit, gaymorit, laringit va faringit, tubootit. Teri kasalliklari: atopik dermatit, psoriaz, yog‘li seboriya, husnbuzar, ekzema, terining ko‘p uchraydigan mayda o‘choqli yiringli kasalliklari.
Asab tizimi kasalliklari: asab tizimi funksiyasini yaxshilaydi, og‘riq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi xususiyati bor. Stress, charchoq va holsizlikda foyda beradi.
Qon aylanish tizimi: qon bosimini, qon tarkibini normallashtiradi, qon aylanishini yaxshilaydi, gemoglobinni oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, immunitetni normallashtiradi, kislota-ishqoriy balansni tiklaydi.
Bo‘g‘im kasalliklari: artroz va artritlarda foydali.
Yosh bolalarda immunitetni oshirish, O‘RVI va grippda ham samarali natija beradi.
- Bu davolash turi kimlarga mumkin emas?
- Hayotiy muhim organlarning og‘ir kasalliklari va asoratlar rivojlanganda. Jumladan, nafas va yurak, buyrak yetishmovchiligida, yuqori arterial qon bosimi va isitma bo‘lganda, xavfli o‘sma va unga shubha bo‘lganda va kloustrofobiya (muhitdan qo‘rqish)da mumkin emas.
Asliddin Mustafoyev suhbatlashdi.